Jahon | 16:40 / 11.07.2017
6347
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh Buyuk Britaniyaga 1 mlrd dollarlik harbiy zirxli mashinalar yetkazib beradi

Foto: AP

AQSh davlat departamenti Buyuk Britaniyaga jami qiymati 1 mlrd dollarlik 2747 dona JLTV (Joint Light Tactical Vehicle) yo‘ltanlamaslarini sotish kelishuvini ma'qulladi. AQSh mudofaa vazirligi huzuridagi xavfsizlik sohasida hamkorlik bo‘yicha agentlik shu haqda ma'lum qildi. 

Bu haqdagi axborot Kongressga taqdim etilgan. Endilikda AQSh parlamenti mazkur bitimni bir oy mobaynida o‘rganib, xulosasini berishi kerak. Qonun chiqaruvchilar tomonidan hech qanday e'tiroz bo‘lmasa, kelishuv tasdiqlangan hisoblanadi. 

"Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kelishuv qiymati 1,035 mlrd dollardir", - deya aniqlik kiritgan Pentagonning xorijiy mamlakatlarga qurol-yarog‘lar sotish bo‘limi vakili. Uning so‘zlariga ko‘ra, Oshkosh Defence kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariluvchi zirxli yo‘ltanlamas mashinalar turli jihozlangan ko‘rinishda, Buyuk Britaniya armiyasiga yetkazib berish rejalashtirilgan. Ulardan Arktikada ham foydalanish mumkin bo‘ladi. 

"Bu Qo‘shma Shtatlarning tashqi siyosatiga mos keladi va NATO bo‘yicha ittifoqdoshiga o‘z xavfsizligini mustahkamlashga yordam beradi, -  deya ta'kidlanadi agentlik xabarida".

JLTV yo‘ltanlamaslari Amerika QKlari uchun AM General kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Humvee harbiy yo‘ltanlamaslari o‘rnini egallagan. 2015 yil avgustida Oshkosh korporatsiyasi Pentagon ehtiyojlari uchun yengil zirxli mashinalar yetkazib berish bo‘yicha tenderda g‘olib bo‘lgan edi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid