O‘zbekiston | 22:28 / 03.06.2017
25530
4 daqiqa o‘qiladi

Mutaxassislar: O‘zbekistondagi shaharlar 40 yil avvalgi rejalar bilan rivojlantirilmoqda

Foto: «Gazeta.uz»

3 iyun kuni Toshkent arxitektura-qurilish institutida "Arxitektura simpoziumi" bo‘lib o‘tdi. Unda germaniyalik mutaxassislar doktor Tilo Xilpert va Yyens Yordan toshkentlik arxitektorlar, shaharsozlar bilan zamonaviy shaharni rejalashtirish masalalarini muhokama qilishdi. Bu haqda "Gazeta.uz" nashri xabar bermoqda

Ko‘tarilgan mavzular orasida hududlarni rekonstruksiya qilish, jamoat transporti tizimlarini loyihalash va zamonaviy g‘oyalarni amaliyotga tatbiq qilish muammolari bo‘ldi. O‘zbekistonlik arxitektorlar va shaharsozlar o‘z nutqlarida shaharni rejalashtirish sohasida islohotlar zarurligini aytib o‘tishdi.

"Shaharsozlik bu boshqarmalar orasidagi muvofiqlashtirishni talab qiladigan murakkab sohadir. Bizga aqliy markaz kerak. Sobiq Ittifoq vaqtida bunday markazdan uchta bo‘lgan. Bugun O‘zbekistonda bunday markaz yo‘q. Uning yaratilishi juda muhimdir", deb aytdi institut kafedra mudiri, professor Muhammad Ahmedov.
 
Professorning aytishicha, bosh rejalarni tasdiqlashning amaldagi tartiboti juda ham byurokratik bo‘lib, modernizatsiya qilinishi lozim. Olimning fikricha, shaharni rejalashtirishda hali ham 1980-yillarning uslubiyatidan foydalanilmoqda.

"Bosh rejalarni tuzish bilan shug‘ullanuvchi institutlar jamiyat uchun ochiq emas. Rejani ko‘zdan kechirishning umuman imkoni yo‘q. Menda mavjud ma'lumotlarga ko‘ra xulosa qilishimcha, Toshkent bosh rejasi va O‘zbekistonning boshqa shaharlari rejalarida sobiq Ittifoq vaqtida mavjud bo‘lgan muammolar hal qilinmagan.  Xordali magistrallar kabi ba'zi g‘oyalar hanuzgacha amalga oshirilmoqda. Vaholanki, ular Toshkentning 1973 yildagi bosh rejasiga kiritilgan", deb aytdi institutning yana boshqa bir professori Shukur Asqarov.

Professor hukumat mahalliy mutaxassislarni shaharni yaxshilash ishiga jalb qilmayotganligidan shikoyat qildi. "Men, ehtimol, O‘zbekistonda "shaharsozlik" mutaxassisligi bo‘yicha yagona fan doktori bo‘lsam kerak. Mustaqillikning barcha yillari davomida bosh rejani muhokama qilish uchun men biror marta taklif qilinmaganman", deb aytdi professor. 

Germaniyalik mutaxassis, Berlin, Frankfurt, Filadelfiya, Damashq va Chendu shaharlaridagi loyihalar ustida ishlagan arxitektor Tilo Xilpert "Shahar-ferma" g‘oyasi haqida so‘zlab berdi. Uning fikricha, kelajakda yirik shaharlar aholisi oziq-ovqat bilan muammolarga duch keladilar, chunki uning iste'moli ishlab chiqarilishidan o‘zib ketmoqda.

Xilpertning fikricha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ishlab chiqarilishi muammosi shaharning o‘zida, yuqori texnologik vertikal bino-fermalar orqali hal qilinishi kerak.

Mutaxassis Toshkent haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashib, uni chiroyli shahar deb atadi. U, shuningdek, mahalliy arxitektorlarning ishlariga yuqori baho berdi.  

Simpozium Toshkentdagi Gyote-Instituti va TAQI tomondan "Neftdan keyingi shahar. Kelajak shahri tarixi" ko‘rgazmasi doirasida tashkillashtirildi. U 19 iyungacha Badiiy akademiya zalining markaziy ko‘rgazma zalida davom etadi.  

Simpozium doirasida TAQI talabalarining arxitektura loyihalari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Mavzuga oid