117 kunda yetib kelgan xat
Hammasi akam bilan o‘rtamizda mashinani boshqarish uchun ishonchnoma tayyorlashdan boshlandi. Ammo aka-ukalikni tasdiqlashda tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasiz ish bitmas ekan. Shu bahona tug‘ilganlik haqidagi guvohnomamning yo‘qolganini bilib qoldim. Endi FHDYo bo‘limiga qayta tiklatish uchun ariza berish zarur. Ko‘p ketmas, yigirma kun ichida 60 ming so‘m atrofidagi davlat to‘lovini qilsak, ishimiz bitar, shoshayotgan joyimiz bormi, boringki bir oy ketar, degan maqsadda tug‘ilgan joyimiz Dehqonobod tumani FHDYo bo‘limiga 2016 yil noyabr oyi oxirlarida ariza berdim. Oradan o‘n besh kun o‘tsa-da, arizam natijasidan xabar bo‘lavermagach, ukamga sim qoqib, surishtirishini tayinladim. Chunki o‘zim Toshkentda yashayman, Dehqonobod bilan oramizdagi masofa 700 kilometrga borib qoladi. Ukam xabarlashib, yashash joyingizdan jon-son haqidagi ma'lumotnoma va ZAGS qog‘ozingizdan nusxa kerak ekan, dedi. Men ikki kun ichida tayyorlab taksidan bervordim. Shu hujjatlarni taqdim qilganidan so‘ng besh kun o‘tib xabarlashsa, arxivda hujjatlari yo‘q, topolmadik, ota-onasini pasportlari aslidan nusxalari kerak, debdi...
Xullas, ota-onamning pasportlari aslidan nusxalarini olib borgach, o‘n kun o‘tib, onamning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini, yana o‘n kun o‘tib, akam yoki ukalarimdan biriningtug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini, bir hafta o‘tib ota-onamning ZAGS qog‘ozini so‘rashibdi. Navbat otamning ham tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasiga yetganida ish to‘xtadi. Chunki otamning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasini topolmadik, yo‘qolgan ekan...
Shuncha hujjat kerak ekan, hammasini boshida uchrashganida aytsa bo‘lmaydimi, deb g‘azabim qo‘zidi. O‘rtada ukam ham ishdan ruxsat olib qatnayverib charchab ketdi.
Dehqonobod FHDYo bo‘limi mudiriga sim qoqdim. U vaj-karsonlarini aytdi, men nimaga salkam ikki oydan beri bir hujjatni to‘g‘rilash uchun o‘n marta bir odam ishdan qolib, oldiga borganini, nima uchun boshidayoq shu hujjatlar kerakligini birvarakay aytmaganini so‘radim. U otam bilan amakimning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari oxirgi hujjat bo‘ladi, shularni olib o‘zingiz kelasiz, huzurimga dedi. Men esa birinchidan ishdan ortib borishim qiyinligini, ikkinchidan otamning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi yo‘qolganini aytib, uni tiklatish uchun o‘lgan bobomning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi kerak bo‘lar balki, deya piching qildim. U esa jahl qilib, bu masala uning muammosi emasligini aytib, “bor boradigan joyinga”, deb telefon go‘shagini taqillatib qo‘yib qo‘ydi.
Shundan so‘ng Toshkent shahar Adliya boshqarmasiga maslahat so‘rab sim qoqdim. Ular yashash joyimdagi tuman FHDYo bo‘limiga ariza berishimni aytdi. Men 2017 yil 20 yanvar kuni Olmazor tumani FHDYo bo‘limiga mazkur masala bo‘yicha ariza berdim. Ular shu kunning o‘zidayoq Dehqonobod tumani FHDYo bo‘limiga mening tug‘ilganlik haqidagi guvohnomamning aslidan nusxa jo‘natishlarini so‘rab 208-sonli xat chiqarishdi.
Dehqonoboddan javob kelgach, telefon qilamiz, deganiga xotirjam bo‘lib, ish bilan chalg‘ib, xayolimdan ko‘tarilib ham ketibdi. May oyining o‘rtalarida Olmazor tumani FHDYo bo‘limiga borib, arizam natijasi haqida xabarlashdim. Ular haligacha Dehqonoboddan javob kelmayotganini aytishdi. Oxiri ish bitmasligiga ko‘zim yetgach, 19 may kuni Xalq qabulxonasiga murojaaat qildim. 25 may kuni murojaatim yuzasidan Qashqadaryo viloyati Adliya boshqarmasidan o‘zini Zikrullo, deb tanishtirgan kishi telefonda bog‘landi. Men bo‘lgan voqeani birma-bir bayon qildim. U Olmazor tumani FHDYo bo‘limidan jo‘natilgan xat Dehqonobod tumani FHDYo siga 17 mayda yetib borgani va 19 may kuni shu masala bo‘yicha javob yo‘llanganini aytdi...
O‘zimni shu gaplarga ishontirishga har qancha harakat qilmayin, hech ilojini topolmadim. Poytaxtdan bir viloyatga xat 117 kunda yetib borsa-ya. Menimcha, dunyoning narigi qit'asidan pochta orqali jo‘natilgan xat ham uzog‘i bir oylarda yetib kelsa kerak. Ammo Dehqonobod FHDYo bo‘limidagilarning “117-kuni xat bizga keldi”, deb fan-texnika shiddat bilan taraqqiyot etayotgan bir zamonda bizni ishontirishga harakat qilayotgani g‘oyat achinarlidir...
Abduvohid O‘ROZOV,
jurnalist
Mavzuga oid
09:10 / 15.11.2024
Toshkentda dorilar savdosi bilan shug‘ullanib kelgan shaxslar ushlandi
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
22:45 / 10.11.2024