Jamiyat | 14:55 / 02.06.2017
17924
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda xonadon o‘g‘rilari qo‘lga olindi (foto)

Foto: Toshkent shahar IIBB

2017 yilning 29 mart kuni taxminan soat 09:00 da, noma'lum shaxs o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, Sergeli tumanida joylashgan Dilshod Yaminovning (jabrlanuvchining anketa ma'lumotlari o‘zgartirilgan) xonadoni kirish eshigi qulfiga kalit tanlash yo‘li bilan, g‘ayriqonuniy ravishda kirib, 3.133.830 so‘mlik mol-mulkini o‘g‘irlagan, deb xabar bermoqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi. 

Mazkur holat yuzasidan Sergeli tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (o‘g‘irlik, ya'ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda uy-joyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, talon-toroj qilish) alomatlari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan edi. 

Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan olib borilgan tergov-tezkor tadbirlari natijasida, mazkur jinoyat Sergey Vladimirovich Zavodskoy va Aleksandr Viktorovich Buzichkinlar tomonidan sodir etganligi aniqlanib, ulardan turli xil kalitlar to‘plami va qo‘lqoplar daliliy ashyo sifatida olingan. 

Foto: Toshkent shahar IIBB

Bundan tashqari Zavodskoy va Buzichkinlar Toshkent shahri hududida kalit tanlash yo‘li bilan bir nechta o‘g‘irlik jinoyatlarini sodir etishganligi aniqlangan. Zavodskoy va Buzichkinga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. 

Yuqoridagi shaxsning xatti-harakatidan kimdir jabr ko‘rgan bo‘lsa, “102” telefon raqamiga yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar idoralariga murojaat etishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid