Jamiyat | 19:11 / 08.06.2017
13916
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg‘ona filiali joriy yilda talabalar qabul qilmasligi ma'lum bo‘ldi

Kun.uz tahririyatiga kelgan maktublar orasida Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg‘ona filiali joriy yilda talabalar qabul qilmasligi xususida savol bor edi: 

“Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali joriy yilda o‘z faoliyatini to‘xtatadi, degan xabarni eshitdik. Endi barcha talabalar Andijon Davlat tibbiyot instituti yoki Toshkent tibbiyot akademiyasida tahsil olar ekan. Bu yil qabul ham bo‘lmas ekan. Oliygohimiz rahbariyati bu haqida aniq ma'lumot bermadi. Shu haqida batafsil ma'lumot berishingizni so‘raymiz. Bu xabar qanchalik haqiqatga yaqin”, - deya qayd etilgan murojaatda. 

Shuningdek, murojaatda mazkur oliy o‘quv yurtida hech qanday moddiy texnik baza yo‘qligi, o‘qish uchun sharoit ham qoniqarli emasligi ham ta'kidlab o‘tilgan. 

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori Laziz To‘ychiyevga murojaat qilindi. 

“Joriy yilda Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filialida qabul bo‘lmasligi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonida ko‘rsatib o‘tilgan. Mazkur qarorning ijro mexanizmi Vazirlar Mahkamasida muhokama qilinmoqda. Hujjat tayyor bo‘lganida esa bosqichma-bosqich qanday ishlar qilinishi bizga ma'lum bo‘ladi. Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filialida bu yil qabul bo‘lmaydi. Uning faoliyati butunlay tugatilishi yoki bu jarayon qandaydir vaqt ichida amalga oshirilishi hujjat qabul qilingandan so‘nggina ma'lum bo‘ladi”, - deya qayd etdi Laziz To‘ychiyev. 

Ma'lumot o‘rnida: Tibbiyot oliygohlariga qaysi viloyatdan qancha talaba qabul qilinishi haqida avvalgi xabarlar orqali bilib olish mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid