Samarqandlik yosh jurnalistlarga sertifikatlar topshirildi (foto)
Samarqand viloyatining bosh nashri — «Zarafshon» gazetasi qoshida tashkil etilgan jurnalistik mahorat markazi faoliyat boshlaganiga o‘n yil to‘ldi. Bu vaqt mobaynida markaz jurnalistikaga ishtiyoqmand ikki yuzdan ortiq yoshlarni tarbiyalab berdi. Bugun bu yoshlarning o‘ttizdan ortig‘i mamlakatning turli hududlaridagi gazeta-jurnallarda, radio-televideniyeda mehnat qilmoqda.
«Zarafshon» gazetasi qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan markazga barcha ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan yoshlardan 20 nafari saralab olinmoqda. Yosh jurnalistlar haftaning ikki kunida «Zarafshon» gazetasi, qolaversa, Samarqand viloyatida OAVlarida faoliyat ko‘rsatayotgan taniqli jurnalistlar, huquqshunoslar, tilshunos olimlar tomonidan mahorat saboqlari olishdi.
— Markazda o‘qishlari davomida tinglovchilarni bosmaxonalarga, televideniye studiyalari, radioga tanishtirish uchun olib bordik, shuningdek, internet jurnalistika sirlari bilan yaqindan tanishtirdik. «Samarqand kitob olami» ma'naviy-ma'rifiy markaziga sayohat tashkillashtirdik, — deydi o‘quvchilarning ustozlaridan biri Mannob Ibodullayev.
«Zarafshon» gazetasi yosh jurnalistlar uchun maxsus sahifa tashkil qilib borilayotgani, bundan tashqari, markaz tinglovchilarining Ziyo nomli ramziy gazetasi bo‘lib, undagi maqolalar tinglovchilar tomonidan tayyorlab kelinadi.
O‘quvchilarga sertifikat topshirish marosimida «Zarafshon» gazetasi bosh muharriri Farmon Toshev so‘zga chiqib, bu yilgi tadbir markazning o‘n birinchi bitiruvchilarini taqdirlash marosimi bo‘layotgani bilan o‘z so‘zini boshladi.
«Markaz dastlab OAVni qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti asosida bundan o‘n yil muqaddam tashkil etilgan esa-da, unga qiziqish shu darajada yuqori bo‘ldiki, keyinchalik markazni «Zarafshon» gazetasi homiyligida davom ettirishga qaror qildik. Bu yerda ta'lim olgan iqtidorli yoshlarning bugungi kunda jurnalistika o‘z o‘rniga ega bo‘lib borayotganini ko‘rib, to‘g‘ri yo‘l tanlaganimizga amin bo‘lmoqdamiz», — dedi F.Toshev.
Shuningdek, so‘zga chiqqanlardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi Nigora Rabbimova, viloyat musiqali drama teatri direktori Bahodir Sharopov, «Past Darg‘om haqiqati» gazetasi muharriri Baxtiyor Shukurov, tojik tilida chop etiluvchi «Ovozi Samarqand»gazetasi bosh muharriri Baxtiyor Jumayev so‘zga chiqishdi va bu yil markazni bitirayotgan 22 nafar tinglovchini tabriklashdi, ularning barchasiga kurs tinglovchisi bo‘lgani xususidagi sertifikatlarni topshirib, kelgusidagi ishlarida ijodiy zafarlar tilashdi.
Markazning Sirojiddin Xalilov, Parvina To‘raqulova kabi tinglochilari so‘z olib, ularni o‘qitgan, kasb sirlarini o‘rgatgan ustozlari Tolib Jo‘rayev, Tohir Norqulov, Gulrux Mo‘minova, Akrom Haydarov, Ubaydulla Sirojyev, G‘olib Abdusalomov, Mannob Ibodullayev va boshqalarga samimiy minnatdorchilik bildirib, olqish yog‘dirishdi.
Shuhrat Shokirjonov,
Kun.Uz muxbiri.
Mavzuga oid
21:44 / 01.11.2024
Samarqandda avtobus salonini ayollar va erkaklar uchun ajratgan haydovchiga chora ko‘rildi
11:44 / 31.10.2024
Samarqandda yo‘lovchi avtobusi traktor tirkamasi bilan to‘qnashdi
14:23 / 29.10.2024
Samarqandda savdo do‘koni yonib ketdi
19:09 / 28.10.2024