Jahon | 13:53 / 07.06.2017
11272
3 daqiqa o‘qiladi

OAV: Janubiy Koreya THAAD tizimlarini joylashtirishni to‘xtatadi

Amerikaning THAAD raketalarga qarshi mudofaa tizimlarini Janubiy Koreyada joylashtirish vaqtincha to‘xtatiladi. Ularning atrof-muhitga ta'sirini jiddiyroq o‘rganish maqsadida shunday qaror qabul qilingan. Bu haqda Yonxap agentligi xabar qilmoqda

"Biz allaqachon o‘rnatilgan uchirish uskunalari va boshqa qurilmalarni olib chiqish kerakligi haqida gapirganimiz yo‘q. Biroq, biz qolganlarini olib kelishni biroz kutishimiz kerak", — deya prezident ma'muriyati vakili so‘zlarini keltiradi agentlik. 

Avvalroq, Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In ma'muriyati mudofaa vaziri o‘rinbosari Vi Sin Xoni THAAD majmualarining atrof-muhitga ta'sirini qasddan yashirganlikda gumon qilayotgani haqida xabarlar paydo bo‘lgandi. Yangi ma'muriyat ruxsatisiz olib kirilgan 4ta qo‘shimcha qurilmalar haqidagi ma'lumotlar Vi Sin Xo ko‘rsatmasi bilan ataylab hisobotdan o‘chirilgani aytilmoqda.

Mudofaa vaziri o‘rinbosari esa, haqiqatdan ham shunday ko‘rsatma berganini tan olar ekan, Janubiy Koreya va AQSh o‘rtasidagi THAAD bo‘yicha ma'lumotlarni tarqatmaslik to‘g‘risidagi kelishuvga asoslanganini aytmoqda. 

AQSh va Janubiy Koreya THAAD tizimlarini Koreya yarim orolida joylashtirishga 2016 yil yozida kelishib oldi. U zarurat paydo bo‘lsa Shimoliy Koreya ballistik raketalarini urib tushirishi kerak. THAAD (Terminal High Altitude Area Defense) qisqa va o‘rta masofalarga ucha oladigan raketalarni atmosferadan tashqarida urib tushirishga mo‘ljallangan. Koreya respublikasi mudofaa vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, THAAD radiusi 200 kmdan oshmaydi. 

THAAD Rossiya va Xitoy xavotirlariga sabab bo‘layotgan bir vaqtda, Yaponiya bu rejalarni ma'qullab, bu mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka xizmat qilishini qayd etmoqda. 

Janubiy Koreya hukumati THAAD majmualarini joylashtirish uchun ikki bosqichda 690 ming kvadrat metr yer maydoni ajratishga rozilik bildirdi. Mamlakatning hozirgi rahbariyatiga ko‘ra, AQSh RQM tizimlarining atrof-muhitga ta'sirini batafsil o‘rganmaslik maqsadida shunday qilingan. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid