O‘zbekiston | 19:57 / 05.07.2017
9092
3 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolar TIVga asosan qanday masalalar bilan murojaat qilmoqda?

Bugun, 5 iyul kuni Xalqaro press-klubda O‘zbekiston Respublikasi tarixida ilk marotaba Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan jonli efirda muloqot tashkil etildi. Tashqi ishlar mahkamasining rahbari fuqarolar hamda OAV vakillari tomonidan yo‘llangan savollarga qariyb uch soat vaqt davomida javob berdi. 

Tashqi ishlar vaziri to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot vaqtida fuqarolardan kelayotgan murojaatlarning asosiy qismi qaysi masalalarga bog‘liq ekanini ta'kidlab o‘tdi.

"Prezident virtual qabulxonasining ishga tushishi bilan bir vaqtning o‘zida xorijda diplomatik xizmatda bo‘lgan katta tajribaga ega konsullik xodimlari va xalqaro huquqshunoslardan iborat fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha Maxsus ishchi guruhi tashkil etildi. Tashqi ishlar vazirligi rahbariyatining fuqarolarni qabul qilish kunlari tasdiqlandi. Vazirlik nomiga o‘tgan yilning oktabr oyidan to bugungi kungacha jismoniy va yuridik shaxslardan 6,5 mingdan ziyod arizalar kelib tushdi. Ulardan 3 mingga yaqini – Prezidentning virtual qabulxonasi, qariyb 3,5 mingtasi – vazirning virtual qabulxonasi, yagona interfaol xizmatlar portali, vazirlikning feysbuk tarmog‘idagi rasmiy sahifasi va elektron pochta orqali kelgan",  dedi Abdulaziz Komilov. 

Vazirning qayd etishicha, fuqarolardan tushayotgan murojaatlarning asosiy qismida quyidagi masalalarni hal etishda ko‘maklashish so‘ralmoqda: 

- shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar yo‘qolgan holatlarda Vatanga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish;
- eski namunadagi yoki haqiqiylik muddati o‘tib ketgan pasportlarni yangi biometrik pasportga almashtirish; 
- chet elda vafot etgan tug‘ishganlari va yaqin qarindoshlarining o‘lim sabablarini aniqlash; 
- xorijiy davlatlar hududlarida O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoiy ishlarning xolis olib borilishini ta'minlashda yordam ko‘rsatish, 
- aliment va nafaqalar olinishi, shartnoma majburiyatlarining bajarilishi kabi masalalarda ko‘maklashish va boshqalar. 

Abdulaziz Komilov joriy yilda chet eldagi fuqarolarning huquqlarini himoya qilish va ularning qonuniy manfaatlarini ta'minlashga ko‘maklashish vazirlikning asosiy vazifasi ekanligini aytib o‘tdi.

Mavzuga oid