O‘zbekiston | 20:58 / 15.07.2017
11060
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zLiDeP: Ish uslublarimizni mutlaqo o‘zgartiramiz

2017 yil 12 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev siyosiy partiyalar va parlament vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, unda ma'ruza qilgan edi. Shu munosabat bilan respublikadagi siyosiy partiyalar vakillari davlat rahbari ma'ruzasiga o‘z munosabatlarini bildirishmoqda. Xususan, O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Elbek Shukurov ham bu boradagi fikrlarini Kun.uz bilan o‘rtoqlashdi. 

Elbek Shukurov

Kuni kecha mamlakatimiz rahbarining siyosiy partiyalar va parlament vakillari bilan uchrashuvida faoliyatimizga doir chuqur tahlillarga asoslangan tanqidiy fikrlar bildirildi.

Prezidentimiz bildirgan fikrlardan bir narsaga amin bo‘ldikki, hozirgi zamon shiddati, oldimizda turgan vazifalar ko‘lami eskicha, bir qolipda ishlab bo‘lmasligini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Oldimizda turgan vazifalar barcha siyosiy partiyalardan, ayniqsa, yetakchi siyosiy kuch bo‘lgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nihoyatda faollikni, jonkuyarlikni, ishga yangicha yondashuvni talab qiladi.
Ma'ruzada ta'kidlanganidek, tadbirkorlik va fermerlikni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarda partiyamizning o‘rni yetarli darajada ko‘rinmayapti.

Vaholanki, xalqimiz, ayniqsa, elektoratimiz vakillari bizdan hayotimizni yanada farovon qilish borasida yangi g‘oyalar va tashabbuslarni kutmoqda.

Biz, uchrashuvdan keyin faollarimiz bilan yig‘ilib, Prezidentimiz tomonidan bildirilgan tanqidiy fikrlardan kelib chiqadigan vazifalarni aniq belgilab oldik.
Buning uchun, eng avvalo, aholi orasida olib borayotgan ish uslublarimizni mutlaqo o‘zgartirishimiz lozim bo‘ladi.

Samarasiz tadbirlar o‘tkazishdan voz kechib, butun imkoniyatlarimizni tadbirkor va fermerlarni o‘ylantirayotgan muammolarni hal qilishga, saylovchilar ishonchini oqlashga yo‘naltiramiz.

Ikkinchidan, Harakatlar strategiyasida ilgari surilgan vazifalarni amalga oshirishda zimmamizda turgan mas'uliyat boshqalarga qaraganda bir necha marta yuqori ekanini inobatga olib, dasturiy hujjatlarimizni tubdan qayta ko‘rib chiqamiz.

Uchinchidan, partiya tizimiga salohiyatli kadrlarni jalb qilish borasidagi tanqidiy fikrlardan xulosa chiqarib, partiya tizimiga yosh va salohiyatli kadrlarni jalb qilish bo‘yicha aniq rejalar asosida ish olib boramiz.

Xalqimiz farovonligini ta'minlashga qaratilgan aniq ishlar faoliyatimizning bosh mezoniga aylanadi.

Elbek Shukurov,

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi 
Ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari

Mavzuga oid