O‘zbekiston | 17:38 / 15.06.2017
32689
4 daqiqa o‘qiladi

Prezident uchrashuvda imom-xatiblarga jazoni o‘tash joylariga borib ishlash vazifasini qo‘ydi

Bugun, 15 iyun kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida «Ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi» mavzusida videoselektor bo‘lib o‘tdi. 

Yig‘ilishda tuman va shahar hokimlari, yoshlar va xotin-qizlar bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari, huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlari, xalq ta'limi, madaniyat, sog‘liqni saqlash, bandlik va mehnat munosabatlari, banklar, ma'naviyat-targ‘ibot markazlari rahbarlari, «Mahalla», «Nuroniy», «Kamolot» YoIH raislari, o‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi muassasalari va umumta'lim maktablari direktorlari, mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, ularning diniy-ma'rifat va ma'naviy axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilari ishtirok etdi. 

«Kun» manbasi bergan ma'lumotga ko‘ra, prezident mamlakatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni yaxshilash, yoshlarni turli tahdidlardan asrash, buning uchun hududda istiqomat qiluvchi DEO (diniy ekstremistik oqimlar) vakillariga imom-xatiblar hamda jamoatchilik vakillarini biriktirish va ular faoliyatini nazoratga olish, DEO a'zolarini sog‘lom hayotga qaytarish choralarini ko‘rish muhim vazifa ekanligini ta'kidladi. Yuqoridagi masalalarni hal etishda joylardagi imom-xatiblarning o‘rni katta ekanligiga to‘xtaldi. 

«Turli yot oqimlarga qo‘shilib, ular tarafida bo‘lish O‘zbekiston fuqarosiga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Xalqimiz orasida sog‘lom muhit bo‘lishi kimdan so‘raladi? Albatta imom-xatiblardan. Sizlar insonlar miyasida g‘oyaviy bo‘shliq paydo bo‘lmasligiga harakat qilishingiz zarur. Bir yosh yigitning yo‘ldan adashishi nafaqat bitta oilaning, balki butun yurtning kulfatidir. Mahallalardagi DEOga qo‘shilib qolgan yoshlarni bu yo‘ldan qaytarish imom-xatiblar vazifasidir» dedi prezident. 

Yig‘ilishda yot oqimlar ta'siriga tushib qolgan yoshlar bilan ish olib boruvchi imom-xatib, maslahatchilar, profilaktika inspektorlarining malakasini oshirish uchun kurslar tashkil etish masalasi ko‘tarildi. Yolg‘on g‘oyalarga aldanganlarni o‘z holiga tashlab qo‘ymaslik ularni ma'naviy hayotga qaytarish - «Jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashish» zarurligi uqtirildi.  

Prezident mutafakkir Abdulla Avloniyning: «Oliyjanob kishilar uzrni qabul qilur» degan so‘zlarini yodga olib, yot oqimga adashib qolganlar o‘z xatosini tushunsa, kechirilishi va ularning sog‘lom fikrlovchi jamiyatga qo‘shilishi yo‘lida imom-xatib va jamoatchilikni shijoat bilan mehnat qilish kerakligiga alohida to‘xtalib o‘tdi. Lekin, oqni oq - qorani qora deydigan payt kelgani, yot oqimga qo‘shilib, bu yo‘ldan qaytmasligi aniq bo‘lgan kimsalar O‘zbekiston fuqaroligidan chiqarilishi aytildi. Imom-xatiblar va jamoatchilik vakillariga jazoni o‘tash joylariga borib ish tashkil etish vazifasi qo‘yildi. 

Yig‘ilishda so‘z olgan O‘zbekiston musulmonlar idorasi rahbari, Xorazm, Namangan, Andijon viloyati rahbarlari, viloyat va tuman imom-xatiblari ijtimoiy-ma'naviy muhit barqarorligini ta'minlash yo‘lida olib borilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdilar. Ulamolar shu paytgacha DEO a'zolari bilan umumiylik nuqtai nazaridan shug‘ullanish samara bermagani, endilikda yangicha yondashuv bilan hamkor tashkilotlar yordamida har bir yot oqim vakili bilan alohida e'tibor bilan ish olib borilishi samarasi haqida o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi.

Prezident yig‘ilishda ko‘rilgan dolzarb masalalar bo‘yicha xalqqa murojaat qabul qilinishi haqida ko‘rsatma berdi.

Mavzuga oid