Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Abdulaziz Komilov vazirlikning konsullik xizmatini yaxshilash chora-tadbirlari bo‘yicha bayonot berdi
Ayni paytda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Xalqaro press-klubda O‘zbekistondagi va xorijdagi hamyurtlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda va savollarga javob bermoqda.
Jonli muloqot Abdulaziz Komilovning nutqi bilan boshlandi. Nutq matni TIV saytida keltirildi.
Qadrli yurtdoshlar,
Hurmatli video-anjuman qatnashchilari, ommaviy axoborot vositalari vakillari.
Avvalo, keng doiradagi vatandoshlarimiz bilan uchrashish imkoniyatini yaratib berganliklari uchun bugungi tadbir tashkilotchilari – Xalqaro press-klub, Milliy televideniye, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga minnatdorlik bildirishga ruxsat bergaysiz.
1. O‘zbekiston Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan e'lon qilingan «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili»da Tashqi ishlar vazirligi chet elda O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish va ularning qonuniy manfaatlarini ta'minlashni o‘zining asosiy ustuvor vazifalaridan etib belgilab olgan.
Prezident Virtual qabulxonasining ishga tushishi bilan bir vaqtning o‘zida xorijda diplomatik xizmatda bo‘lgan katta tajribaga ega konsullik xodimlari va xalqaro huquqshunoslardan iborat fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha Maxsus ishchi guruhi tashkil etildi. Tashqi ishlar vazirligi rahbariyatining fuqarolarni qabul qilish kunlari tasdiqlandi.
Vazirlik nomiga o‘tgan yilning oktabr oyidan to bugungi kungacha bo‘lgan davrda jismoniy va yuridik shaxslardan 6,5 mingdan ziyod arizalar kelib tushdi. Ulardan 3 mingga yaqini – Prezidentning virtual qabulxonasi, qariyb 3,5 mingtasi – vazirning virtual qabulxonasi, Yagona interfaol xizmatlar portali, vazirlikning feysbuk tarmog‘idagi rasmiy sahifasi va elektron pochta orqali kelgan.
Fuqarolardan tushayotgan murojaatlarning asosiy qismida quyidagi masalalarni hal etishda ko‘maklashish so‘raladi:
- shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar yo‘qolgan holatlarda vatanga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish;
- eski namunadagi yoki haqiqiylik muddati o‘tib ketgan pasportlarni yangi biometrik pasportga almashtirish;
- chet elda vafot etgan tug‘ishganlari va yaqin qarindoshlarining o‘lim sabablarini aniqlash;
- xorijiy davlatlar hududlarida O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlarning xolis olib borilishini ta'minlashda yordam ko‘rsatish,
- aliment va nafaqalar olinishi, shartnoma majburiyatlarining bajarilishi kabi masalalarda ko‘maklashish va hakozo.
Fuqarolarning barcha murojaatlari bo‘yicha vazirlik tomonidan asoslangan tushuntirish va izohlar bilan aniq javoblar beriladi.
2. Xorijiy davlatlardagi O‘zbekiston fuqarolariga qulay imkoniyat yaratish hamda ularga konsullik-huquqiy xizmat ko‘rsatishning sharoit va tartiblarini takomillashtirish maqsadida vazirlik tomonidan aniq amaliy chora-tadbirlar qabul qilinmoqda.
Birinchidan, bir qator konsullik faoliyatlarda vatandoshlarimizning murojaatlarini ko‘rib chiqish mexanizm va muddatlari yengillashtirilmoqda. Jumladan, chet elda yo‘l hujjatlari yo‘qolgan va vatanga qaytish uchun guvohnoma berilishini so‘rab murojaat qilgan arizachining shaxsini tasdiqlash muddati 3 oydan 7 ish kuniga qisqartirildi.
Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan xorijiy davlatlarda yashovchi va o‘z pasportlarini biometrik hujjatga almashtirishga ulgurmagan fuqarolar uchun eski pasportdan yo‘l hujjati sifatida foydalanish muddati 2018 yil 1 iyulgacha uzaytirildi. Endilikda fuqarolarimiz eski pasportlaridan yo‘l hujjati sifatida foydalanib, shu jumladan, uchinchi davlatlar hududida tranzit orqali ham hech qanday to‘sqinliksiz vatanga qaytishlari mumkin.
Ikkinchidan, vazirlik va xorijiy vakolatxonalarimiz konsullik-huquqiy faoliyatiga xizmat ko‘rsatishning interfaol usullari jadallik bilan jalb etilmoqda. Bugungi kunda fuqarolarimizga «Interfaol konsullik xizmatlari» portali orqali 12 turdagi konsullik xizmatlari ko‘rsatilmoqda.
Xorijiy fuqarolarning O‘zbekistonga kirish vizasini olishni rasmiylashtirish uchun 5 ta tilda E-Visa internet portali yaratildi.
Uchinchidan, 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida shu yilning oxirigacha yangi tahrirdagi Konsullik nizomini ishlab chiqish va tasdiqlash ko‘zda tutilgan. Ushbu hujjat umumxalq muhokamasidan o‘tib bo‘ldi. U chet davlatlarda O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish mexanizmlarini to‘la va aniq belgilab beradi.
To‘rtinchidan, hech kimga sir emaski, globallashuv asrida odamlarning butun dunyo bo‘ylab ommaviy harakatlanishi ko‘plab davlatlar, shu jumladan O‘zbekiston uchun ham, odatiy holga aylandi. Vatandoshlarimiz mehnat faoliyatini amalga oshirish, akademik aloqalarni o‘rnatish, oliy o‘quv yurtidan keyingi tahsilni davom ettirish, xorijiy sheriklar bilan biznes hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun hamda sayyohlik maqsadlarida muntazam ravishda xorijiy davlatlarga boradilar. Bizda mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, faqat Rossiyaning o‘ziga 1,7 million nafar O‘zbekiston fuqarolari borgani qayd etilgan.
Fuqarolar tomonidan bizning faoliyatimiz ustidan tushgan shikoyatlarni tahlil etish asosida hamda ularning huquq va manfaatlarini samarali himoya qilinishini ta'minlash maqsadida vazirlik tomonidan Rossiyaning Sankt-Peterburg, Qozon, Rostov-Don, Yekaterinburg, Vladivostok shaharlarida konsullik vakolatxonalarini ochish masalasi ishlab chiqilmoqda.
Rossiya hududidagi fuqarolarimizning manfaatlarini himoya qilish sohasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasiga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan ikkita hukumatlararo kelishuv – (1) Rossiya hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun fuqarolarimizni tashkiliy ravishda to‘plash va jalb etish va (2) migratsiya masalalariga mas'ul organlarning ikki taraflama vakolatxonalarini tashkil etish to‘g‘risidagi bitimlar favqulodda muhim ahamiyat kasb etadi.
Ostona shahrida O‘zbekiston elchixonasi binosi qurilishining yakuniga yetishi bilan biz Olmaota shahridagi diplomatik vakolatxonamizni Bosh konsulxonaga aylantirishni rejalashtirmoqdamiz.
Bundan tashqari, xorijiy davlatlardagi bir qator konsulxonalarimizda xodimlar sonini ko‘paytirishni mo‘ljallaganmiz.
Umuman olganda, milliy qonunchilikka kiritilayotgan ushbu barcha yangiliklar, xorijiy davlatlarda bizning diplomatik o‘rnimiz mavjudligini kengaytirish bo‘yicha rejalashtirilgan tadbirlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan bosh ustuvor g‘oya – «Vatanimiz fuqarolarining, ular qayerda bo‘lishmasin, manfaat va huquqlarini himoya qilish» vazifasining amalga oshirilishini ta'minlashi kerak.
Hurmatli video-anjuman ishtirokchilari,
Bugun biz faqatgina Tashqi ishlar vazirligi va chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarimizning konsullik-huquqiy faoliyatiga tegishli savollarga javob berish bilan cheklanib qolish niyatida emasmiz.
Shuningdek, biz mintaqaviy va xalqaro siyosatning eng dolzarb masalalari yuzasidan O‘zbekistonning pozitsiyasiga oid savollarga javob qaytarishga tayyormiz.
E'tiboringiz uchun rahmat!”
Uchrashuv davom etmoqda. O‘zbekiston fuqarolari matn, audio va video ko‘rinishdagi savollarini Vazirning virtual qabulxonasiga, [email protected] rasmiy elektron manziliga, shuningdek, TIVning Feysbukdagi rasmiy sahifasi va Telegramdagi kanalga jo‘natishmoqda.
Mavzuga oid
09:00 / 22.05.2026
Abdulaziz Komilov Xorvatiya bosh vaziri bilan muzokara o‘tkazdi
12:44 / 23.01.2026
Abdulaziz Komilov Tinchlik kengashiga qo‘shilish sabablarini izohladi
16:44 / 16.11.2025
“Yangi geosiyosiy mintaqa tug‘ildi” – Abdulaziz Komilov Ozarboyjonning formatga qo‘shilishi haqida
12:20 / 24.10.2025