Qurilish ishlarini o‘lda-jo‘lda bajarib, mablag‘ni o‘zlashtirish bilan shug‘ullangan korxona rahbari jazolandi
Nosir G‘ulomov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) rahbar bo‘lgan xususiy korxona faoliyati qurilish-montaj ishlari bilan bog‘liq edi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.
N.G‘ulomov shartnoma asosida hamkor tashkilotlardan buyurtma olar, qurilish ishlarini boshlar, afsuslanarlisi, ish nihoyasiga yetar-yetmas mablag‘larning bir qismini hamyoniga urish harakatiga tushib qolardi. Hisobot hujjatlariga esa “barcha ishlar yakunlangani, pullar joy-joyiga ishlatilgani” haqidagi qaydlarni kiritib, ularni hamkor idoralarga yuborardi. So‘ngra o‘sha idoradagi mas'ullar bilan “tillashib”, bu ishlarni “isi chiqmaydigan” qilib kelardi.
Bu kirdikorlari ortidan besh marta sudlanib, jinoiy javobgarlikka tortildi ham. Biroq bulardan u o‘ziga tegishli xulosa chiqarmagan ekan.
N.G‘ulomov xususiy korxona rahbari sifatida 2012 yilda “Qishloq qurilish invest” IK MChJ Namangan filiali bilan Pop tumani, “Vodiy” massivi hududida 4 ta namunaviy turar joy qurish bo‘yicha 194 mln. 312 ming so‘mlik pudrat shartnomasi imzoladi. Ammo qurilish ishlari boshlangach, uning “eski dardi” xuruj qildi. Uylardagi ishlar yakuniga yetmagan bo‘lsa-da, hisobotlarga 191 mln. 166 ming so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilgani haqidagi soxta yozuvlarni kiritdi. Aslida esa 89 mln. 894 ming so‘mlik qurilish-montaj ishlari mutlaqo bajarilmagandi.
N.G‘ulomov qilmishlarini davom ettirib, “Qishloq qurilish invest” IK MChJ Namangan filiali sobiq yetakchi mutaxassisi I.Soatov bilan jinoiy til biriktirgan holda qalbaki hujjatlar yordamida jinoyatini yashirishga urinadi. Natijada filial tomonidan xususiy korxona hisob raqamiga 160 mln. 500 ming so‘m mablag‘ ajratiladi. Ammo I.Soatov sodir etgan jinoyatining oqibatini o‘ylab, filial rahbari nomiga berilgan bildirishnomaga muvofiq xususiy korxona hisob raqamiga o‘tkazib berilgan mablag‘ning 31 mln. 379 ming so‘mini qaytarishga erishadi. Shuningdek, xususiy korxonani moliyalashtirish ham to‘xtatiladi. Lekin N.G‘ulomov bungacha 27 mln. 848 ming so‘m mablag‘ni o‘zlashtirishga ulgurgandi. Tayinki, uylar qurilishi o‘lda-jo‘lda qolib, bir necha yilga cho‘zilib ketadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tumani sudida N.G‘ulomovning mazkur jinoiy faoliyati atroflicha o‘rganilib javobgarlikka tortildi. U o‘zlashtirib, talon-toroj qilib yuborgan mablag‘ni joyiga qo‘yishga majbur bo‘ldi.
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
21:11 / 11.11.2024
Namanganda poyezd bilan to‘qnashgan Damas haydovchisi halok bo‘ldi
17:35 / 11.11.2024
Namanganda to‘yona ko‘rinishida pora olgan kadastr bo‘limi boshlig‘i 5 yilga qamaldi
09:30 / 07.11.2024