Talabchan islohotchi: O‘zbekiston uchinchi dunyo mamlakatidan «osiyo ajdari»ga aylanishga tayyorgarlik ko‘rmoqda
Shavkat Mirziyoyev salkam bir yildan buyon O‘zbekistonning ikkinchi Prezidenti sifatida faoliyat yuritmoqda.
Bir qarashda, hokimiyatga «vorislik asosida» ega bo‘lgan davlat rahbari mamlakatning amaldagi rejimini asrab-avaylashi va davom ettirishi kerakdek tuyuladi. Ammo uning dastlabki sa'y-harakatlari tarixga islohotchi sifatida kirmoqchi ekanidan dalolat beradi.
«Moskovskiy komsomolets» ekspertlar bilan birgalikda Islom Karimovning vorisi Markaziy Osiyodagi eng yirik davlat bo‘lmish O‘zbekistonni qanday taraqqiyot yo‘lidan boshlab borayotganini o‘rgandi.
Bank sohasidagi islohotlar
Sobiq ittifoqda uzoq yillar yopiq mamlakat, deb hisoblangan O‘zbekiston bank tizimini deyarli rivojlantirmadi. Masalan, bir necha yil avval mamlakatda bank kartalari joriy etildi, ammo bankomatlar yetarli emas edi. Yangi -Prezident faoliyat boshlaganidan so‘ng vaziyat o‘zgara boshladi. 2017 yil oxiriga qadar Toshkentning o‘zida aholi bank kartalaridan o‘z mablag‘ini olishi uchun foydalanadigan mingga yaqin bankomat o‘rnatilishi kerak. Bunday qurilmalar barcha banklar va 50 nafardan ortiq kishi mehnat qiladigan kompaniyalarda o‘rnatiladi.
Darvoqe, O‘zbekistonda bank kartalaridan foydalanish darajasi kengayib bormoqda. Bugungi kunda ikkita kompaniya bank kartalari chiqarmoqda. Dastlabki UzCard kompaniyasi 2004 yilda o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lsa, GlobUzCard’ga respublika Markaziy banki tomonidan 2017 yilning 8 aprelida ruxsat berildi. O‘zbekiston bank xizmatlari sohasidagi ushbu yangi kompaniya operatsiyalarni xorijiy valyutada amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun xalqaro to‘lov tizimlari bilan aloqani yo‘lga qo‘ymoqda.
Valyuta masalasi Prezident tartibga solishni rejalashtirayotgan ikkinchi muhim yo‘nalishdir. O‘zbekistonda dollar asosiy xorijiy valyuta hisoblanadi.
Mamlakatda dollarning ikki xil kursi — rasmiy va «qora bozor»da almashtirish uchun norasmiy kursi mavjud.
Yangi hokimiyat vaziyatni tuzatish maqsadida dollarning so‘mga nisbatan kursini tartibga solmoqda. Natijada 2017 yil boshidan buyon respublikada pul birligi 15 foizdan ziyod qadrsizlandi. Ayni paytda 1 dollarning rasmiy kursi 3820 so‘mni tashkil etadi. Rasmiy Toshkentning ma'lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yilning yozida bu ko‘rsatkich 2950 so‘m bo‘lgan. Shunday bo‘lsa-da, rasmiy kursning o‘sishi hali uzoq vaqt davom etadi. Negaki, shu yilning may oyi oxirida «qora bozor»da 1 dollar narxi 8520 so‘mni tashkil qilgan.
Mamlakat bank tizimi oldiga valyuta bozorini erkinlashtirish vazifasi qo‘yilgan. Xususan, ilgari O‘zbekiston korxonalari valyuta tushumining 50 foizini o‘zida qoldirgan bo‘lsa, endi 25 foizini topshirishi kerak. Bunda banklar xorijiy valyutani jalb qilish bo‘yicha faol ishlarni amalga oshirmoqda. Bularning barchasidan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston so‘mini erkin konvertatsiya qilinadigan valyutaga aylantirishdir. Avvallari bankdan valyuta olish deyarli qiyin masala edi. Aholi dollar sotib olib, faqat «qora bozor»da sotardi. Endi vaziyat ijobiy tomonga o‘zgaradi.
Shu bilan birga, mamlakatda pasport tizimi ham isloh etilmoqda. Jumladan, biometrik pasport va viza berish uchun elektron navbat yo‘lga qo‘yilmoqda. Ehtimol, kelajakda o‘zbekistonliklar xorijiy pasportga ega bo‘lishi, xorijiy davlatlarga chiqish stikerlari bekor qilinishi mumkin. Bu islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, mamlakat aholisining faolligi va biznes raqobatdoshligini oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Yangi ishlab chiqarish yo‘nalishlari
Paxta O‘zbekistonning «tashrif qog‘oz»laridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, paxta mamlakat obro‘sini tushirmoqda. Chunki yetishtirilgan hosil hali ham qo‘lda terib olinmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev bunday holatga chek qo‘yishga qaror qilgan. Respublikada qo‘l terimiga barham berish uchun yiliga 1500 tagacha paxta terish mashinasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shu yil oxirigacha 600 dan ziyod shunday texnika konveyerdan chiqadi. «O‘zagrotexsanoatxolding» rahbari Nodir Otajonovning so‘zlariga ko‘ra, paxtani mashina yordamida terib olishga to‘liq o‘tish uchun qariyb 10 mingta kombayn kerak bo‘ladi. Hozircha dalalarda qariyb 2 mingta paxta terish mashinasi ishlamoqda.
Ammo bu yana bir necha yil qo‘l terimidan foydalaniladi, degani emas. 2016 yil sentabr oyi oxirida davlat rahbari vazifasini vaqtincha bajargan Shavkat Mirziyoyev Xalqaro mehnat tashkiloti tavsiyalariga mos keladigan yangi tahrirdagi «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi Qonunni imzoladi. Shu tariqa xotin-qizlar, voyaga yetmagan bolalar, pensiya yoshidagi mehnat layoqati cheklangan kishilar mehnatini muhofaza qilish masalasiga aniqliklar kiritildi.
Shavkat Mirziyoyev unumdorligi past yerlarda paxta ekiladigan maydonlarni qisqartirish harakatini boshladi. Endi bu yerlarda meva va sabzavotlar yetishtiriladi. 2017 yildan 2020 yilgacha ana shunday maydonlarda paxta boshqa ekinlarga almashtirilishi lozim.
O‘zbekiston rahbariyati bir paytning o‘zida dorivor o‘simliklar yetishtiradigan va qayta ishlanadigan yettita erkin iqtisodiy zonani rivojlantirishga qaror qildi. Bu hududlarda joylashtiriladigan korxonalar ko‘plab soliqlardan ozod etilib, ayrim bojxona imtiyozlariga ega bo‘ladi. Bu milliy farmatsevtika sanoatini qayta tiklash imkonini berishi kutilmoqda.
Ayni paytda O‘zbekiston 6,3 ming nomdagi dori-darmonlarni sotib olmoqda. Mamlakatda 2 ming nomdagi turli dori preparatlari ishlab chiqarilmoqda.
Tashqi siyosat
Shavkat Mirziyoyev mamlakatni boshqarayotgan deyarli bir yil davomida aynan tashqi siyosat uning faoliyatida eng muvaffaqiyatli yo‘nalishlardan biriga aylandi. U nafaqat qo‘shni davlatlar bilan yangi iqtisodiy shartnomalar tuzish, balki chegaralarni delimitatsiya qilish to‘g‘risidagi muzokaralarni qayta tikladi. Bu boradagi bahs-munozaralar SSSR parchalangandan buyon mintaqani tashvishga solib kelayotgan edi. Mirziyoyev mamlakat Prezidenti lavozimiga kirishgandan so‘ng Turkmaniston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Xitoy va AQSh rahbarlari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Turkmaniston rahbari Gurbanguli Berdimuhamedov O‘zbekistonning Turkmaniston bandargohlari orqali Kaspiy dengiziga chiqishiga rozilik berdi, 2020 yilgacha iqtisodiy va madaniy hamkorlik to‘g‘risida qator shartnomalar imzoladi. XXR Raisi Si Tszinpin va Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning turli sohalari — madaniy-gumanitar sohalardan boshlab energetika tarmog‘igacha investitsiya kiritishga taalluqli 100 ga yaqin shartnoma imzoladilar. Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev ham ishbilarmonlik sohasida faollik ortib borayotganini ta'kidladi. Uning ma'lumotlariga ko‘ra, shu yilning birinchi choragida Qozog‘iston bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 37 foizga o‘sgan. Bunday ko‘rsatkichga ikki davlatning vazirliklar va hududlar rahbarlari darajasidagi vakillarining muntazam uchrashuvlari natijasi o‘laroq erishildi. Qirg‘iziston bilan ham har oyda chegaralarni delimitatsiya qilish to‘g‘risida muzokaralar olib borilmoqda. Toshkent va Bishkekdan ma'lum qilishlaricha, ushbu muzokaralar har gal muvaffaqiyatli yakunlanmoqda.
Ichki siyosat
O‘zbekistonning ichki siyosatida ham muammolar to‘planib qolgan. Masalan, Shavkat Mirziyoyev o‘z chiqishlaridan birida militsionerlar jamoatchilik manfaatiga emas, balki ko‘proq o‘z manfaatiga xizmat qilayotganini ochiq-oshkora tanqid qildi. Vaziyatni o‘nglash uchun u prokurorlar va IIB boshliqlariga mahalliy televideniye orqali o‘z faoliyati natijalari haqida muntazam hisobot berishni topshirgan. Bundan buyon ishda yo‘l qo‘yilgan xato uchun nafaqat oddiy xodimlar, balki o‘z qo‘l ostidagilar ishi sifatini oshirishga mas'ul bo‘lgan rahbarlar ham javob beradi.
2016 yil oxiriga qadar O‘zbekistonda militsiya faoliyatini tartibga soladigan qonun yo‘q edi. O‘tgan yilning sentabr oyida shunday qonun qabul qilindi.
2017 yilning oxirigacha so‘roq o‘tkaziladigan barcha xonalarga audio va videokuzatuv tizimlari o‘rnatiladi. Shu bilan birga, surishtiruv ishlarini muvofiqlashtirish va nazorat qilish bo‘limlari tashkil etilib, ularda huquq sohasida oliy ma'lumotga ega bo‘lgan mutaxassislar ishlaydi. 1 maydan mamlakatda «Ishonch telefonlari» ishga tushirildi. Ushbu telefonlar orqali har bir o‘zbekistonlik ichki ishlar organlarining u yoki bu xodimi o‘z xizmat vakolatidan chetga chiqish holatlari haqida xabar berishi mumkin.
Mamlakat sog‘liqni saqlash sohasida ham ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Shavkat Mirziyoyev ta'kidlaganidek, sog‘liqni saqlash tizimida tamagirlik, korrupsiya holatlari avj olgan edi. Prezident bu borada, ayniqsa, tug‘uruqxonalarda ishlaydigan aksariyat akusherlar faoliyatini keskin tanqid qilib, bunday poraxo‘rni ishdan olib, ularning o‘rniga yosh mutaxassislarni ishga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
O‘zbekistonda SSSR parchalanganidan keyin tugatilgan pediatr va o‘smirlar ginekologlari lavozimini qayta tiklashga qaror qilindi.
Shuningdek, qishloq vrachlik punktlari faoliyatini ham yangicha asosda takomillashtirish ishlari boshlandi. Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbari mamlakatda xususiy sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirishning tarkibiy qismi bo‘ladigan tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish masalasini o‘rtaga qo‘ydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu boradagi tegishli qonun shu yilning oktabr oyida e'lon qilinishi zarur. Ushbu hujjatda O‘zbekiston aholisi o‘z sug‘urta guvohnomasi bo‘yicha to‘laydigan badallar miqdori belgilab qo‘yiladi.
Islohotlarning uzviy davomi sifatida 2017 yilning boshidan O‘zbekistonning barcha hududlarida Xalq qabulxonalari tashkil etilib, ularga mamlakat aholisi hokimiyat vakillariga o‘z shikoyat va murojaatlarini yo‘llamoqda. Norasmiy statistika ma'lumotlariga ko‘ra, ilgari ushbu murojaatlarning qariyb 80 foizi ko‘rib chiqilmas edi. Agar oldin bunday holatlar e'tiborsiz qoldirilgan bo‘lsa, aprel oyining o‘zida hududlarda fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishni rad etgan bir necha o‘nlab amaldorlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Prezident Mirziyoyevga bunday keng ko‘lamli islohotlar o‘tkazish nima uchun zarur bo‘lgani va ular qanday natija berishi haqida ekspert «Moskovskiy komsomolets»ga quyidagi fikr-mulohazalarni bildirdi:
Rafael SATAROV, Jorj Vashington universiteti Elliot xalqaro munosabatlar maktabining taklif etilgan tadqiqotchisi:
— O‘ylaymanki, Mirziyoyev davlat rahbari sifatida keng ko‘lamli islohotlarni amalga oshirishni astoydil istaydi. Biroq hukmron elita a'zolari bunga tayyor emas.
Ehtimol, Mirziyoyev O‘zbekiston kelajagini demokratik erkinliklar mavjud bo‘lmagan sharoitda iqtisodiy farovonlik ta'minlanayotgan Janubiy Koreya yoki Tayvanning avtoritar usulida ko‘rayotgandir.
Shunga qaramay, O‘zbekistonda ommaviy axborot vositalarining faoliyati erkinlashganini sezmaslik mumkin emas. Ilgari ular vazirlarni tanqid qilib, hokimiyat tarafdori bo‘lmagan siyosatchilarga so‘z berishi kabi holatlarni tasavvur qilish qiyin edi. Gazetalarda «Prezident ma'muriyatidagi bizning manba» degan so‘zlar paydo bo‘lmoqda.
Mamlakat rahbariyatining ochiq muloqotga yondashuvi ham o‘zgarmoqda. Agar Karimov boshqaruvi davrida xalqqa -Prezidentdan boshqa hech kim murojaat qilmagani bois O‘zbekiston aholisi o‘z mamlakati vazirlari va mansabdor shaxslaridan ko‘ra, Rossiya vazirlari va gubernatorlarini yaxshiroq tanigan bo‘lsa, endi televideniye orqali respublika tashqi ishlar vaziri davlatning tashqi siyosiy yo‘li haqida ochiq gapirmoqda. Mirziyoyev, ehtimol, o‘z atrofida islohotchilar jamoasini tashkil etishga intilmoqda.
Stanislav PRITChIN, RFA Sharqshunoslik institutining Markaziy Osiyo, Kavkaz va Ural-Povoljyeni o‘rganish markazi ilmiy xodimi:
— Mirziyoyev ancha yillar davomida iqtisodiyotning real sektori, jumladan, qishloq xo‘jaligini nazorat qildi, mamlakatning barcha hududlarida bo‘limlari bo‘lgan Liberal-demokratik partiyaga rahbarlik qildi. Shu munosabat bilan u O‘zbekiston xalqining o‘rtacha yoshi 27 yoshni, umuman, mamlakat aholisi 30 milliondan ortiqni tashkil qilishini hisobga olgan holda, O‘zbekistonning protektsionistik chora-tadbirlarga tayangan rivojlanish modelini yangilash zarurligini yaxshi anglaydi. Har yili mehnat bozoriga minglab yoshlar kirib bormoqda va ularni ish bilan ta'minlash dolzarb masalaga aylanmoqda.
Mirziyoyev bu muammoni har tomonlama tushungan holda Prezident vazifasini bajaruvchi maqomidagi dastlabki chiqishida yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish eng asosiy vazifalardan biri ekani haqida gapirgan edi. Bu vazifa o‘z vaqtida iqtisodiyotni erkinlashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va boshqa ko‘pgina masalalarni ham nazarda tutadi.
Boz ustiga, bu borada O‘zbekistonning ikkinchi Prezidentining shaxsiy ambitsiyalari ham borligini ta'kidlash lozim. Mirziyoyev mamlakatni tizimli asosda qayta o‘zgartirishni boshlaganiga qaraganda, u Karimovning munosib shogirdi bo‘lishga va tarixdan talabchan va qat'iyatli islohotchi sifatida joy olishga intilmoqda.
Konservativ doira vakillari ancha kuchli bo‘lsa-da, O‘zbekistonda o‘zgarishlar jadal amalga oshirilmoqda. Masalan, endi hududlardagi har qanday amaldor biron-bir arizachiga javob bermasdan, uni sarson-sargardon qilishdan avval o‘n karra o‘ylab ko‘radi.
Ayni vaqtda Pekin, Ostona va Moskva bilan tuzilgan xalqaro bitimlar yakuni bo‘yicha O‘zbekiston umumiy qiymati 50 milliard dollarlik loyihalarga ega bo‘ldi. Yaqin vaqt ichida ushbu sarmoyalar respublika iqtisodiyotini rivojlantirishda o‘z amaliy ta'sirini ko‘rsata boshlaydi.
O‘z-o‘zidan ayonki, har qanday islohotni nafaqat qonunchilikda mustahkamlash, balki amalga oshirish uchun uzoq vaqt -talab etiladi. Shunday bo‘lsa-da, mamlakat rahbariyati o‘zining asosiy yo‘nalishini aniq belgilab olgan va undan chetga chiqish niyatida emas.
Mavzuga oid
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
21:21 / 17.10.2024