“Poytaxt Parking” atrofida munozara: jarima, e’tirozlar va izohlar
|23:00 / 16.07.202629 24711 min
Toşkent şahriga yölböyi pulli avtoturargohlar albatta kerak, lekin bu tizim avvalboşdan xatolar ustiga qurildi, deydi iqtisodçi Otabek Bakirov. Rasmiylar esa boşqa fikrda: şahar hokimi örinbosari Abdurahmon Baxtiyev bu loyihani hokimlikning boşqa loyihalari orasida eng muvaffaqiyatlisi deb atadi. Kun.uz tomonlar iştirokida oçiq muloqot taşkil qildi.
Toşkent şahar hokimligi yölböyi pulli avtoturargohdan foydalanib, pulini tölamagan şaxslarni BHMning 2 barobari (1 sentabrdan boşlab 880 ming söm) miqdorida jarimaga tortiş taşabbusi bilan çiqdi.
Hokimlik tegişli qonun loyihasini jamoatçilik muhokamasiga qöygaç, tarmoqlarda köplab munozaralarga sabab böldi.
Kun.uz mavzu borasida fikr almaşiş uçun Toşkent şahar hokimi örinbosari Abdurahmon Baxtiyev, jamoatçilik faoli va iqtisodçi Otabek Bakirov, “Streetpark Systems” MÇJ (yölböyi avtoturargohlar operatori) direktori Qudratbek Yoqubov va kompaniya huquqşunosi Davron Ahmadov iştirokida oçiq muloqot taşkil etdi.
Suhbat iştirokçilari yöl yoqasida maşinani qoldirib ketiş pulli bölişi – katta şaharlar uçun odatiy va zaruriy çora ekanini e’tirof etdi va muloqot mazkur tizim neçoğlik töğri taşkil etilgani, ma’muriy jarima joriy etişning asosliligi kabi masalalar atrofida keçdi.
Otabek Bakirov: Pulli avtoturargohlar mutlaqo zarur bölsa-da, 2024 yil noyabr oyidan boşlab Toşkent şaroitida pulli töxtaş tizimini yaratiş, şakllantiriş va rivojlantirişda yöl qöyiş mumkin bölgan barça xatolarga yöl qöyildi. Xatolar birinçi kundan, ya’ni pulli töxtaş tizimi böyiça birinçi auksionni taşkil etişdan boşlandi. Eng katta xato Toşkentning barça köçalarini bitta lot sifatida auksionga qöyiş böldi. Boşidanoq bitta investor yoki operator butun şaharni tartibga soluvçi tizim yarata olmasligi aniq edi. Da’vogarlarda bunday keng kölamli loyihani amalga oşiriş uçun zarur moliyaviy, texnik va huquqiy resurslar yetişmasdi.
Ikki yaxşiroq yöl bor edi. Birinçisi, biz bir neçta lotlar bilan auksionlar taşkil qilib, Toşkentda bir neçta operatorning işlaşiga imkon berişimiz kerak edi. Ikkinçi yöl, köplab Şarqiy va Ğarbiy Yevropa mamlakatlarida qöllangan “oçiq bozor” tizimini yaratiş edi. Bu modelda butun töxtaş tizimi munitsipalitet (hokimlik) nazorati ostida böladi va ma’lum mezonlarga javob beradigan har qanday operator xizmatlar körsatişi, tölovlarni amalga oşirişi va sodiqlik tizimlari hamda obunalar orqali raqobatlaşişi mumkin, bunda daromadni şahar oladi va operatorlarga komissiya tölaydi.
Mavzuga oid
2024 yil noyabr oyida 80 ta köçadagi taxminan 111 kilometr masofa bitta lot sifatida auksionga qöyildi. Bir kompaniya 120 milliard sömlik taklif bilan ğolib çiqdi, ammo ikki hafta ötgaç, auksion kutilmaganda bekor qilindi. Dekabr oyida yangi auksion ötkazildi va hozirgi faoliyat yuritayotgan kompaniya qariyb 62 milliard sömlik taklif bilan ğolib böldi.
Bir yarim yildan ortiq vaqt ötdi va biz hali ham operator va şahar hokimiyati örtasidagi şartnoma şartlarini bilmaymiz. Biz şahar majburiyatlari, operator mas’uliyati, investitsiya şartnomasining tafsilotlari yoki tomonlarning özaro huquq va majburiyatlarini bilmaymiz. Uşbu xizmat iste’molçilari sifatida bizda yetarliça ma’lumot yöq va bizning oldimizda heç qanday hisobdorlik mavjud emas. Biz avtoturargoh huquqi uçun 62 milliard sömlik tölovning qança qismi tölanganini hali ham bilmaymiz. Şuningdek, dasturiy ta’minot huquqlari uçun qança pul tölanganini ham bilmaymiz. Kompaniya 2025 va 2026 yillarda şahar rivojlaniş jamğarmasiga qança pul tölagani noma’lum. Şuningdek, investitsiya şartnomasi qay darajada bajarilganidan ham bexabarmiz.
Şahar hokimiyati taqdim etgan ma’lumotlarga köra, tanlangan kompaniya avtoturargoh tizimidan foydalanayotgan haydovçilarning atigi 2-3 foizidan tölovlarni yiğayotgani ma’lum böldi. Bu jiddiy muammo borligini aniq körsatadi va operatorni tanlaşda katta xatoga yöl qöyilganining yaqqol belgisidir.
Abdurahmon Baxtiyev: Birinçi auksion ğolibi 120 milliard sömgaça taklif bergan iştirokçi, ehtimol, bu bir martalik tölov emas, balki yillik ijara haqi ekani va uni tölay olmasligini anglagaç, voz keçgan. Ikkinçi örinni egallagan iştirokçi ham katta mablağ tölanişini tuşungaç, voz keçgan. Natijada auksion taşkilotçisi qonunçilik tartib-qoidalariga muvofiq auksionni avtomatik ravişda qayta boşlaşga majbur bölgan. Bunda heç qanday yomon niyat bölmagan; bu tabiiy, qonun bilan belgilangan jarayon edi.
Otabek Bakirov: Hozirda “Poytaxt Parking” sifatida faoliyat yuritayotgan yakuniy ğolib birinçi bekor qilingan auksionda iştirok etganmi?
Abdurahmon Baxtiyev: Ha, “Streetpark Systems” birinçi auksionda qatnaşib, yutqazgan. Bu kompaniya öşa vaqtda yangi taşkil etilgan bölgani, dastlabki ğoliblar voz keçib, yangi auksion ötkazilgaç, unda ğolib çiqqani vaziyatni taşqaridan qaraganda kelişilgan qilib körsatişi mumkin.
Otabek Bakirov: Nima uçun nazorat organlari tomonidan bu ğayrioddiy voqealar ketma-ketligi böyiça komplayens tekşiruv ötkazilmadi?
Abdurahmon Baxtiyev: Men joriy yil yanvarida şu lavozimga kelganimdan söng Korrupsiyaga qarşi kuraşiş agentligi bilan suhbatlaşganman. Ular ham şu parking masalasini örganib, qançalik töğri ekanini körib çiqişni söraşgan. Men örganiş olib borib, u yerda heç qanday xatolik bölmaganiga özim amin böldim.
Otabek Bakirov: Har qanday auksiondan maqsad iloji boriça qimmatroq sotiş bölişi kerak. Buning uçun esa talabgorlar sonini köpaytiriş lozim. Noyabrdagi auksion bekor bölganidan keyin, juda katta oçiqlik va reklama kampaniyasi ketişi, auksionga köproq kompaniyalarni, hatto xorijdan ham talabgorlarni jalb qiliş kerak edi. Lekin apil-tapil, zudlik bilan ikki haftaning içida qaytadan auksion ötkazilganining özi juda katta muammo.
Nima sababdan hatto katta summada xayriya qiladigan odamlar avtoturargohga kelganda 12 ming söm tölaşga qorni oğriyapti? Çunki ular 12 ming söm tölaş bilan şahardagi infratuzilmaning yaxşilanişi örtasidagi boğliqlikni körmayapti. Ular buyragi operatsiya bölayotgan odamga 1 mln söm berib, unga yordam berayotganini tuşunib yetyapti, lekin 12 ming söm tölab, Toşkent şahridagi tirbandlik yöqolişiga, jamoat transporti yaxşilanişiga işonmayapti. Muammo mana şu joyda.
Abdurahmon Baxtiyev: Köplab köçalar bitta lotda auksionga qöyilganiga kelsak, bu – şahar va Özbekiston uçun yangi tajriba hamda uni tez va bir xil standart asosida amalga kiritiş uçun yagona katta lot qilişga qaror qilingan. Sababi, bitta operator bilan şu mexanizmni işlab olib, hamma kamçiliklarni örganib olib, keyingi bosqiçlarda yangi hududlarni lotlarga bölib çiqarmoqçimiz.
Otabek Bakirov: Kesişuvçi köçalarni bitta lotga kiritiş raqobatga putur yetkazadi. Masalan, Buxoro köçasi, Matbuotçilar köçasi va Nuroniylar köçasi kesişuvçi köçalar bölgani uçun bitta lotga tuşmasligi kerak. Siz allaqaçon eng raqobatli, eng jozibador köçalarni birinçi lotda berib böldingiz va endi u yerda raqobat muhitini yarata olmaysiz.
Abdurahmon Baxtiyev: Men taşqaridan kelgan yangi odam sifatida loyihani tahlil qilganimdan keyin şunday tasavvur paydo böldi: boşqa şaharlarning tajribasida köça çetidagi parkovkalarni joriy etişga 10 yillab vaqt ketgan, bizda esa bir-bir yarim yil içida ma’lum bir tajriba şakllandi. Töğri, kamçiliklar bor, lekin baribir buni hokimiyatning boşqa loyihalariga nisbatan eng muvaffaqiyatlisi deb hisoblayman.
Otabek Bakirov: Auksion natijalari bekor qilinişi kerak, deb hisoblayman. Şartnoma bekor qilinib, hokimiyat butun parkovka tizimini özining nazoratiga qaytarişi va buni operatorlarga oçiq bozor tizimida taklif etişi kerak. Bu yerda şartli misol sifatida aytsam, Yandex ham, Uzum ham, banklar ham raqobatlaşişi mumkin. Şunda Toşkent şahar budjeti va iste’molçilar yutadi.
Abdurahmon Baxtiyev: Hokimiyat kelajakda raqobatni va avtoturargohlarda böş joy bölişini narx-navo bilan boşqarmoqçi. Donald Şoupning nazariyasiga köra, avtoturargohning bandlik darajasi 80-85 foizdan oşmasligi kerak. Bunga esa tarif bilan erişiladi. Masalan, San-Fransiskoda eng jozibador köçada narxni 1 dollardan 1,5 dollarga oşirib, kamroq talab bölgan köçalarda 50-75 sentga tuşirişgan. Biz ham har bir köça uçun özining tarifikatsiyasini joriy etib, ideal balansga olib kelmoqçimiz.
Auksionni boşqadan ötkaziş borasida hokimiyatning pozitsiyasi şundaki, yagona katta lot – tez va bir xil standartni joriy etiş uçun qilingan. Bu birinçi bosqiç uçun örtaça lot. Biz kelajakda, keyingi bosqiçlarda yana boşqa köçalarni lotlarga bölib, yangi auksionlarga çiqarişni rejalaştirganmiz. Bu oxirgi qaror emas.
Otabek Bakirov: Nima uçun operatorning tölovlari va ularning taqsimlanişi haqida oçiq ma’lumot yöq? Axir iste’molçi 12 ming sömni nima uçun tölayotganini va bu pul qanday taqsimlanişini bilişga haqli emasmi?
Abdurahmon Baxtiyev: Hozirgi kunga qadar jami 33 milliard söm olganmiz. Buning içida ikki xil tölov bor: ijara tölovi va avtoturargohdan tuşumning bir qismi. Ijara tölovining 65 foizi hokimiyatga, qolgan qismi esa bölinişga qarab boşqa taşkilotlarga tuşadi.
Bu yerda aniqlik kiritişimimiz kerak bölgan joyi bor. Ayrim sabablarga köra, biz şaharda yölböyi avtoturargohlar uçun auksionda öynalgan 13 mingta avtoturargoh örnining hammasini ham berolmadik. Qaysidir joylarda davlat standartlariga asosan, qaysidir joylarda yöl harakati xavfsizligini ta’minlaş zarurati tufayli yölböyi avtoturargoh qilişning imkoni bölmadi. Şu sababli 5300 ta joyga ruxsat berişga majbur böldik. Şu sababli yillik ijara tölovi auksionda belgilangan 62-63 mlrd söm miqdorida emas, avtoturargoh örinlari soni 13 mingtadan amalda 5300 taga kamaygani tufayli, şu miqdordan kelib çiqib amalga oşirilmoqda.
Munozarali keçgan suhbatni töliq video orqali tomoşa qilişingiz mumkin.