Rahimberdi Rahmonov: “Biz - javonlarini idishlar emas, kitoblar to‘ldirgan xalqmiz”
O‘lkamizda Ramazon shukuhi kezib, dillarni ravshan etayotgan ekan, bu oyning fazlu marhamati sabab ma'rifiy mavzularda suhbatlashilmoqda, fikrlar almashilmoqda, iymonlar yanada quvvatlanib, ilm ziyosi oshmoqda. Ana shunday fayzli suhbatlardan biri Kun.uz jurnalisti va Toshkent shahar bosh imom-xatibi o‘rinbosari, poytaxtning “Xo‘ja Alambardor” jome masjidi imom-xatibi Rahimberdi Rahmonov o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Rahimberdi Rahmonov imom-xatiblarning ijtimoiy hayotdagi o‘rni haqida so‘zlar ekan shunday fikrlarni bildirdi:
“O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan din ulamolari, ilm egalari va ustozlarning o‘rni beqiyos”, - dedi Rahimberdi Rahmonov. - “Tarix davomida biz ulamoga ergashganmiz, ilmni qadrlaganmiz, olimlarni yaxshi ko‘rgan xalqmiz va aynan mana shu bilan daraja topgan xalqmiz. Bugungi mustaqillik zamonida ham, shukrlar bo‘lsinki, imom-xatibning so‘zi baland. Mustabid zamonida imom-xatib faqat o‘zining masjidida gapira olgan, boshqa yerlarda gapirishga unga ruxsat berilmagan. Bugunchi? Bugun hokimiyatdami, o‘quv dargohlaridami va yoki boshqa biror tadbirda bo‘ladimi imom-xatiblar ishtirok etmoqda, ularning so‘zi zalvorga ega bo‘lyapti. Odamlar bu gaplarni jon quloqlari bilan eshitib, tinglashmoqda.
Marhum Yurtboshimizning eng katta tashabbuslari bu ma'naviyatimizni yuksaltirish bo‘ldi. Bizning ma'naviyatning o‘zagi esa din hisoblanadi. Biz dindan ayro daraja topmagan xalqmiz. Tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, har qanday sohada u siyosiy bo‘lsin, iqtisodiy bo‘lsin, diniy bo‘lsin iymon bilan yashab, hayot tarzini o‘tagan holda yuksak darajalarga ega bo‘lganmiz.
Biz huquqiy-demokratik davlatmiz. Bu degani biz dindan yiroqmiz, degani emas. Muhtaram Yurtboshimiz har kuni “bismillah” deyaptilar, din ulamolarini qutlayaptilar. Borgan viloyatlarida kamida bittadan maqbarani ziyorat qilib, ularning obodonchiligiga e'tibor qaratmoqdalar.
Chunki ertangi kunda ma'naviyatimiz bilan bog‘liq bo‘lgan hurriyat, farzandlarimizning salohiyati, tarbiyasi, ertaga ulug‘ daraja topishimizdagi tamal toshi iymondan ayro bo‘lmagan hayot ekanligini barcha anglab yetyapti”.
Kitobxonlik madaniyati va targ‘iboti haqida to‘xtalar ekan Rahimberdi Rahmonov quyidagilarni ta'kidladi:
“Kitobxonlikka davlat darajasida targ‘ibotning boshlanishi – ulug‘ harakat. Kitob o‘qigan millat – ulug‘ millat bo‘ladi. Dunyoning qudratli mamlakatlari nima bilan qudratli, ilm bilan... Bundan 3-4 asr muqaddam eng katta strategiya – hudud hisoblangan. Bu, o‘z navbatida, mustamlakachilik siyosatining boshlanishiga olib kelgan. Keyingi davrlarda bu kurash maqsadi yer osti boyliklariga qaratildi. Bugungi kunda, ya'ni 21-asrda eng katta strategiya bu ilm bo‘lyapti.
Xalqimiz azaldan kitobxon xalq. Har bir xonadonda shomdan keyin kitobxonlik bo‘lgan. Bundan maqsad farzandlarga millat, din tarixini o‘rgatish bo‘lgan. Hozir ham bu xayrli ishlarni davom ettirish kerak. Chunki xalq o‘z tarixini kitob orqali o‘rganadi, o‘zligini mutolaa orqali anglaydi. Kitobga mehrni oshiradigan ota-ona bo‘ladi. Xonadonda kitob javoni bo‘lmas ekan, mening fikrimcha o‘sha xonadonda ma'rifat yo‘q, nur yo‘q. Biz - javonlarini idishlar emas, kitoblar bilan to‘ldirgan xalqmiz”.
Suhbatdoshimiz Rahimberdi Rahmonov bilan suhbatlashar ekanmiz inson ma'naviyatida va kamolotida dinning, ma'rifatning o‘rni naqadar baland ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldik. Ma'rifatli xalqning kelajagi porloq, to‘kisdir. Zero bunga shonli tariximizning o‘zi ham shohidlik berib turibdi.
Mavzuga oid
14:33 / 21.11.2024
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
11:43 / 20.11.2024
2025 yilda 252 ta yangi bog‘cha barpo etiladi
15:13 / 18.11.2024
O‘zbekiston va Qozog‘iston ta’limda qo‘shma dasturlarni amalga oshirishni muhokama qilyapti
20:17 / 05.11.2024