Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tadbirkorlik muammolari Xalqaro Press-klubning oshkora muhokamasida

12 iyul kuni Xalqaro Press-klubning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tgani haqida avval xabar berilgan edi. Unda Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov va uning o‘rinbosarlari O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirish muammolari, ularni hal etish yo‘llari va hukumat hamda palata tomonidan qanday ishlarga amalga oshirilayotgani, nimalar qilinishi kerakligi muhokama etildi.
Sessiya, XPK ruhiyatiga hamohang ravishda oshkora fikr almashish tarzida bo‘lib o‘tdi. Moderator Sherzodxon Qudratxo‘jayev bu safar sessiyani olib borish tartibiga yangicha yondashib, unda ekspertlar, tadbirkorlik sohasida ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lganlarning fikrini bilishga ko‘proq e'tibor qaratdi.

Sessiyada muhokama qilingan mavzulardan biri O‘zbekistonda elektron tijoratni rivojlantirish masalasi bo‘ldi. Bu borada fikr bildirgan Adham Ikromovning aytishicha, ushbu masala O‘zbekiston rahbarining Farg‘ona viloyatiga safari chog‘ida ko‘tarilgan va hunarmandlarning elektron tijoratdagi imkoniyatlarini o‘rganish vazifasi topshirilgan. Prezident hunarmandlarning tashqi bozorlarga chiqishi cheklanganini qayd etar ekan, valyuta faqat Markaziy bankda emas, balki tadbirkorlarning bank kartochkalarida ham bo‘lishi kerakligini alohida uqdirgan.

«Hozirda biz Rishton tumanining sopoldan yuqori sifatli mahsulotlarni ishlab chiqarish va ularni elektron to‘lov kartalari orqali sotish imkoniyatlarini diqqatbilan o‘rgandik. Bu kabi elektron savdo maydonlari O‘zbekistonda bir nechta, masalan, arba.uz. Shuningdek, SSPning UPAY brendidan ham foydalanish mumkin. Ammo biz tashqi bozordagi internet savdo maydonlariga ham chiqishimiz kerak. Bugungi kunda Rishton tumani eksport salohiyati oyiga 150 ming dollarni tashkil etadi. Yil oxirigacha, elektron savdo yo‘li bilan bu raqamni 1-1,5 mln dollarga yetkazish mumkin», - dedi SSP raisi.
Muhokama chog‘ida milliy qonunchilikdagi qator xato va kamchiliklarga ham e'tibor qaratildi. Davlat organlarining qonunchilikdagi turli ma'noli bandlarni tadbirkorlar foydasiga emas, ularning ziddiga qo‘llashi amaliyotlari, SSP huzurida prognozlash markazi va axborotnomani tashkil etish borasida fikr almashildi.

Adham Ikromov me'yoriy hujjatlarga muvofiq, aslida qonunchilikdagi turli mazmundagi va tushunarsiz bandlarning ijrosi tadbirkorlar foydasiga hal etilishi kerakligini ta'kidladi. Afsuski, bu ishlamayapti, bunda o‘zbek tadbirkorlarining huquqiy savodxonligi pastligi yoki yo‘qligi ham hal qiluvchi omillardan biri bo‘lmoqda. SPP huzuridagi ekspertlar kengashi, hakamlik sudlari va xalqaro hakamlik sudlari bu kabi tortishuvli masalalarni hal etish imkonini beradi.
SSP raisining birinchi o‘rinbosari Islom Jasimov shu mavzuni to‘ldirar ekan, qonunchilikdagi nuqsonlar yoki turli mazmundagi bandlarning mavjudligini eng dolzarb masalalardan biri sifatida ta'rifladi. Uning aytishicha, davlat rahbari tomonidan bu muammoni hal etish uchun 3 oy muddat berilgan. Barcha normativ-huquqiy hujjatlar o‘rganiladi. Hozirda, katta ishchi guruh shakllantirilgan. SSPga Adliya vazirligi, Bosh prokuratura, Iqtisodiyot vazirligi va boshqa tashkilotlar yordam beradi. Davlat rahbari barcha vazirliklarga tadbirkorlikdan barcha to‘siqlarpni olib tashlash vazifasini topshirgan.

Munozara shaklida tashkil etilgan sessiyada turli fikrlar, qarashlar ham ilgari surildi, mavjud muammolarga e'tibor qaratildi. Jumladan, sessiya moderatori Sherzodxon Qudratxo‘jayev tadbirkorlar va mamlakat fuqarolariga ham murojaat tarzidagi fikrlarini bildirib, ularni halollikka, vatanparvar bo‘lishga undadi.
Uning aytishicha, hayotda barcha narsa bir-biri bilan bog‘liq. Tadbirkorlarning naqd pul tushumini vijdonan inkassatsiya qilishi farzandlar ta'lim tarbiyasi, yo‘llar va shifoxonalar, boshqa muhim infratuzilmalarni barpo etish kabi masalalarni hal etishda muhimdir. Fuqarolar esa, bozorlarda vatanparvarlik namoyon etib, o‘zimizda ishlab chiqilgan, sifati xorijnikidan qolishmaydigan, hatto ayrim jihatlari bo‘yicha ularni ortda qoldiradigan, qolaversa, hamyonbop mahsulotlarni xarid qilishsa mahalliy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlagan, ularga ko‘mak bergan bo‘ladi.

“Misol uchun, o‘zim Ko‘kchada katta bo‘lganman. Yoshligimizda tonggi 6 gacha sut mahsulotlari sotib olish uchun navbatda turardik. Nonni kechqurun olardik. Bugungi kunda esa, do‘kon degan tushuncha ham deyarli iste'moldan chiqmoqda. Aksariyat aholi supermarketlarda savdo qiladi. U yerda o‘zimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar qatorida xorijniki ham bor. Shu vaqtda, xorij mahsulotlarini kamsitmagan holda mahalliy mahsulotlar, u xoh oziq-ovqat bo‘lsin, xoh kiyim-kechak bo‘lsin, xarid qilsak, albatta davlat va tadbirkorlik rivojiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz”, - dedi XPK moderatori.
Yig‘ilish ishtirokchilari ham muhokamadan chetda bo‘lmay, aksincha o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi. Jumladan, tadbirkor Aziza Umarova, nafaqat qonunchilikni o‘zgartirish, balki ko‘plab ma'muriy-buyruqbozlik bosimiga uchragan ko‘plab tarmoq va sohalar boshqaruvini, o‘z-o‘zini boshqarish imkoniyatini taqdim etish bilan yengillashtirish kerakligini bildirdi.

Uning yana bir taklifi – xususiy sektorga doir bo‘lib, «Sariq sahifalar qoidasi» (Yellow pages rule)ni joriy qilish bo‘ldi. Unga ko‘ra, bozorda davlat korxonasi bilan birga yana 3ta xususiy kompaniya ayni sohada faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, ushbu sohada davlat ishtirokidagi yana bir korxonaga asos solishni taqiqlash nazarda tutiladi.
Ishtirokchilardan biri, tadbirkor Hikmat Abduraxmanov dunyoning ko‘plab mamlakatlari, hatto yaqin qo‘shni davlatlarda ham O‘zbekiston, uning xususiy sektori va imkoniyatlari haqida yaxshi bilmasliklarini ta'kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, xorijda O‘zbekistonda qanday qilib biznesni yo‘lga qo‘yish mumkin?, degan savol paydo bo‘ladi. Hatto, ayrim xorijiy davlat idoralari ham O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlarni import qilishda mahalliy tadbirkorlarga yordam berishga qiziqish bildirmoqda. Shu bilan birga, xorijda nafaqat ichki nazorat va audit taraqqiy etgan, balki manfaatlarning korrupsiya omili va ziddiyatini tahlil qilish yo‘lga qo‘yilgan.
Sessiyada, shuningdek, tadbirkorlar tomonidan eksport-import amaliyotlarini bajarishda logistika muammosi ham e'tiboridan chetda qolmadi. Spikerlar va SSP raisi o‘rinbosarlari o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha OAV vakillari va tadbirkorlarni qiziqtirgan turli savollarga javob qaytarishdi.

Suratlar manbasi: Xalqaro press-klub
Mavzuga oid
10:00
400 biznesmen bir davrada – Osiyo, Arab va Afrikani bog‘lovchi makon ishbilarmonlari Toshkentda yig‘ildi
10:00 / 20.01.2026
Vizalarni soddalashtirish, tur-paketlarni muqobillashtirish, noqonuniy migratsiyani kamaytirish: elchi va tadbirkorlar uchrashuvida qanday masalalar ko‘tarildi?
19:44 / 22.10.2025
“Qashqadaryoda ish beruvchilar va ishchilarning qo‘nimsizligi eng katta muammo” – Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov
17:18 / 13.08.2025