Jahon | 22:45 / 03.07.2017
4856
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Qatardagi harbiy ishtirokini saqlab qoladi

Foto: RIA Novosti

Qatar atrofidada yuz berayotgan inqirozga qaramasdan, Anqara bu mamlakatdagi o‘z harbiy ishtirokini saqlab qoladi, deya Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari No‘'mon Qurtulmushning so‘zlarini keltirmoqda RIA Novosti.

«Turkiyaning Qatardagi harbiy bazasi nafaqat Qatarning, balki butun mintaqaning xavfsizlik masalasidir. Turkiyaning u yerdagi harbiy ishtiroki davom etadi. Turkiyaning Qatardagi harbiy ishtirokini mintaqadagi siyosiy inqiroz bilan bog‘lash jiddiy xatolarga sabab bo‘ladi», — degan Qurtulmush Anqarada o‘tgan matbuot anjumanida.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Qatar inqirozi «chuqur ildizlarga ega emas va sun'iy hosil qilingan», Qatarga nisbatan arab davlatlari qo‘yayotgan 13 talab esa «mustaqil davlat uchun bajarib bo‘lmas vazifa».

Qatar bilan munosabatlarni uzgan to‘rt arab davlati — Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misr Doha uchun joriy etilgan ultimatum muddatini yana 48 soatga cho‘zishga rozi bo‘lishgan.

Ultimatum 13 talabdan iborat bo‘lib, unda Eron bilan diplomatik va harbiy munosabatlar darajasining pasaytirilishi, Turkiyaning harbiy bazasini yopish, terrorchilik tashkilotlarini moliyalashtirishni bas qilish, arab davlatlarining ichki ishlariga aralashishdan o‘zini tiyish, muxolifat arboblarini qo‘llab-quvvatlamaslik, shuningdek, «Al-Jaziyra» sun'iy yo‘ldosh telekanalini yopish kabi masalalar ko‘ndalang qo‘yilgan.

Saudiya Arabistoni, BAA, Bahrayn va Misr 5 iyunda Qatarni terrorchilikni qo‘llab-quvvatlash va o‘zlarining ichki ishlariga aralashishda ayblab, Doha bilan diplomatik munosabatlarni uzishgan va Qatar bilan har qanday aloqalarga chek qo‘yishgan. Keyinroq bu qarorga bir qator boshqa davlatlar ham qo‘shilishgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid