Jahon | 23:32 / 09.06.2017
16439
5 daqiqa o‘qiladi

Ostonada EXPO-2017 xalqaro ko‘rgazmasi tantanali ravishda ochildi

Ostonada xalqaro ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma EXPO-2017 "Kelajak energiyasi" rasman ochildi. Ko‘rgazmaning tantanali ochilish marosimida Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev, 17 ta davlatning yetakchilari va hukumat rahbarlari, jumladan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.  

Ko‘rgazmaning markaziy ekspozitsiyasi "Nұr Әlem" sferasidagi Qozog‘iston paviloniga birinchi bo‘lib Nursulton Nazarboyev yetib keldi. U bu yerda qolgan davlatlar yetakchilarini kutib oldi.

Davlatlar yetakchilari kutib olingandan keyin ko‘rgazma bo‘yicha ekskursiya va Qozog‘iston ekspozitsiyasi bilan tanishish bo‘lib o‘tdi. Bu yerda ishtirokchilar birgalikda suratga tushdilar.

Marosimning tantanali qismi Kongress-xollda bo‘lib o‘tdi, so‘ngra u Amfiteatrdagi "Buyuk dasht simfoniyasi" konsert dasturi bilan davom etdi. Tomoshabinlar turli tarixiy davrlarga bag‘ishlangan va shu bilan bir-biri bilan yagona syujyetga bog‘langan alohida sahna chiqishlaridan iborat musiqiy-xoreografik spektakl guvohi bo‘lishdi.

Spektakldan keyin tomoshanbinlar maxsus tribunada o‘tirgan davlatlar yetakchilarini qarshilashdi. So‘ngra sahnaga Qozog‘iston bayrog‘i olib kirildi va Qozog‘iston madhiyasi yangradi. So‘ngra Xalqaro ko‘rgazmalar byurosi bayrog‘i olib chiqildi va uning madhiyasi ijro etildi.

So‘ngra sahnaga ko‘rgazmada ishtirok etayotgan 115 davlatning bayroqlari navbatma-navbat olib chiqildi. Nursulton Nazarboyev ko‘rgazmani o‘tkazish uchun joy tanlashda Qozog‘istonni qo‘llab-quvvatlagan barcha davlatlarga minnatdorchilik bildirdi. 

"2012 yil noyabrda Parijda 100 dan ortiq davlat vakillari bizga bu ko‘rgazmani o‘tkazishni ishonib, bizga yuqori sharaf bildirishdi. Men bizning arizamiz va taklif qilgan mavzuimiz qabul qilingani uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bunday miqyosdagi ko‘rgazma nafaqat bir davlat sa'y-harakatlari, balki ushbu ko‘rgazmada o‘zining yuqori natijalarini taqdim qiluvchi xalqaro hamjamiyatning mehnatidir. Ko‘rgazmaning mavzusini "Kelajak energiyasi" deb nomlab, biz ilmiy taraqqiyotning eng markazida bo‘lishni mo‘ljallaganmiz. Bugun biz samarali xavfsiz energiya sohasidagi yangi kashfiyotlar bo‘sag‘asida turibmiz. Ishonamanki, bizning ko‘rgazma bu global taraqqiyotga o‘z ulushini qo‘shadi. Millionlab qozog‘istonliklar, butun dunyodan kelgan yuz minglab mehmonlar dunyo ilmiy va muhandislik g‘oyalari, buyuk yutuqlar bilan tanishadilar. 6 mingta turli tadbirlar rejalashtirilgan. Biz, shuningdek, barcha istovchilarni viloyatlarimizga tashrif buyurishni, o‘ziga xos tabiat, tarixiy boylik bilan tanishishga taklif qilamiz. Siz qayga bormang, sizni samimiy mehmondo‘stlik kutadi", deb aytgan Qozog‘iston prezidenti.

Ko‘rgazma ochilishining rasmiy qismi tugagandan keyin "Nұr Әlem" sferasida proyektsion lazer shou va bayram salyuti namoyish qilinadi.

Ko‘rgazma tashrif buyuruvchilar uchun 10 iyundan ochiladi. Ko‘rgazma mavzusi muqobil energiya manbalari, "yashil" texnologiyalarni rivojlantirish va sayyoramiz ekologiyasini muhofaza qilishga bag‘ishlangan. Unda tiklanuvchi energiya manbalarini qo‘llash sohasidagi yangi ishlanmalar va yutuqlar namoyish qilinadi.  

Nursulton Nazarboyev bu katta ko‘lamli loyihani amalga oshirishda ishtirok etgan barchaga minnatdorchilik bildirdi.

Ko‘rgazmaga 2 mln dan ko‘proq odam tashrif buyurishi kutilmoqda. 

Shuningdek, ko‘rgazmada taqdim qilingan O‘zbekiston ekspozitsiyasi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Unda yurtimizda muqobil energiya manbalari sohasida erishilgan yutuqlar, ishlanmalar namoyish qilinmoqda.

O‘zbekiston pavilonining birinchi qavati 630 kvadrat metr maydonni egallagan bo‘lib, unda quyosh, shamol va suv energiyasi mahsulotlari, quyosh energiyasi stendida 2030 yilda avtomobillarni quyosh nuri yordamida qanday quvvatlantirish mumkinligi amalda namoyish etilmoqda va bu ko‘rgazma ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Pavilonning ikkinchi qavatida mamlakatimizning transport va logistika, turizm sohalari hamda oziq-ovqat, vino va sharbat tayyorlash sanoatida erishilgan yutuqlar, o‘zbek milliy taomlari namoyish etilmoqda.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid