Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
McDonald’sdan Forbes ro‘yxatigacha: Bugungi millionerlar ishni nimadan boshlashgan?
Donald Tramp shisha idish tergan, Jyeff Bezos McDonald’sda burgerlar qovurgan, Uorren Baffett gazeta tarqatgan, Rim papasi esa barda barzangi bo‘lib ishlagan.
Jahonning eng boy va ta'sir kuchiga ega insonlari ayni paytda o‘zlarining xos doiralariga ega. Biroq ularning ko‘pchiligi karerasini oddiygina ishdan boshlagan. Quyida ana shunday taniqlilarning 10 nafari tarixi keltirilmoqda: bundan xulosa qilish mumkinki, muvaffaqiyat sari yo‘l o‘zimizning qo‘limizda ekan.
Donald Tramp shisha idish tergan

AQSh prezidenti boy oilada tug‘ilib o‘sgan, biroq uning otasi o‘z farzandlarining bolalikdan mehnat nimaligini bilib o‘sishlarini istagan. Ota farzandlarini gazli suv shishalarini yig‘ib, qabul qilish punktiga topshirishga majburlagan. Albatta, bu yo‘l bilan mo‘may pul ishlab bo‘lmaydi, biroq Donald Trampning iqror bo‘lishicha, bu ish unga pulga nisbatan to‘g‘ri munosabat shakllanishida asqotgan.
Barak Obama muzqaymoq sotgan

Obama Honoluluda o‘sgan, uning mehnat karerasi esa Baskin-Robbins’da muzqaymoq sotishdan boshlangan.
Rim papasi Frantsisk tungi klubda barzangi bo‘lib ishlagan

Xorxe Mario Bergolo iyezuit ruhoniysi, Buenos-Ayresning arxiyepiskopi, kardinal va nihoyat, Rim papasi bo‘lishidan avval turli sohalarda o‘zini sinab ko‘rgan. Katolik yangiliklar xizmatining ma'lumotlariga ko‘ra, yoshligida pontifik kimyoviy laboratoriyalarda tajriba qo‘ygan, pol yuvgan, hattoki barda qo‘riqchi bo‘lib ham ishlagan.
Uorren Baffett gazeta tarqatgan

Berkshire Hathaway konglomerati rahbari yoshligidan investitsiyalarga o‘ralashib qolgan edi. Bugungi kunga kelib uning boyligi 61,2 milliard dollarga baholanmoqda. 13 yoshida Baffett The Washington Post gazetasini tarqatgan. O‘sha yiliyoq u ishlab topgan 1,2 ming dollar pulini 16 gektarlik yerda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishga tikkan.
Opra Uinfri oziq-ovqat do‘konida ishlagan

Uinfrining media-imperiyasi uni tarixdagi eng birinchi qora tanli milliarderga aylantirgan. Forbes ma'lumotlariga ko‘ra, bugun uning boyligi 3 milliard dollardan oshadi. Lekin uning bolaligi oddiy o‘tmagan. Otasi bilan Neshvillda yashar ekan, u otasining sartaroshxonasi yonidagi oziq-ovqat do‘konida savdo qilgan.
Maykl Dell idish-tovoq yuvgan

Dell korporatsiyasi asoschisi va bosh direktori shaxsiy kompyuterlar bozorida ro‘y bergan shov-shuvlar tufayli o‘z boyligini ishlab topgan. Forbes ma'lumotlariga ko‘ra, uning boyligi bugungi kunda 18,7 milliard dollarga baholanmoqda. Biroq, 12 yoshida Maykl Dell xitoycha restoranda idish-tovoq yuvuvchisi bo‘lib ishlagan.
Hillari Klinton istirohat bog‘i ishiga javob bergan

O‘zining «Murakkab tanlov» avtobiografik kitobida Klinton ilk haqiqiy ishiga 13 yoshida erishganini yozadi. O‘shanda u Chikago ostonasi Park Rijdan unchalik uzoqda bo‘lmagan kichikroq istirohat bog‘i uchun javobgar bo‘lgan. AQSh sobiq davlat kotibining eslashicha, haftasiga uch kun u turli koptoklar, beysbol tayoqlari, sakramachoq arqonlari ortilgan aravani parkka olib borib, kechqurun qaytarib olib kelib turgan. Klinton shunday deb yozadi: «Ota-onam matonatli mehnat va o‘z kuchiga tayanish kerakligiga qattiq ishonishardi. Ular biz farzandlar imkon qadar tezroq pul qadri va sidqidildan qilingan mehnat qadr-qimmatini anglashimiz uchun qo‘llaridan kelgan barcha ishni qilishgan».
Madlen Olbrayt siynaband sotgan

Olbrayt prezident Bill Klinton qo‘l ostida AQSh tarixidagi ilk ayol davlat kotibi bo‘lib ishlagan. Uning oilasi AQShga Chexoslovakiyadan ko‘chib borgan va siyosiy qochoqlar statusini qo‘lga kiritgan. Olbrayt ilk ishini Denverdagi universamlardan birida qo‘lga kiritgan: u siynabandlar sotuvchisi edi. Uning so‘zlariga qaraganda, oylik maoshi juda kam bo‘lgan, biroq bu tajriba unga murakkab vaziyatlarda insonlar bilan muloqot qilishni o‘rganishda qo‘l kelgan.
Maykl Blumberg avtoturargohda ishlagan

Forbes ma'lumotlariga ko‘ra, Nyu-York shahri sobiq merining boyligi 51,5 milliard dollardan oshadi. Biroq o‘rtacha daromadli oilada tavallud topadi. Jon Hopkins universiteti talabasi davrida kollejdagi o‘qishi uchun xarajatlarning bir qismini qoplash niyatida Blumber avtoturargohda ishlagan.
Jyeff Bezos McDonald’s grilida burger qovurgan

Amazon internet-do‘koni asoschisi va bosh direktori o‘zining dastlabki ishiga McDonald's tarmog‘ida ega bo‘lgan. Bu haqda «Oltin imkoniyat: McDonald'sda boshlangan ajoyib kareralar» kitobida aytiladi. Bezosning o‘zi esa shunday eslaydi: «Eng tig‘iz vaqtda ishchanlik sur'atini saqlab qolish eng murakkab vazifa edi. Men ishlagan restoranda boshqaruvchi ajoyib yigit edi. Uning qo‘lida ko‘plab o‘smirlar ishlar, biroq u xushchaqchaq iqlimni saqlab qolib, bizning mehnatga bo‘lgan kayfiyatimizni bir maromda ushlab tura olar edi».
Mavzuga oid
18:11
Tramp Qatar sovg‘a qilgan 400 mln dollarlik yangi samolyotni namoyish qildi
20:51 / 19.06.2026
«Italiya va men hech qachon yolvormaymiz» - Meloni Trampga keskin e’tiroz bildirdi
20:26 / 19.06.2026
Eron yana Ho‘rmuz bo‘g‘ozi yopilganini e’lon qildi
13:35 / 18.06.2026