O‘zbekiston | 23:34 / 05.06.2017
131646
8 daqiqa o‘qiladi

Rog‘un GESi: Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi suv janjalini qanday bartaraf etish mumkin?

Foto: ent.tj

Rasmiy Dushanbe 2018 yil so‘ngiga qadar Tojikistonda barpo etilayotgan Rog‘un GESining biryo‘la uch agregati ishga tushirilishini xabar bergan. O‘zbekiston ushbu GES qurilishiga nihoyatda shubhali munosabatda. O‘zbekiston tomonining fikricha, ushbu to‘g‘onning barpo etilishi suvning ifloslanishiga sabab bo‘ladi, shuningdek, qishloq xo‘jaligi holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Bu bahslarni tartibga solishning imkoni bormi? Markaziy Osiyoning yagona energetik halqasining to‘laqonli qayta ishga tushirilishi qanday imkoniyatlarni taqdim etadi? «Yevraziya.Ekspert»ning ushbu savollariga «Markaziy Osiyoning suvdan foydalanish va suv-energetika resurslari muammolarini tadqiq etish instituti» (Bishkek, Qirg‘iziston) xalqaro jamoatchilik fondi eksperti Zulfiya Marat javob berdi.

— O‘zbekistonning Rog‘un GESi qurilishiga nisbatan e'tirozlari va xavotirlari nechog‘lik asosga ega?

— Yaqin qo‘shnilarning har qanday xavotirlari va tashvishlari albatta, doimo eshitilishi, bir necha bor muhokama etilishi va alal-oqibatda tarqatilishi kerak, chunki gap haqiqatdan ham baland tog‘ sharoitlarida barpo etilayotgan yirik gidroobekt haqida bormoqda. Ya'ni, loyiha o‘zining qurilish jarayonida ham, foydalanish jarayonida ham ma'lum bir, nazorat etib bo‘maydigan risklarga ega.

— 2012 yilda O‘zbekistonning Birinchi prezidenti Islom Karimov «Hammasi shu qadar chuqurlashishi mumkinki, bu nafaqat keskin qarama-qarshiliklar, balki urush ham keltirib chiqarishi mumkin», degan edi. Chindan ham mojaro o‘tkir fazaga o‘tishi mumkinmi?

— Ikki mamlakat prezidentlari Emomali Rahmon va Shavkat Mirziyoyevning so‘nggi uchrashuvlari ularning ezgu niyatlari tufayli muzokaralarning yangi bosqichlari boshlanishiga umid uyg‘otmoqda.

— GES qurilishi faqatgina O‘zbekistonning manfaatlariga daxl qiladimi? Qo‘shni davlatlarda, xususan, Qirg‘izistonda loyihaga munosabat qanday? Loyihadagi ziddiyatlar nimalardan iborat?

— Markaziy Osiyoning yagona energiya tizimi, ya'ni «energiya halqasi» sovet davrida yagona hududiy-ishlab chiqarish mintaqaviy kompleksi ehtiyojlari uchun yaratilgan edi. Tizim Tojikiston va Qirg‘izistondagi O‘rta Osiyo suv minoralarida «burab» ishga tushiriladigan «soz soat»dek ishlab turgan. Bu aksioma hozir unutilmoqda. Bizning barchamiz butun bir organizmmiz, mamlakatlarimizning energiya tizimlari bir-biridan ajratib bo‘lmas yaxlit tarkibiy qismdan iborat edi.

Energiya halqasi chastotasini sozlashni Quyi Norin GES kaskadisiz bajarish ilojsiz edi, suv va elektr energiyasining oqimlarini o‘zbek energetikasi aralashuvisiz tartibga solib bo‘lmasdi. Bahor-yoz mavsumlarida Qozog‘iston va O‘zbekiston dalalarini sug‘orish uchun GESlar barpo etilgan baland tog‘larda suvni iqtisod qilish uchun to‘rt davlat energiya tizimlari qishki va vegitatsion davrlarda o‘zaro oqim almashishga muhtoj. Buning o‘rniga, mamlakatlar o‘rtasida energiya halqasining qisman uzib qo‘yilishi tufayli 1991 yildan so‘ng o‘tgan ko‘p yillar mobaynida Qirg‘iziston va Tojikiston qishda GESlardan to‘liq quvvat bilan foydalanishga majbur bo‘lib qolishdi, bu esa daryolarning quyi qismida joylashgan davlatlar (O‘zbekiston va Qozog‘iston)da suv toshqinlari keltirib chiqara boshladi.

— Bunday vaziyat yana qanday xavf solmoqda?

— Yirik GESlarni yaqin qo‘shnilar ishtirokisiz barpo etish faqat mojaro potensialining yoyilishiga sabab bo‘ldi, bu esa turli ekstremistik kuchlar faollashuvi ehtimoli bor sharoitda o‘ta xavfli hisoblanadi.

Elektr energiyasini sotish ortidan keladigan har qanday foyda yaxshi qo‘shnichilik aloqalari o‘rnini bosa olmaydi.

Ijtimoiy-iqtisodiy ehtiyojlar tufayli Tojikiston va Qirg‘izistonda baland tog‘ daryolarining gidroenergetik salohiyatidan foydalanish zaruriyati daryoning qo‘yi qismidagi davlatlarda suv oqimining nazoratidan ularga qarshi siyosiy richag sifatida foydalanish xavotirini keltirib chiqaradi. Biroq, bir vaqtning o‘zida Qozog‘istonda ham, O‘zbekistonda ham suv resurslaridan oqilona foydalanish tartibi joriy etilishi lozim, buni Orol dengizining quriyotgani ham ko‘rsatib turibdi. Shu sababli, Markaziy Osiyo davlatlari o‘zaro ishonch muhitiga juda muhtoj.

— Bu ziddiyatlarni qanday bartaraf qilish mumkin?

— Fikrimcha, mintaqamizdagi barcha davlatlarning moliyaviy imkoniyatlari birlashtirilib, Tojikistonda Rog‘un GESining, Qirg‘izistonda Qambarota GESining qurilishi bilan bog‘liq muammolar ijobiy hal etilishi mumkin. Har qanday holatda, ularning ham aktivlari GESlar qurilishida hal qiluvchi hissa bo‘lishi kerak.

— Muammoni hal etishning hozirda biror dastlabki shartlari bormi?

— Mintaqada suv-energetika muammolarini muvaffaqiyatli hal etishning dastlabki shartlari mavjud, albatta. Shu kunlarda Olma-ota shahrida Markaziy Osiyo elektr energiyasi muvofiqlashtiruvchi Kengashining 26-majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘istonning «KEGOC» AJ, Tojikistonning «Barqi Tojik» OAXK, «Qirg‘iziston NECh» OAJ, «O‘zbekenergo» AJ, «Energiya» Markaziy Oisyo energiya tizimlarining muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbarlari ishtirok etishdi.

Majlisda Markaziy Osiyo Birlashgan elektr energiyasi tizimida elektr energiyasi tizimlarining ishonchli va mustahkam parallel ishlashining texnik va iqtisodiy foydalari, energiya tizimining vegitatsion va kuzgi-qishki mavsumdagi kutilayotgan ish rejimlari, shuningdek, 2017–2018 yilgi isitish mavsumiga tayyorgarlik doirasida ta'mirlash kampaniyasi muhokama etildi. Shuningdek, Markaziy Osiyoda yoqilg‘i-energetika va suv resurslaridan kompleks foydalanish haqida so‘z yuritildi.

— Ushbu vaziyatda hukumatlar va ekspertlik hamjamiyati qanday harakat qilmog‘i kerak?

— Nafaqat energetika sohasi ekspertlari va rahbarlari uchrashuvlarini tashkillashtirish zaruriyati, shuningdek, mintaqamizda GESlar barpo etish bo‘yicha boy tajribaga ega bo‘lgan Rossiya ishtirokida O‘rta Osiyo davlatlari va Qozog‘iston davlat sammiti kabi oliy darajadagi uchrashuvlar o‘tkazish lozim.

Mintaqa mamlakatlarining milliy elitalarining xudbinligi va o‘ziga xos energetik ayirmachiligidan voz kechib, davlatlardagi energiya obektlarining mulkchilik shaklidan qat'i nazar, mintaqaviy energiya halqasining to‘laqonli faoliyatini tiklash masalasi muhokama etilishi kerak.

— Mintaqaviy energiya halqasi qanday imkoniyatlar taqdim etadi?

— Yagona mintaqaviy energiya tizimi yaqin kelajakda Xitoy va janubiy-sharqiy Osiyo davlatlari bilan elektr energiyasi eksporti bo‘yicha raqobatbardosh muzokaralar o‘tkazish imkoniyatini yaratadi.

Bu holatda ularning hajmi va narxini Markaziy Osiyo davlatlari ehtiyojlariga yot bo‘lgan o‘z geosiyosiy manfaatlaridan kelib chiqadigan xalqaro kreditorlar klubi emas, o‘zimiz mustaqil ravishda belgilaymiz.

Markaziy Osiyo davlatlarining Yagona energiya tizimining kelajakdagi ravnaqi jahon trendlarini, energiya tizimlarining globalizatsiyasini diqqat bilan kuzatib borishni taqozo etadi. Buning uchun jahonning boshqa mintaqalari bozorini o‘z vaqtida o‘rganish talab etiladi. Ekspertlar bu masalada Yaqin Sharq davlatlariga e'tibor qaratishni tavsiya etishadi.

Yuliya Ruleva suhbatlashdi.

Mavzuga oid