O‘zbekiston | 22:06 / 14.07.2017
18502
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: Ayrim deputatlar ko‘r-ko‘rona ovoz berish bilan shug‘ullanadi

Foto: uza.uz

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida 2017 yil 12 iyul kuni parlament palatalari, siyosiy partiyalar, O‘zbekiston Ekologik harakati, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari faoliyatining tahlili hamda istiqboldagi vazifalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari, hukumat a'zolari, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Videokonferensiya aloqasi orqali yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar, tuman va shaharlar kengashlari a'zolari, mahalliy ijro organlari rahbarlari, jamoatchilik vakillari qatnashdi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma'ruza qildi.

Davlat rahbari o‘z ma'ruzasida qator takliflarni ham ilgari surib, ayrim deputatlarning faoliyatiga tanqidiy baho berdi. 

“Shunday parlament vakillari ham borki, o‘tgan qariyb 2 yarim yil mobaynida (Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yangi tarkibi saylanganidan buyon – tahr.) muhokama etilayotgan qonun loyihalari va masalalari yuzasidan biror marta ham ma'ruza qilmagan. Ularga munosabat bildirmagan, yoki ma'ruzalar yuzasidan chiqishlar qilmagan. Ular ko‘r-ko‘rona ovoz berish bilan shug‘ullanadi. Afsuski, bu haqiqat. 

Deputat va senatorlar o‘z faoliyatlari xususida saylovchilarini xabardor etib borishi, internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalarini ochib, zarur ma'lumotlarni kiritib borishlari lozim. Dunyoning ko‘pgina mamlakatlari, allaqachon shu tizimga o‘tgan. Bu boradagi ishlarni tashkil etish vazifasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbari Shermatovga topshiriladi”, - degan Shavkat Mirziyoyev.    

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid