16:39 / 16.06.2017
13525

«Mahsulot ishlab chiqarishdan oldin unga bozor topish zarur» - Shavkat Mirziyoyev

Foto: O‘zA

Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 16 iyun kuni poytaxtning Uchtepa tumaniga tashrif buyurdi. 

«Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tijorat banklari tomonidan ishlab chiqarish korxonalarini moliyalashtirish, ularni imtiyozli kreditlar bilan ta'minlash bo‘yicha zamonaviy tizim yaratildi», deyilgan O‘zA xabarida.

Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki tomonidan Uchtepa tumanida 2017 yilda moliyalashtiriladigan loyihalar to‘g‘risidagi ma'lumotlar o‘zining istiqbolli yo‘nalishlari bilan ajralib turdi. Tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, qurilish materiallari, kimyo sanoati, mebel, farmatsevtika, charm-poyabzal kabi yo‘nalishlardagi 70 ga yaqin loyihada 1000 ga yaqin ish o‘rni yaratiladi. Yurxas MChJ tomonidan sifatli va jahon andozalari darajasidagi gazlama va matolarni bo‘yash sexi ishga tushiriladi. 2017 yilning uchinchi choragida foydalanishga topshiriladigan korxonada 60 ish o‘rni yaratiladi.

«Baykal-KMU» MChJ ham joriy yil yakuniga qadar o‘z faoliyatini boshlaydi. Yer unumdorligini oshirish uchun «Baykal EM-1» mikrobiologik o‘g‘itlari ishlab chiqaradigan korxona mahsulotlarini Turkiya, BAA, Hindiston va Pokistonga eksport qilishi kutilmoqda. Avikon tex, Urologic complex mas'uliyati cheklangan jamiyatlarida aholi salomatligini mustahkamlash, turli kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi.

«Ipoteka-bank» ishtirokida amalga oshirilayotgan loyihada mebel sanoati uchun dekor qog‘ozlar ishlab chiqariladi. Xitoy va Turkiyadan zamonaviy uskunalar olib kelib o‘rnatiladigan korxona 2018 yilda ishga tushiriladi. Bundan tashqari, bank ishtirokida 1 ming 200 tonna baliq mahsulotlarini qayta ishlash yo‘lga qo‘yiladi.

Yiliga 148 tonna quvur va 400 ming dona fiting ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Art Dekor Group MChJda 60 kishining bandligi ta'minlanadi.

Shavkat Mirziyoyev mahsulot ishlab chiqarishdan oldin unga bozor topish zarurligini alohida ta'kidladi.

Prezidentga 2017 yilda Uchtepa tumanining sanoat va xizmatlar sohasini rivojlantirish yo‘nalishidagi investitsiya loyihalari to‘g‘risida ma'lumot berildi. Ma'lumotlarda soha yo‘nalishlari, xizmatlar turi, yaratiladigan ish o‘rinlari, ajratiladigan mablag‘lar miqdori, ishlab chiqariladigan mahsulotlar turi o‘z aksini topgan.

Xalq banki tomonidan moliyalashtirilayotgan Artikor MChJ tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Yiliga 150 ming dona mahsulot ishlab chiqaradigan korxonada 60 kishi ishga joylashadi.

Prezident mazkur loyihalarni yanada takomillashtirish, ish o‘rinlarini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Top