Jamiyat | 19:35 / 21.06.2017
4828
2 daqiqa o‘qiladi

Kinoloyihalar, milliy va xorijiy filmlarni professional baholash klubi tashkil etildi

Xususiy kinostudiyalarning ijodiy faoliyatiga ko‘maklashish, ular tomonidan yaratiladigan filmlarning sifati va badiiy darajasini oshirish, yoshlarning ma'naviy va ahloqiy ongini turli yot g‘oyalardan himoya qilish, ommaviy madaniyatning kirib kelishining oldini olish maqsadida “O‘zbekkino” Milliy agentligi va Kinematografiyani rivojlantirish markazining 2017 yil 19 iyundagi Qo‘shma qaroriga asosan Kinoloyihalar va kino mahsulotlarni (filmlarni) professional baholash Interaktiv munozara klubi faoliyati tashkil etildi.

Interaktiv munozara klubining asosiy maqsadi kinoloyihalarni va Respublikadagi kinoteatr va kinozallarda namoyish qilinayotgan milliy hamda xorijiy filmlarni professional baholash va ushbu haqdagi axborotlarni jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir.

Interaktiv munozara klubida kinoloyihalar va filmlarni professional baholash jamoatchilik asosidagi ekspertlar guruhi tomonidan amalga oshiriladi. Kengash tarkibiga madaniyat va san'at arboblari, kinoshunoslar, ssenarist va rejissyorlar, kinematografiya tashkilotlari vakillari kiritiladi.

Kinoijodkorlar o‘zlarining loyihalari yoki tayyor filmlarini Interaktiv munozara klubi muhokamasiga qo‘yish va malakali mutaxassislarning zarur tavsiyalarini olish orqali badiiy jihatdan sifatli kino asarlari yaratish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Interaktiv munozara klubi Kinematografiyani rivojlantirish markazida faoliyat yuritib, kinoloyihalar va filmlarni muhokamaga qo‘yish uchun mablag‘ undirilmaydi.

Kinoloyihalar va kino mahsulotlarni (filmlarni) professional baholash interaktiv munozara klubi to‘g‘risidagi Nizom bilan Kinematografiyani rivojlantirish markazining veb-saytida tanishish mumkin.

Mavzuga oid