Jahon | 20:24 / 08.06.2017
14818
2 daqiqa o‘qiladi

Putin Xitoy raisining Rossiyaga tashrifi yil voqeasi bo‘lishini aytdi

Foto: RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoy raisi Si Tszinpinning Moskvaga bo‘lg‘usi tashrifini ikki davlat munosabatlaridagi joriy yildagi asosiy voqea bo‘lishini aytdi. 

"Biz hozir ikki tomonlama munosabatlardagi bosh tadbirga – Sizning Rossiyaga kelishingizga tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz", deb aytgan Putin Si Tszinpin bilan uchrashuvda.

Putinning eslatib o‘tishicha, yaqinda Moskvaga Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I kelgan. U rossiyalik hamkasblari bilan birga Xitoy raisining Moskvaga kelishiga tayyorgarlik bilan shug‘ullangan. Putin bu tashrif "ikki tomonlama munosabatlardagi muhim va katta voqea" bo‘lishiga ishonch bildirdi.  

Si Tszinpin 8 iyunda Putin bilan uchrashuvda Rossiyaga yangi muvaffaqiyatlarga erishishni tilab qoldi. U, shuningdek, rossiyaliklarni yaqinlashib kelayotgan Rossiya kuni bilan tabrikladi.

"Sizning irodali rahbarligingiz ostida Rossiya davlat rivojlanishi va tiklanishi yo‘lida yangi muvaffaqiyatlarga erishishini chin dildan tilayman", deb aytgan Xitoy raisi. 

Xitoy yetakchisi joriy yilda turli maydonlarda Putin bilan ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazayotganini qayd qilib o‘tdi. "Bu Xitoy-Rossiya munosabatlari bugungi kunda yuqori darajada ekanligidan hamda strategik xarakter va barqarorlikka egaligidan darak beradi. Murakkab xalqaro vaziyat vaqtida bizning munosabatlar juda yaxshi rivojlanmoqda. Bizning hamkorlik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlovimiz dunyo uchun global miqyosda katta ahamiyatga ega", deb ishonch bildirdi Si Tszinpin. 

Ikki yetakchining avvalgi uchrashuvi 14 may kuni Pekinda "Bir makon, bir yo‘l" xalqaro forumi vaqtida bo‘lib o‘tgandi.

Xitoy raisining Moskvaga tashrifi iyul boshiga belgilangan. Si Tszinpin oxirgi marta Moskvaga 2015 yil mayida kelgandi.

Mavzuga oid