Oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirish muddati o‘zgardimi? Shu va boshqa savollarga javoblar
Fuqarolarning huquqiy mavzusidagi savollariga mutaxassislarning bergan javoblari barcha uchun birdek qiziqarli bo‘ladi. Biz saytimizda ana shunday savol-javoblarni muntazam yoritib borishga qaror qildik. Huquqiy bilimlarini oshirishga qiziqayotganlar Adliya vazirligini rasmiy sayti — minjust.uz ning savol-javoblar bo‘limiga o‘tib, savol-javoblar bilan ham tanishishlari mumkin.
Savol: Farzandim O‘zbekiston terma jamoasi a'zosi edi. Unga davlat tomonidan energiya sarflarini qoplash va jismoniy resurslarini tiklash puli to‘lanardi. Hozir esa to‘lanmayapti. Sababi nimada?
A.BAHRIDDINOV, Toshkent shahri
Savolga Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi yuridik xizmati boshlig‘i Sherzod KARIMOV javob berdi:
— Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 27 apreldagi 121-son qarori bilan tasdiqlangan «Terma jamoalar hamda ularning zaxirasi sportchilari va trenerlarining energiya sarflarini qoplashga va jismoniy resurslarini tiklash uchun maqsadli pul (moliyaviy) mablag‘larini sarflash tartibi to‘g‘risida»gi Nizomning 17-bandiga asosan sportchilarga davlat tomonidan energiya sarflarini qoplash va jismoniy resurslarini tiklash pulini to‘lash:
terma jamoa ro‘yxatidan chiqarilganda;
natijadorlikni jiddiy pasaytirib yuborganda;
intizomiy tartibni qo‘pol ravishda buzganda;
sport tayyorgarligi bilan shug‘ullanmay qo‘yganda
to‘xtatiladi.
Savol: Farzandim shu yilning 31 avgustida 6 yoshga to‘ladi. Lekin o‘qishga juda qiziqadi. Tayyorlov kurslariga berganman. Hozirdanoq harflarni taniydi, sanashni biladi. Ayting-chi, amaldagi tartibga ko‘ra, farzandimni bu yil maktabga bersam bo‘ladimi?
Z.AKBAROVA, Toshkent shahri
Savolga Xalq ta'limi vazirligi yuridik xizmat boshlig‘i Sarvar MIRAZIMOV javob berdi:
— «Ta'lim to‘g‘risida»gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan «Umumiy o‘rta ta'lim to‘g‘risida»gi nizomga muvofiq, umumiy o‘rta ta'lim muassasalarining 1- sinfiga 6–7 yoshli bolalar tibbiy xulosaga muvofiq qabul qilinadi.
Tegishli yilning 31 avgustiga qadar 6,5 yoshga to‘lmagan, 1-sinfda o‘qish istagini bildirgan bolalarning ota-onalari bilan mazkur umumiy o‘rta ta'lim muassasasining pedagog xodimlari va psixologi tomonidan bolani maktabda o‘qish uchun jismonan va ruhan tayyorlash bo‘yicha tushuntirish ishlari olib boriladi.
Savol: 2017 yil oliy ta'lim muassasalariga hujjat topshirish kunlari o‘zgardimi?
A.RAJABOV, Samarqand viloyati
Savolga Davlat test markazi yuridik xizmati boshlig‘i Husan ELMURODOV javob berdi:
— O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni qabul qilishda test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish kiritildi. Unga ko‘ra, 2017 yildan hujjat topshirish 15 iyundan 15 iyulgacha davom etadi.
Mavzuga oid
20:17 / 05.11.2024
Ma’rifiy faoliyat bilan ruxsatsiz shug‘ullanganlik uchun javobgarlik belgilandi
17:18 / 05.11.2024
Raqobat kuchli: Xitoydagi ta’lim tizimi yoshlar orasida ruhiy tushkunlikka sabab bo‘lmoqda
16:29 / 21.10.2024
Kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi
18:35 / 03.10.2024