Samarqanddagi o‘qitish markazining ilk bitiruvchilariga diplomlar topshirildi (foto)
Bugun Samarqand shahridagi viloyat kasb hunarga o‘qitish markazining birinchi bitiruvchilariga bag‘ishlangan «Koreys tili va madaniyati kuni» tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) grantlari evaziga shahardagi Spitamen shohko‘chasida mutlaqo yangidan qad rostlagan muhtasham o‘qitish markazida o‘tkazilgan tadbirda agentlikning Toshkentdagi idorasi direktori Im Jong xonim, Koreya texnologiyalar va ta'lim universiteti professori Jang Jong De, Koreyadan kelib Samarqanddagi o‘quv yurtlarida faoliyat ko‘rsatayotgan volontyor o‘qituvchilar qatnashishdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi mas'ul xodimlari, Samarqand viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i A.Usmonov, shahar hokimi o‘rinbosari B.Rahmatullayev, korxona va tashkilotlardan tashrif buyurgan mehmonlar va markazning ilk bitiruvchilari qatnashdilar.
Eng avvalo, mehmonlarga markazni bitirayotgan talabalarning malaka-bitiruv ishlaridan namunalar namoyish etildi. Ko‘rgazmada markazda ta'lim beriladigan 4 yo‘nalish — avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish, elektronika va asbobsozlik, payvandlash va chilangarlik, axborot texnologiyalari bo‘yicha o‘quvchilar tayyorlagan ko‘rgazmali ishlardan namunalar ko‘rsatildi.
Markaz o‘quvchilarining Koreya haqidagi tasavvurlari bo‘yicha tashkil etilgan tasviriy san'at ko‘rgazmasida o‘quvchilar o‘zlari ishlagan suratlarni namoyish etishgan. Stend koreyalik mehmonlarda chuqur taassurot qoldirdi.
Shundan so‘ng mehmonlarga markaz o‘quvchilari tomonidan takji, tuxo, yunnori kabi Koreya milliy o‘yinlarini nechog‘lik o‘zlashtirilgani ko‘rsatib berildi.
Barcha mehmonlar markaz oshxonasiga taklif etildi va u yerda koreyalik o‘qituvchilar bilan birgalikda til markazi o‘qituvchilari va o‘quvchilari tayyorlagan koreyscha milliy taomlar — kimpap, kimchi, tokpukki, ramiyon kabilar namoyish etildi.
So‘ngra mehmonlar markazning ikkinchi qavatida joylashgan «Koreys madaniyati markazining ochilishi»da ishtirok etishdi. Markazda talabalarga, shuningdek, koreys tilini o‘rganish istagida bo‘lgan barchaga zarur sharoitlar hozirlangan. Koreys tili bo‘yicha videodarslar kompyuterlar va TV orqali o‘rgatilishi mumkin. Shuningdek, xona til o‘rgatish bo‘yicha kitoblar bilan ham ta'minlangan.
Markaz direktori, professor Ismoil Ergashev biz bilan suhbatda shunday dedi:
— Ko‘p yillik o‘qituvchilik faoliyatimda juda ko‘p grantlarni ko‘rganman. Lekin KOICAning ushbu granti menda shunday chuqur taassurot qoldirdiki, zamonaviy bino, ichidagi moddiy texnika ta'minoti — barcha barcha narsalar, hattoki qo‘limizdagi mana shu ko‘rsatkichlargacha koreyalik hamkorlarimiz tomonidan to‘kis yetkazib berildi.
Biz bu tadbirni xalqalarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, hamkorlik uchun minnatdorchilik ramzi sifatida o‘tkazmoqdamiz. Bitiruvchilarimiz esa xorijlik o‘qituvchilarimizga olgan bilim va ko‘nikmalari uchun tashakkur bildirish niyatida o‘zlari tashabbus bilan chiqib, bir oy darslardan so‘ng tayyorgarlik ko‘rib namoyish etishmoqda.
Tadbirning asosiy qismida, markazning majlislar zalida so‘zga chiqqan direktor I.Ergashev markazning tashkil etishda bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Koreya xalqaro hamkorlik agentligiga barcha o‘quvchilar nomidan minnatdorchilik bildirar ekan, u ochilganidan so‘ng o‘tgan 10 oy ichida qilingan ishlar haqida qisqacha hisobot berdi.
Markaz viloyatdagi ishsizlar sonini kamaytirishga, sanoat korxonalarini esa qisqa muddatda malakali mutaxassislar bilan ta'minlayotgani alohida tilga olib o‘tildi. Bunda korxonalar ichida SamAvto avtomobil zavodi, MAN-Uzbekistan qo‘shma korxonasi, SINO MChJ kabi korxonalar bor.
Markazda Koreya universitetlari bilan hamkorlik yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Yanvar oyida 20 nafar koreyalik o‘qituvchi kelib, yo‘nalishlar bo‘yicha o‘quv kurslarini o‘tib ketishgan. Markaz o‘quvchilari Buxorodagi Hyonde injiniring korxonasida koreyalik o‘qituvchilardan master-klass olishgan. Markaz faoliyati bilan tanishish maqsadida rossiyalik, yaponiyalik mehmonlar ham, vazirimizning o‘zi shaxsan kelib ketdi, — dedi o‘z chiqishida I.Ergashev.
Ayni paytda markazda asosan koreys tili (83 kishi), shuningdek, ingliz tili (18 kishi) va yapon tili (8 kishi) o‘rgatilmoqda. Til o‘rganayotganlar orasida markaz o‘quvchilari teng yarmini tashkil etayotgan bo‘lsa, qolgan qismi til o‘rganishni istovchi boshqalardir.
O‘quvchilar mehnat amaliyotini SamAvto, MAN-Uzbekistan, Jizzax akkumulyator zavodi kabi korxonalarda o‘tashmoqda. Eng quvonarlisi, markazimizni bitiruvchilarning 87,1 foizi allaqachon o‘zlari amaliyot o‘tagan korxonalarda ishga joylashib bo‘lishgan. Qolgan 12,9 foizi ham diplomlarni qo‘lga kiritgach, albatta, o‘z ishini topishadi. Masalan, MAN-Uzbekistan korxonasi 33 nafar bitiruvchimizni ishga qabul qildi.
Qayd etish joizki, 9 oylik o‘quv kursida markazga jamiki yo‘nalishlar bo‘yicha 240 o‘quvchi test sinovlari asosida qabul qilinadi. Asosiysi, ular stipendiya bilan ham ta'minlanadi. Shuningdek, markazda 1-2 oylik hunar o‘rgatuvchi pullik kurslar ham tashkil etilgan bo‘lib, tezlashtirilgan usulda 107 nafar o‘quvchi o‘qitilmoqda. Ularga ham sertifikatlar taqdim etiladi.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligining Toshkentdagi idorasi direktori Im Jong xonim tadbir borasida shunday dedi:
— Avvalo, o‘quvchilarning ishtiyoqini ko‘rib juda sevindim. Sarflagan mablag‘larimiz behudaga ketmayotganidan, odamlar bilimli, ishli bo‘layotganidan juda quvondim. Bunday markazlarni biz dunyoning boshqa davlatlarida ham tashkil etganmiz, lekin uni bitiruvchilar oxirigacha to‘liq o‘qimasdan tashlab ketishadi. Bu yerda esa 240 nafar qabul qilingan o‘quvchidan 237 tasiga diplom berilmoqda. Ularning 90 foizga yaqini o‘z ishini allaqachon topib ulguribdi. Kelgusida bunday markaz Shahrisabz shahrida ham ochilishini mamnuniyat bilan aytib o‘tmoqchiman.
Tadbir davomida mehmonlar va hamkor tashkilotlardan tashrif buyurgan vakillar tomonidan markazning ilk bitiruvchilariga diplomlar va ishga joylashgani to‘g‘risidagi sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning badiiy qismida markaz talabalari va til o‘rganish markazi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan koreys va o‘zbek milliy hamda zamonaviy kuy-qo‘shiqlariyu raqslari yig‘ilganlarga tuhfa etildi.
Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz jurnalisti, Samarqand.
Mavzuga oid
13:49 / 14.11.2024
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024