Sport | 18:33 / 08.06.2017
44639
4 daqiqa o‘qiladi

Shifokor futbolchiga jarohat yetkazgan. Surxondaryodagi ommaviy mushtlashuvda ishtirok etganlarga jazo qo‘llandi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Birinchiligining 13-turidan joy olgan «Surxon» — «Andijon» o‘yini ommaviy mushtlashuv bilan tugagan, o‘yin yakunida hakam 8 futbolchiga qizil kartochka ko‘rsatgandi.

Surxondaryodagi futbol uchrashuvi vaqtida ro‘y bergan ommaviy mushtlashuv videosi paydo bo‘ldi

PFL Termizdagi o‘yin voqeasini atroflicha o‘rganib chiqdi va ommaviy mushtlashuv ishtirokchilariga diskvalifikatsiya qo‘lladi. O‘yin vaqtida chetlashtirilgan sakkiz futbolchidan tashqari janjalda ishtirok etgan «Surxon» klubi shifokori ham jazolangan.

PFL reglamenti (Tartib-intizom kodeksi 5-modda, 2-bo‘lim, 5.40 bandi hamda 5-modda, 4-bo‘lim, 5.37 bandi)ni buzgani uchun «Surxon» va «Andijon» futbol klublari jarimaga tortildi.

«Surxon» klubi yarim himoyachisi Timur Mamadaliyev (Tartib-intizom kodeksi 3-bo‘lim, 5.45 bandi va «i», «p» bandlariga asosan) 9 ta uchrashuvga chetlatildi va jarimaga tortildi.

«Surxon» himoyachisi Sanjar Shomurodov (Tartib-intizom qo‘mitasi 3-bo‘lim, 5.45 bandi va «e», «i», «k», «o» hamda «p» bandlariga asosan) mavsum oxiriga qadar chetlatildi va jarimaga tortildi.

«Surxon» himoyachisi Najmiddin Normurodov 5 ta uchrashuvga diskvalifikatsiya qilindi va jarimaga tortildi.

«Surxon» hujumchisi Akmal Abdurahmonov 2 ta uchrashuvga chetlatildi va jarimaga tortildi.

«Surxon» klubi vrachi Fahriddin Abdusamatov agressiv hatti-harakatlari hamda «Andijon» PFK futbolchisiga jarohat yetkazgani uchun egallab turgan lavozimidan chetlatildi va bundan buyon O‘FF hamda PFL tasarrufidagi musobaqalarda ishlash vakolatidan mahrum etildi.

«Andijon» yarim himoyachisi Ibrohim Otaxonov 4 ta o‘yinga chetlatildi va jarimaga tortildi.

«Andijon» yarim himoyachisi Farhod Bekmurodov 3 ta uchrashuvga chetlatildi va jarimaga tortildi.

«Andijon» yarim himoyachisi Sanjar Asqaraliyev 4 ta uchrashuvga chetlatildi va jarimaga tortildi.

«Andijon» himoyachisi Akbar Xo‘jayev 2 ta uchrashuvga diskvalifikatsiya qilindi va jarimaga tortildi.

«Agar mazkur holat yana takrorlansa, «Surxon» va «Andijon» klublariga nisbatan yanada qattiqqo‘l choralar qo‘llaniladi. Shuningdek, har ikki klubning rahbarlari va murabbiylar shtabi egallab turgan lavozimlari muvofqiligi ko‘rib chiqiladi», deb yozilgan PFL saytida.

Reglament bo‘yicha bu bandlarni buzgani uchun klublarga quyidagi jazolar qo‘llaniladi:
a) ogohlantirish;
b) Oliy liga, birinchi liga, O‘zbekiston kubogi o‘yinlarini o‘tkazishda rasmiy majburiyatlarni bajarishdan diskvalifikatsiya qilish yoki ma'lum muddatga futboldan chetlatish;
v) jarima — 10.000.000 so‘m;
g) murabbiy litsenziyasini qaytarib olish;
d) Har qanday futbol faoliyatidan noma'lum muddatga chetlatish.

Ma'lumot uchun, «Surxon» klubi katta tanaffusdan so‘ng shu yil fevralida qayta tashkil etilib, Birinchi ligada ishtirokini boshlagan, «Andijon» jamoasi esa o‘tgan mavsum yakunida Oliy ligada oxirgi o‘rinni egallab, quyi ligada ishtirok etadigan bo‘lgandi.

Mavzuga oid