Jamiyat | 10:32 / 10.07.2017
7870
2 daqiqa o‘qiladi

Yashnobodda 202 mln. so‘mlik yagona soliqni to‘lamagan tadbirkor fosh etildi 

Zangiota tumanida tug‘ilgan Bobir Hotamov (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) bir necha yil avval poytaxtda tadbirkorlik faoliyatini boshlaydi. Tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tib, mas'uliyati cheklangan jamiyat tashkil qiladi. Turli mahsulotlar oldi-sotdisi bilan shug‘ullangan MChJning hisob raqamida tez orada millionlar aylanadi. Mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan shartnomalar imzolanadi. Xullas, faoliyati kengayib, davlat tomonidan berilgan imkoniyat tufayli ishlari yurishib ketadi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Oradan ma'lum vaqt o‘tgach esa, B.Hotamovning niyati buziladi va mahsulotlar savdosidan tushayotgan naqd pullarni tegishli tartibda bank muassasasidagi hisob raqamiga topshirmaslikni odatga aylantiradi. To‘qqiz oylik moliyaviy xo‘jalik faoliyati davomida 102 mln. 100 ming so‘mlik tovar-moddiy boyliklarni naqd pulga sotib, ularni na nazorat-kassa mashinasidan o‘tkazadi va na bankka topshiradi.

Mazkur holat bo‘yicha 2016 yilda MChJda hujjatli tekshirish o‘tkazilganida, B.Hotamovning yana bir necha qilmishi oshkor bo‘ldi. Ma'lum bo‘lishicha, u faoliyati davomida soliqqa tortilishi kerak bo‘lgan bazani DSIga bergan hisobotlarida qasddan kamaytirib ko‘rsatishi natijasida 202 mln. 542 ming so‘mlik yagona soliqni to‘lamagan ekan. Shuningdek, belgilangan tartibda avtotransport vositalarida yo‘lovchilarni va yuklarni tashish huquqi uchun litsenziya olmasdan, 950 mln. 506 ming so‘mlik transport xizmati ko‘rsatganligi ham ma'lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, bu kimsa jamiyatning faoliyati davomida sodir etilgan jinoyatlarini yashirish maqsadida MChJga tegishli, o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan buxgalteriya hujjatlarini qasddan nobud qilgan ekan.

Oqibatda B.Hotamov sudning qora kursisiga o‘tirishga majbur bo‘ldi. Sud uning qilmishiga yarasha jazo tayinlab, hukm chiqardi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid