Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
400 biznesmen bir davrada – Osiyo, Arab va Afrikani bog‘lovchi makon ishbilarmonlari Toshkentda yig‘ildi
Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Osiyo, Arab, Afrika mamlakatlarini bir-biriga bog‘lovchi muhim iqtisodiy makonda joylashgan davlatlar biznes vakillari biznes forumda to‘plandi. 400 dan ortiq ishbilarmonlarni jamlagan forum B2B uchrashuvlar va muhim eksport shartnomalariga maydon bo‘lishi kerak.
Afg‘oniston, Bahrayn, Misr, Iroq, Qatar, Kuvayt, Malayziya, Ummon, Saudiya Arabistoni, Suriya va BAA – bu davlatlarning har biri yildan yilga O‘zbekistonning faol savdo sheriklariga aylanmoqda. Biznes vakillari va o‘zbekistonlik eksportyorlarni jamlagan ushbu forum eksport hajmini oshirish, investitsiyalarni jalb qilish hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot uchun samarali maydon yaratishi kerak.
Forumda rasmiy delegatlar ham qatnashdi. Masalan, Indoneziya savdo vaziri o‘rinbosariga ko‘ra, bu davlat bilan O‘zbekistonning savdo aylanmasi bugun 181 mln AQSh dollari. Ikki davlat erkin savdo bitimi ustida ishlamoqda.
«Ayni paytda O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan indoneziyalik investorlar va kompaniyalar bor. Ayniqsa, mehmonxona va turizm sohasida ularning ishtiroki sezilarli. Biz nafaqat iqtisodiy, balki madaniy va diniy jihatdan ham umumiy qadriyatlarga egamiz. Indoneziya dunyodagi eng katta musulmon aholiga ega davlatlardan biri. Shu bois ko‘plab indoneziyaliklar Imom Buxoriyning Samarqand yaqinidagi ziyoratgohlarini ziyorat qilish uchun O‘zbekistonga keladi. Bu esa turizm va mehmondo‘stlik sohalarida hamkorlik uchun katta imkoniyat yaratadi. Savdo sohasida ham hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Masalan, biz O‘zbekistondan mineral o‘g‘itlar import qilamiz, o‘z navbatida Indoneziyadan qog‘oz mahsulotlari va boshqa turli tovarlar eksport qilinadi”, deydi Dyax Roro Esti Vidya Putri.

Biznes forumida xorijlik qatnashchilar O‘zbekistonning iqtisodiy islohotlaridan ham boxabar qilindi.
-Siz qaysi yo‘nalishda ishlaysiz va bugungi muloqotdan nimalarni kutyapsiz?
- Biz to‘qimachilik sohasida faoliyat yuritamiz hamda Navbahor tekstil klasteri bilan 3 yildan buyon samarali hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Hozirgi kunda logistika yo‘nalishida ayrim qiyinchiliklar mavjud, ayniqsa Osiyo bozorlariga mahsulot yetkazib berish uchun yangi yechimlarga ehtiyoj sezilmoqda. Shu bilan birga, tashqi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini yanada kengaytirish muhim ahamiyatga ega. O‘zbekistonning to‘qimachilik salohiyati juda yuqori: mamlakatda sifatli paxta, zamonaviy texnologiyalar va malakali kadrlar mavjud. Shu bois, bu sohaning kelajagiga katta ishonch bilan qaraymiz. Biz sifatli paxta va ishonchli ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qilib, yuqori sifatli ip-kalava hamda mato mahsulotlari ishlab chiqarishga hissa qo‘shmoqdamiz, deydi malayziyalik ishbilarmon Ramamurti.
Oziq-ovqat sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, farmatsevtika, qurilish materiallari, logistika, elektron tijorat va turizm – bu davlatlar bilan hamkorlikning asosiy prioritetlari bo‘lmoqda.
“O‘zbekiston eshitganimdan ko‘ra boshqacharoq davlat ekan. Biz bu yerda rostdanam qila oladigan ko‘plab loyiha va imkoniyatlarni ko‘ryapmiz. Biz O‘zbekiston va bu yerdagi iqtidorli insonlar bilan uzoq muddatli, strategik hamkorlik qilishni istaymiz. O‘zbekistonda juda kuchli salohiyat borligini ko‘ryapmiz. Biz shu salohiyatga sarmoya kiritish va raqamli iqtisodiyot sohasida xalqaro miqyosda natija beradigan loyihalarni birgalikda rivojlantirishni xohlaymiz. Hukumat o‘z ishini juda yaxshi olib bormoqda. Masala talab yoki shartlarda emas, balki qanday qilib birgalikda hamkorlik qilishimiz mumkinligidadir. Avvalo, mamlakatning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlab olishimiz kerak. Bizda ko‘plab g‘oyalar va tashabbuslar bor, ammo ishni aynan O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan ustuvor vazifalardan boshlashni xohlaymiz. Shu asosda hamkorligimizni yo‘lga qo‘yamiz”, - deydi Qatarning MBK Holding kompaniyasi asoschisi va raisi Shayx Mansur bin Xalifa ol Soniy.

O‘zbekiston Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga faol tortib keladi. Chunki O‘zbekiston uchun iqtisodiy jihatdan rivojlangan Afg‘oniston muhimroq. Biznes forumda afg‘on delegatlarini ham ko‘rish mumkin.
«Biz O‘zbekiston yaxshi mamlakat ekanini bilamiz va hukumat ham juda yaxshi. Shuning uchun bu yerga keldik. O‘zbekiston kompaniyalari bilan biznes yo‘lga qo‘yishga harakat qilyapmiz. Agar imkoniyat bo‘lsa, bu yerga investitsiya ham kiritishimiz mumkin.
Bugun forumda bir nechta kompaniyalar bilan uchrashdik. Suhbatlashdik va ertaga ham muzokaralarni davom ettirish rejamiz bor. Balki ayrim kompaniyalar bilan biznes ham boshlanishi mumkin”, deydi afg‘on biznesmeni Humoyun Gardeziy.

Oltin sanoati bo‘yicha tadbirkorlardan biri o‘z yo‘nalishida O‘zbekistonning salohiyatini yuqori baholaydi.
«Biz O‘zbekistonga taxminan o‘n oy oldin keldik va oltin biznesidagi imkoniyatlarni o‘rganib, bu yerga sarmoya kiritishga qaror qildik. O‘zbekiston biznes uchun juda qulay mamlakat. Hozirda Uchtepa tumanida Germ Gold kompaniyamiz faoliyat yuritmoqda va asosan eksport bilan shug‘ullanyapmiz. Biz O‘zbekistondagi eng yirik brendlardan biriga aylanishni maqsad qilganmiz. Bozor sharoitlari yaxshi, biznes yuritishda hech qanday muammoga duch kelmayapmiz”, deydi turkiyalik investor.
- Yana qanday aniq rejalaringiz bor?
-Kompaniyamiz mahsulotlari bugungi kunda Fors ko‘rfazi davlatlari va Hongkongga eksport qilinmoqda. Yaqin vaqt ichida Turkiya bozoriga ham O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berishni rejalashtirganmiz. Turkiyada ham faoliyatimiz mavjud bo‘lib, u yerda 16 ta filialimiz ishlaydi.
-Oltinning sifati qanday, bizning xalq o‘zbek oltini darajasi yuqori deb aytadi.
-Mening fikrimcha, oltinning sifati hamma joyda bir xil. Asosiy farq dizayn va ishlab chiqarish uslubida. Bozor talablari tez o‘zgarib borayotgani uchun biz doim yangi namunalar ustida ishlaymiz. Masalan, so‘nggi besh oyda bilaguzuklar bo‘yicha 300 dan ortiq yangi dizayn yaratdik, deya qo‘shimcha qildi turkiyalik ishbilarmon.
Forum doirasidagi B2B uchrashuvlar yangi sherik va hamkorlar topish, eksport shartnomalari va qo‘shma investitsiya loyihalari yuzasidan muzokaralar olib borish imkonini yaratdi.
Mavzuga oid
10:00 / 20.01.2026
Vizalarni soddalashtirish, tur-paketlarni muqobillashtirish, noqonuniy migratsiyani kamaytirish: elchi va tadbirkorlar uchrashuvida qanday masalalar ko‘tarildi?
19:44 / 22.10.2025
“Qashqadaryoda ish beruvchilar va ishchilarning qo‘nimsizligi eng katta muammo” – Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov
17:18 / 13.08.2025
“Quruvchi tannarxidan emas, budjetga to‘laydigan solig‘idan chegirma qilib beryapti” – SSP raisi
15:19 / 07.07.2025