Jahon | 14:25 / 09.06.2017
8518
2 daqiqa o‘qiladi

Putin ShHT a'zolarini Suriya va Afg‘onistondagi vaziyatni izga solishda faol harakat qilishga chaqirdi

Foto: © RIA Novosti

Shanxay hamkorlik tashkiloti a'zolari hududiy nizolarni, xususan Suriyadagi vaziyatni barqarorlashtirishda faol ish olib borishi kerak. Bu haqda Ostonadagi ShHT sammiti vaqtida davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi vaqtida Rossiya prezidenti Vladimir Putin gapirdi.

Putin "ShHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasining ahamiyati ortib borayotgani"ni qayd etib, bugun imzolanishi kutilayotgan ekstremizmga qarshi Konventsiya bu boradagi navbatdagi qadam bo‘lishini ta'kidlagan.

"Ishonamanki, biz birgalikda Yaqin Sharqdagi, jumladan Suriyadagi hududiy nizolarni bartaraf etishning siyosiy-diplomatik o‘zanida faol bo‘lamiz", degan Rossiya prezidenti.

Putin shuningdek, ShHT-Afg‘oniston kontakt guruhi faoliyatini tiklashni taklif etgan.

"Shubha yo‘qki, mintaqadagi hududiy barqarorlikni ta'minlash kaliti Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishdadir. Ko‘rinib turibdiki, vaziyatni harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmaydi. Rossiya, ShHTdagi boshqa hamkorlar kabi mamlakatdagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish tarafdoridir", degan Rossiya rahbari.

"Shanxay hamkorlik tashkiloti bu yo‘nalishda ham faol hamkorlik qilishi mumkin. 2009 yili to‘xtab qolgan ShHT —  Afg‘oniston kontakt guruhi faoliyatini tiklashni taklif qilaman", — deya qo‘shimcha qilgan Putin.

Mavzuga oid