Jahon | 21:12 / 02.07.2026
1058
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Tbilisida Gurjiston prezidenti bilan muzokara o‘tkazdi

Mixail Kavelashvili bilan O‘zbekiston – Gurjiston ko‘p qirrali munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Gurjistonga davlat tashrifi doirasida 2 iyul kuni Tbilisi shahridagi Orbeliani saroyida prezident Shavkat Mirziyoyev va Gurjiston prezidenti Mixail Kavelashvilining muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston – Gurjiston ko‘p qirrali munosabatlarini yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari Gurjiston prezidentiga samimiy mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, ushbu mamlakatga davlat tashrifi so‘nggi 23 yilda ilk bor amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.

Parlamentlar, hukumatlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi 270 million dollarga yetdi, qo‘shma loyiha va korxonalar soni ortib bormoqda. Mamlakat Gurjistonning birinchi raqamli banki – TBC muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Toshkent bilan Tbilisi va Batumi shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston poytaxtida Gurjiston madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

O‘zaro savdo hajmini, jumladan, Poti va Batumi portlari salohiyatidan samarali foydalanish orqali yanada oshirish masalalariga ustuvor e’tibor qaratildi.

Farmatsevtika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, raqamli texnologiyalar va turizm sohalarida kooperatsiyani rivojlantirish uchun imkoniyatlar mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ishbilarmonlik, turistik va gumanitar almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish uchun hududlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida Shavkat Mirziyoyev Mixail Kavelashvilini mamlakatimizga tashrif bilan kelishga taklif etdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid