Jahon | 22:03 / 02.07.2026
855
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Gurjistonning oliy davlat mukofoti bilan taqdirlandi

Tbilisi shahridagi tadbirlar doirasida 2 iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyevni Gurjistonning oliy davlat mukofoti – “Oltin mo‘yna” ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston – Gurjiston ko‘p qirrali munosabatlarini rivojlantirishga qo‘shgan ulkan hissasi uchun davlat rahbariga ushbu mukofotni Gurjiston prezidenti Mixail Kavelashvili topshirdi.

O‘zbekiston yetakchisi Mixail Kavelashvili, bosh vazir Irakliy Kobaxidze hamda parlament raisi Shalva Papuashviliga yuksak mukofot uchun minnatdorlik bildirib, do‘st Gurjiston xalqiga tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.

1998 yilda ta’sis etilgan “Oltin mo‘yna” ordeni mamlakatning oliy davlat mukofotlaridan biri bo‘lib, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash hamda gruzin madaniyati, ilm-fani va san’atini targ‘ib etish borasidagi alohida xizmatlar uchun beriladi.

Ordenning nomi Oltin mo‘yna haqidagi qadimgi yunon afsonasi hamda hozirgi Gurjiston hududida joylashgan tarixiy o‘lka – Kolxida bilan bog‘liq.

Turli yillarda mazkur yuksak mukofot bilan Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II, Iordaniya podshohi Abdulla II, Germaniya kansleri Gerxard Shryoder, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Ozarboyjon prezidenti Haydar Aliyev va boshqalar taqdirlangan.

Shuningdek, davlat rahbari Orbeliani saroyining Faxriy mehmonlar kitobiga samimiy tilaklarini yozib qoldirdi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid