O‘zbekiston | 23:19 / 15.06.2017
14241
3 daqiqa o‘qiladi

"Ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi" mavzusidagi videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

15 iyun kuni Toshkent shahrida "Ijtimoiy barqarorlikni ta'minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi" mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbarlari, din arboblari, "Nuroniy" va "Mahalla" jamg‘armalari, Xotin-qizlar qo‘mitasi, "Kamolot" yoshlar ijtimoiy harakati faollari, hokimliklar, huquq-tartibot idoralari vakillari, ilm-fan va madaniyat namoyandalari, islomiy ta'lim muassasalari mutasaddilari va talabalari, jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

"Kun tartibiga qo‘yilgan masala, ya'ni, ijtimoiy-ma'naviy sohani yanada rivojlantirish, oilalarimiz, mahallalarimizda, butun jamiyatimizda sog‘lom muhitni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasi, tinch-osuda hayotimizni, muqaddas dinimiz pokligini asrash vazifasi bugungi kunda qanday ulkan ahamiyat kasb etayotgani haqida, o‘ylaymanki, ortiqcha gapirishning hojati yo‘q.

Nega deganda, aynan shu masalalar bizning bugungi va ertangi kunimizni, farzandlarimiz, nabiralarimiz taqdiri va kelajagini, bir so‘z bilan aytganda, hayot-mamotimizni hal qilishi hech kimga sir emas.

Har bir ongli insonni chuqur o‘ylantirib, tashvish va xavotirga soladigan bu masalalar haqida so‘z yuritishdan avval hozirgi vaqtda shu yo‘nalishda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga, dastur va loyihalarga qisqacha to‘xtalib o‘tish, o‘ylaymanki, maqsadga muvofiq bo‘ladi", - dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Shu o‘rinda O‘zbekiston taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilingani va uni hayotga tatbiq etish bo‘yicha faol ish olib borilayotgani ta'kidlab o‘tildi. 

Ushbu strategiya barcha soha va tarmoqlarda hayotimizga chuqur kirib, amaliy harakatlar mezoniga aylanayotganiga e'tibor qaratildi. Ayniqsa, 2017 yilning yurtimizda "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" deb e'lon qilingani bu borada katta ahamiyat kasb etadi. 

Shu yo‘ldagi amaliy qadamlar sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari hamda Virtual qabulxonasi tashkil etilishi va bu tuzilmalar o‘tgan qisqa davrda el-yurtimiz o‘rtasida fuqarolarning talab va ehtiyojlarini qonuniy asosda hal qilishda muhim rol o‘ynaydigan institutga aylanib borayotganini alohida qayd etib o‘tildi. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid