O‘zbekiston | 23:37 / 15.06.2017
10344
3 daqiqa o‘qiladi

Sh.Mirziyoyev: "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlarini ta'minlash – bu vaqtinchalik kampaniya emas!"

Virtual qabulxona va Xalq qabulxonalari o‘z faoliyatini boshlaganidan buyon o‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz bo‘yicha qariyb 890 mingga yaqin fuqaro ariza bilan murojaat qilgan. Ushbu murojaatlarning 93 foizi o‘rganilib, tegishli javob qaytarildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 iyun kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ma'lum qildi. 

"Murojaatlarning qolgan qismi esa, ayni paytda mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Alohida ta'kidlash zarurki, fuqarolarimizdan kelib tushayotgan murojaatlarning qariyb 80-90 foizi asosli va o‘rinli bo‘lib, ular yillar davomida e'tibor qaratilmasdan, to‘planib qolgan muammolar ekanini tahlillar ko‘rsatmoqda, - dedi davlat rahbari. - Bularning barchasi, ochig‘ini aytadigan bo‘lsak, katta-kichik bo‘g‘indagi rahbarlar, davlat va xo‘jalik organlari xodimlari xalq bilan muloqot qilishni deyarli unutib qo‘yganini, bu masala jamiyatimizda naqadar dolzarb bo‘lib turganini ko‘rsatadi.

Shu munosabat bilan men yana bir bor ta'kidlab aytmoqchiman: xalq bilan muloqot va inson manfaatlarini ta'minlash – bu vaqtinchalik kampaniya emas, balki davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib, doimo e'tiborimiz markazida turadigan masaladir".
 
Shu borada yana bir muhim institut – Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha Prezidentning davlat maslahatchisi xizmati tuzilgani qayd etildi.

Hozirgi kunda ushbu xizmat xodimlari tomonidan joylarda – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida sayyor qabullar tashkil etilib, aholining murojaatlari mahalliy davlat boshqaruvi idoralari vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilib, qonuniy hal qilinayotgani ta'kidlandi.
 
"Bu haqda albatta ko‘p gapirish mumkin. Lekin ana shu ishlarimiz, islohotlarimizning barcha-barchasi ulug‘ va yagona bir maqsadga qaratilgan. U ham bo‘lsa, xalqimizning tinchligi, osoyishtaligini asrash, aholi farovonligini oshirish, farzandlarimizni sog‘lom va barkamol insonlar etib tarbiyalashdan iborat.

Bugun sizlar bilan shu yo‘nalishda olib borayotgan ishlarimizni atroflicha tahlil qilib, ularni tanqidiy baholab, o‘z yechimini kutayotgan dolzarb vazifalarni belgilab olishimiz zarur", - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mavzuga oid