O‘zbekiston | 15:20 / 14.07.2017
25201
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada olingan diplom qanday nostrifikatsiya qilinadi? Shu va boshqa savollarga javoblar

SAVOL: Mehnat daftarchamni yo‘qotib qo‘ydim. Uni qanday qayta tiklashim mumkin?

Savolga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bosh yuriskonsulti Ravshan Umarov javob berdi:

«Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to‘g‘risida»gi Yo‘riqnomaning 4-qismi 1-bandiga muvofiq, mehnat daftarchasi yo‘qotib qo‘yilgan taqdirda, shuningdek, foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lib qolgan (yirtilgan, yongan, yozuvlari bo‘yalgan) hollarda mehnat daftarchasining dublikati xodimning oxirgi ish joyidan beriladi.

 

SAVOL: Chet elda 6 oylik o‘quv kursida o‘qib kelmoqchiman, ish haqi saqlanmagan holda ta'til olishim mumkinmi?

Savolga Yunusobod tuman Bandlikka ko‘maklashish markazi yetakchi yuriskonsulti Nodira TOSheVA javob berdi:

Mehnat kodeksining 150-moddasi birinchi qismiga muvofiq, xodimning arizasiga ko‘ra unga ish haqi saqlanmagan holda ta'til berilishi mumkin, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi.

 Lekin u o‘n ikki oylik davr mobaynida jami uch oydan ortiq bo‘lmasligi kerak.

 

SAVOL: Rossiyaning Sank-Peterburg politexnika universiteti diplomimni qanday tartibda nostrifikatsiya qilaman?

Savollarga Davlat test markazi yuridik xizmati boshlig‘i Husan ELMURODOV javob berdi:

Vazirlar Mahkamasining «Xorijiy davlatlarda ta'lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish va nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish) tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi 2017 yil 3 apreldagi 173-sonli qaroriga ko‘ra Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Davlat test markazining qo‘shma buyrug‘iga asosan kuchli 500 taliklar ro‘yxatiga kirgan Oliy ta'lim muassasalarining diplomlari imtihonsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri nostrifikatsiya qilinadi.

Rossiyaning Sank-Peterburg politexnika universiteti mazkur ro‘yxatda borligi sababli diplomingiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri nostrifikatsiya qilinadi. Qaror chiqqanidan hozirga qadar Davlat test markazida 27 ta shu turdagi diplomlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri nostrifikatsiya qilindi.

 

SAVOL: Transport vositamni majburiy sug‘urta qilish sug‘urta polisiga o‘g‘limni nomini qanday tartibda qo‘shsam bo‘ladi?

Savolga «O‘zagrosug‘urta» AJ boshqaruvi yuridik departamenti boshlig‘i Ilhom IShONQULOV javob berdi:

Majburiy sug‘urta shartnomasi amal qilish davrida transport vositasini boshqarishga qo‘shimcha ravishda haydovchi qo‘shilgan taqdirda sug‘urta qildiruvchi yozma shaklda ariza bilan qo‘shilayotgan haydovchining (jismoniy shaxsning) pasporti yoki boshqa shaxsini tasdiqlovchi guvohnomasini, transport vositasini boshqarishga berilgan ishonchnoma, haydovchilik guvohnomasi va sug‘urta polisining asl nusxasini taqdim etadi va sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urta polisi qayta rasmiylashtirib beriladi.

P.S. Huquqiy savollarga javoblar olishdagi yordami uchun mushtariylar nomidan Adliya vazirligi matbuot xizmatiga tashakkur bildiramiz.
Tahririyat.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid