Namangan shahar hokimi aholi muammolarini o‘rgandi va ularni joyida hal etdi
Ertalab soat 6:30da Namangan shahrining «Chamanzor» mahalla fuqarolar yig‘ini binosi atrofida tumonat odam to‘plandi. Shaharning kommunal xizmat (gaz, suv, elektr energiya) idoralari, sog‘liqni saqlash, bank, soliq, moliya, bandlikka ko‘maklashish, kadastr idoralari rahbarlari, mahalla jamg‘armasi, ta'lim tizimi vakillari, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi shahar kengashi yetakchisi, faollari to‘planishdi. Maqsad bitta, har bir xonadonga kirib, aholi muammolarini o‘rganish, ularning talab va istaklaridan kelib chiqqan holda ish tashkil etish, yoshlar bilan ishlashni amalga oshirish, ishsizlarni ish bilan ta'minlash, kamxarj oilalarga shu joyning o‘zida moddiy ko‘mak, kredit ajratish bo‘yicha tezkor ish tashkil etish. Bu haqda Namangan shahar hokimligi axborot xizmati xabar bermoqda.
«Chamanzor» mahallasida 4204 nafar aholi, 623 xonadon, 16 ta ko‘cha mavjud bo‘lib, ko‘chalarning har biriga ko‘chaboshilar rahbarligida yuqorida nomlari tilga olingan tashkilotlardan mas'ullar biriktirildi. Har bir guruhda 10 va undan oshiq vakil shakllantirilib, xalq ichiga yuborildi.
Ishchi guruhlarning hududlarga chiqishi arafasida Namangan shahar hokimi Shavkat Abdurazzaqov ularga topshiriq va ko‘rsatmalar bergan holda samarali ish tashkil etish mas'uliyatini yukladi. «Biz Prezidentimiz topshiriqlarini so‘zsiz bajarmog‘imiz lozim. Nafaqat xalq ichiga, balki ularning ishonchiga ham kirishimiz shart. Har bir xonadonda mavjud holat bo‘yicha o‘rganish yakunida amaliy ish bo‘lmog‘i, ishsiz ish bilan, kam ta'minlangan oila moddiy ta'minot bilan ta'minlanishi, aholining boshqa maishiy ehtiyojlari ham to‘la qondirilishi shart», - dedi hokim.
Soat 7:00da barcha guruhdagi 200 ga yaqin mutasaddi ishga kirishdi. Ishchi guruhlar tarkibiga Namangan shahar hokimligining axborot xizmati xodimlari foto va video moslamalari bilan qurollangan holda, shuningdek, «Mening yurtim» telekanali viloyat muxbirlari, namnews.uz axborot-tahliliy portali vakillarining biriktirilgani jamoatchilik nazoratini ta'minlab berdi.
Shahar hokimi Shavkat Abdurazzaqov ikki soat ichida o‘ndan oshiq xonadonda bo‘lib, aholi bilan suhbatlashdi. Mahalladagi ijtimoiy vaziyat bilan batafsil tanishdi.
Hokimga asalarichilik bilan shug‘ullanuvchi Jobir Holiqovning kredit borasida murojaati shu joyning o‘zida hal etilib, Xalq bankiga zudlik bilan imtiyozli kredit ajratish vazifasi topshirildi.
Xonadonini kadastr qilish borasida byurokratik to‘siqlarga uchrayotgan Roziqjon Sattarovning bu masalada yordam so‘rab qilgan murojaati shahar kadastr tashkiloti vakili bilan yechildi.
Matluba Zokirovaning yoshi 60dan oshgan. Uzoq yillardan beri jigar sirrozi xastaligi bilan og‘riydi. Oila kam ta'minlanganlar hisobida turadi. Shavkat Abdurazzaqov oila boshlig‘i bilan suhbatda hokimlik tomonidan kerakli barcha yordam ko‘rsatilishini ta'kidladi. «Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan xalqchil siyosat, fuqarolarni rozi qilish, ularning turmush farovonligini oshirish borasida amaliy ishlarni kuchaytirish bizning asosiy vazifamizdir. Onaxon, sizga 100 ta tovuq beramiz, bundan tushadigan moddiy daromad esa oilangiz farovonligini oshiradi. Kundalik ehtiyojlaringizni qondiradi» – dedi Sh.Abdurazzaqov.
Ko‘rsatilgan bu e'tibor oila a'zolarini ruhlantirib yubordi. Dastlab hokimni tovuq boqish haqidagi taklifiga unchalik e'tibor berishmagan bo‘lsa, uni hokimlik tomonidan homiylik tariqasi, yemini bepul berilishi ularni cheksiz xursand qildi. Tovuq boqish uchun hovli kichikroq bo‘lganligi sababli xonadon boshlig‘i 20 ta parranda berilishini so‘radi. Unga qo‘shib bir oylik parranda ozuqasini ham shu bugunning o‘zida yetkazib berish vazifasi mas'ullarga topshirildi.
3-o‘tish yo‘li Chamanzor ko‘chasi, 26-uyda yashovchi Munavvar Inamova oilasida ham moddiy ta'minotni ta'minlash uchun 20 ta parranda homiylik yordami tariqasida topshirildi.
Shuningdek, aholining elektr energiya ustunini o‘rnatish, kanalizatsiya muammoasini hal qilish borasidagi murojaatlari joyning o‘zida ijobiy hal etildi.
Hokim xonadonlarni o‘rganayotgan paytda unga ish so‘rab murojaat qilgan Xayrullo Yusupov, Faxriddin Abdullayevlar shu joyning o‘zida ish bilan ta'minlandi.
Barcha guruhlarni qo‘shib hisoblaganda to ish vaqti boshlangungacha bo‘lgan vaqt davomida yuzdan oshiq muammo ijobiy hal bo‘ldi. Aholiga kreditlar berildi. Kommunal soha bo‘yicha muammolarga yechim topildi. Huddi shunday ishlar shaharning boshqa hududlarida shahar prokurori Mirzohid To‘ychiyev («Zarkent» MFY), IIB boshlig‘i Muhammadjon Dadaboyev («Madaniy maorif» MFY) va DSI boshlig‘i Ulug‘bek Hakimov («Ishonch» MFY) rahbarligida amalga oshirilib, yana uchta mahalladagi barcha xonadonlar o‘rganib chiqildi. Bu o‘rganishlar natijasini umumlashtirib hisoblaganda erta tongdan to kunning birinchi yarmiga qadar 300 dan oshiq murojaat ijobiy yechimini topdi.
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
21:11 / 11.11.2024
Namanganda poyezd bilan to‘qnashgan Damas haydovchisi halok bo‘ldi
17:35 / 11.11.2024
Namanganda to‘yona ko‘rinishida pora olgan kadastr bo‘limi boshlig‘i 5 yilga qamaldi
09:30 / 07.11.2024