Jahon | 20:40 / 03.07.2017
30322
3 daqiqa o‘qiladi

Kreml qarorgohlari masalasida AQShni "sabri tugayotganidan" ogohlantirdi

Vashingtondan Rossiya elchixonasining Nyu-York va Merilend shtatlaridagi qarorgohlari yopilishi masalasini hal qilishni kutayotgan Rossiya hukumatining sabri tugamoqda, deb ogohlantirdi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Peskovning aytishicha, agar ish javob choralari ko‘rishgacha borsa, ular AQSh harakatlariga monand bo‘ladi, biroq ular aynan qanday bo‘lishi kerakligini tashqi ishlar vazirligidan so‘rash kerak.

28 iyunda Rossiya tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova "Rossiya 1" telekanaliga bergan intervyusida javob choralari tayyorlanayotgani va ular "salmoqli" bo‘lishini aytgandi.

"Javob choralari tayyorlanmoqda. Bu, albatta, faqatgina tashqi ishlar vazirligida hal qilinmaydi", deb aytgandi Zaxarova.

2016 yil dekabrda AQSh o‘z hududidan 35 nafar rossiyalik diplomat va ularning oilalarini chiqarib yuborgandi va Rossiya elchixonasining Nyu-York va Merilenddagi qarorgohlarini yopib qo‘ygandi. O‘shanda Rossiya AQSh prezidenti Donald Tramp o‘z lavozimini bajarishga kirishib, bu masalani hal qilishini kutgan holda javob choralari ko‘rishdan o‘zini tiygan.

Biroq Oq uyga Tramp kelgandan keyin ham vaziyat o‘zgarmay qolmoqda. 2017 yil may  oyida "Kommersant'" nashri o‘z manbalariga tayanib, AQShning bu harakatlariga javob chorasi tariqasida AQSh elchixonasining Serebrenniy Bordagi dala hovlisi, Dorojnaya ko‘chasidagi ombori va hattoki AQSh elchisi qarorgohi "Spaso-xaus" yopilishi mumkinligini ma'lum qilgandi.

"Agar Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasida iyuldagi uchrashuvdan keyin ham vaziyat o‘zgarmasa, unda Rossiya aks choralar ko‘rish haqida jiddiy o‘ylab ko‘radi", deb aytgandi nashr manbalari.

29 iyunda Guardian nashri Tramp AQSh Rossiyaga nisbatan boradigan yon bosishlar ro‘yxatini tayyorlashni buyurganini ma'lum qilgandi. Variantlar orasida Rossiya qarorgohlarining qaytarilishi ham tilga olingan.

Mavzuga oid