O‘zbekiston | 02:31 / 19.06.2017
65402
4 daqiqa o‘qiladi

Samarqand shahridagi Islom Karimov bilan bog‘liq yangi ziyoratgohlarda ish qizg‘in bormoqda

Samarqand shahridagi O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov dafn etilgan «Hazrati Xizr» ziyoratgohida keng qamrovli qurilish va rekonstruksiya ishlari davom etmoqda. Bu haqda Samarqand shahar hokimi 16 iyun kuni jurnalistlar bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida atroflicha hikoya qilib berdi.

«Hazrati Xizr» majmuasini yagona arxitekturaviy ansamblga aylantirish uchun quyidagi ishlar amalga oshiriladi:

- yangi maqbara atrofida milliy, ya'ni «Hazrati Xizr» majmuasi atrofidagi ayvonlarga uyg‘un tarzda yangi ayvonlar barpo etish;

- majmuaning yagona ansambl sifatida o‘zaro mushtarakligini ta'minlash uchun ziyoratga chiqish va tushish yo‘laklarini pasaytirishning arxitekturaviy yechimini topish, chiqish va tushish yo‘laklarining atrofini milliy uslubdagi marmar panjaralar bilan o‘rash, qariyalar chiqib tushishi uchun zamonaviy liftlar o‘rnatish;

- yilning to‘rt faslida ham ziyoratga keluvchilarga qulay bo‘lishi uchun namoz o‘qish joylari, tahoratxona, ehson qilish joyi, dam olinadigan so‘rilar qurish va atrofdagi yo‘laklarni ta'mirlash, avtomobillar to‘xtash joyi va ziyoratchilarning yurib kelishi uchun alohida qulayliklar yaratish, yo‘lning ikkala tomonidagi qabriston devorlarini qayta qurish va obodonlashtirish bo‘yicha kompleks loyihalarni ishlab chiqish;

- Toshkent ko‘chasi bo‘ylab joylashgan «Shohi Zinda» qabristoni devorini tasdiqlangan loyiha asosida rekonstruksiya qilish, yo‘laklarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirish bo‘yicha topshiriqlar ijrosi o‘z vaqtida amalga oshirilmoqda.

«Hazrati Xizr» ziyoratgohida qurilish va rekonstruksiya ishlarini olib borish bosh pudratchi «ToshBoshPlanLITI» davlat unitar korxonasi, qurilish bo‘yicha bosh pudratchi tashkilot — «Sarmoya qurilish servis» MChJ tomonidan; hojatxona, tahoratxona, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini moliyalashtirish viloyat mahalliy byudjyeti mablag‘lari hisobidan, Toshkent, Rudakiy, Shohi Zinda va Vohid Abdullayev ko‘chalarini rekonstruksiya qilish va ko‘prik qurish Respublika yo‘l jamg‘armasi hisobidan amalga oshirilmoqda.

Qurilish ishlari jadal davom etmoqda. «Hazrati Xizr» majmuasida maqbara kompleksi qurilishi bo‘yicha pudratchi tashkilot «Trest-12» bilan Samarqand viloyat hokimligi Injiniring kompaniyasi o‘rtasida 12 mlrd. 420 mln. so‘mlik shartnoma imzolangan.

Samarqand shahridagi «Yo‘lbarslar xiyoboni»da O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.Karimovning haykali o‘rnatilishi munosabati bilan hududda mavjud bino va inshootlar buzilishi bilan bog‘liq mablag‘larni Vazirlar Mahkamasining qarori talablari asosida to‘lab berilishini ta'minlash masalasi ham belgilangan tartibda olib borilmoqda.

I.Karimov haykali o‘rnatilishi munosabati bilan «Yo‘lbarslar xiyoboni»da 50 ta noturar joy obektlari to‘liq buzildi. Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda mulk egalariga 4 mlrd. 270 mln. so‘m tovon puli baholangan.

Anjumanda shahar hokimi V.Rahimov «Yo‘lbarslar xiyoboni»dagi 2 ta yo‘lbars haykalini ham shaharning boshqa hududiga ko‘chirish haqida shahar hokimining qarori chiqqani, ular Ruhobod maydoniga ko‘chirilishi aniq bo‘lganini aytib o‘tdi.

Sh.Shokirjonov

Mavzuga oid