Jahon | 12:50 / 09.07.2017
17741
2 daqiqa o‘qiladi

«Runet otasi» Anton Nosik vafot etdi

9 iyulga o‘tar kechasi rossiyalik taniqli bloger Anton Nosik olamdan o‘tgan. Bu haqda «Varlamov.ru» o‘z manbalariga asoslanib xabar tarqatdi.

Dastlabki xabarlarga ko‘ra, uning vafotiga yurak xuruji sabab bo‘lgan. 

Nosik rus tilidagi internet olami asoschilaridan biri edi.

4 iyul kuni ushbu «Runet otasi» deya tariflanadigan jurnalist, jamoat arbobi 51 yoshini nishonlagandi.

Anton Nosik turli yillarda Vesti.ru, Lenta.ru, Gazeta.ru va NEWSru.com nashrlarida muharrir bo‘lgan.

2015 yil oxirida Anton Nosikka nisbatan Rossiyaning Suriyaga kirishi haqidagi maqolasi tufayli Rossiya Jinoyat kodeksining «Nafrat va adovat qo‘zg‘atish» moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgandi.

Nosikning «Jivoy jurnal»dagi maqolasi bo‘yicha jinoiy ish 2015 yil noyabrda qo‘zg‘atilgan. Blogerning 1 noyabrdagi posti tergovchilarning e'tiborini tortgan. Unda bloger Rossiya aviatsion guruhining Suriyadagi aviazarbalarini «qizg‘in ma'qullagan».

O‘tgan yil noyabrda Nosik nima ekstremizm hisoblanishi yoki hisoblanmasligiga izoh berishga tayyormasligini aytgan. U ekstremizm haqidagi qonun mavjud bo‘lgandan beri unda «ekstremizmning huquqiy jihatdan aniq ta'rifini ko‘rmaganini» aytgan. Nosik o‘z postini o‘chirmoqchi emasligi, o‘z so‘zlarini ekstremistik deb hisoblamasligi va ularda qandaydir harakatlarga chorlov ko‘rmayotganini ta'kidlab o‘tgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid