Sport | 20:48 / 12.07.2017
9242
2 daqiqa o‘qiladi

La Ligada «chalkash» transfer. Vitolo 1 kunda 3 jamoada

«Sevilya» yarim himoyachisi Vitolo faoliyatini «Atletiko»da davom ettiradi.

Ispaniyalik futbolchi madridliklar klubi bilan 5 yillik shartnoma tuzgan. Ammo bu shartnoma 2018 yilning 1 yanvaridan, «Atletiko»ga yangi futbolchilarni tarkibga qo‘shib olish bo‘yicha taqiq muddati tugagach, kuchga kiradi. Vitolo mavsumning birinchi qismini La Liganing boshqa bir jamoasi «Las-Palmas»da o‘tkazadi.

«Atletiko» ushbu futbolchini qo‘lga kiritishi haqida iyul oyi boshida ma'lum bo‘lgandi.

Madrid jamoasiga transferlar bo‘yicha qo‘yilgan taqiq tufayli ushbu transfer murakkab tarzda amalga oshdi. 

Vitolo avvaliga «Sevilya» bilan 5 yillik yangi shartnoma imzoladi. Bu tufayli «Sevilya» ushbu yetakchisi uchun mo‘may mablag‘ ishlab olishi mumkin bo‘ldi.

«Atletiko» futbolchini transfer qilish uchun uning ilk klubi – «Las-Palmas»dan yordam oldi. Bu jamoa madridliklar iltimosiga ko‘ra, Vitoloni «Sevilya»dan 37,5 million yevroga sotib oldi.

Futbolchi bugun Madridda ham «Las-Palmas», ham «Atletiko» uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tdi va Kanar orollariga yangi shartnoma imzolash uchun yo‘l oldi.

Marca xabariga ko‘ra esa, futbolchining o‘zi 37,5 million yevroga o‘z shartnomasini sotib olgan, keyin La Liga ofisiga «Las-Palmas» direktori bilan birga kelgan.

«Las-Palmas» yanvarda futbolchini «Atletiko»ga beradi, jamoa vositachilik uchun 5 million yevro (transferdan 12 foizlik ulush) ishlaydi.

Futbolchi «Atletiko»da yiliga 5 million yevro miqdorida maosh oladi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid