Xorijlik fuqarolarga litsey va kollejlarimizda o‘qish uchun to‘lov miqdori qancha?
SAVOL: Xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasidagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ta'lim olishi uchun to‘lov miqdori qanchani tashkil etadi va qanday tartibda amalga oshiriladi?
Sh.MURODOV, Toshkent shahri
JAVOB: Bugungi kunda xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasidagi akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ta'lim olishi uchun to‘lov miqdori O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda bir o‘quv yili uchun 1000 AQSh dollar etib belgilangan.
Xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasida akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ta'lim olishi uchun to‘lov tartibi, agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013 yil 26 fevralda 2431-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan «Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarida o‘qitishning to‘lov-kontrakt shakli va undan tushgan mablag‘larni taqsimlash tartibi to‘g‘risida»gi nizom talablari asosida hamda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasi va o‘quvchi yoxud uning ota-onasi (yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxslar) o‘rtasida tuzilgan shartnoma shartlariga muvofiq amalga oshiriladi.
SAVOL: Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasida akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida ta'lim olishi qanday tartibda (ya'ni, xorijiy fuqarolar uchun belgilangan tartibdami yoki O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun belgilangan tartibda) amalga oshiriladi?
Z.XAMIDOVA, Toshkent shahri
JAVOB: «Ta'lim to‘g‘risida»gi Qonunning 4-moddasi to‘rtinchi qismiga (29.08.1997 yildagi 464-I-son) asosan O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar bilim olishda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari bilan teng huquqlarga ega. Agar o‘quvchi O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilib fuqaroligi bo‘lmagan shaxs hisoblansa, akademik litsey yoki kasb-hunar kolleji rahbariyati undan chet el fuqarosi sifatida o‘qish uchun haq to‘lashni talab qilishga haqli emas.
SAVOL: Kasb-hunar kollejida o‘qituvchi bo‘lib ishlayman. Bir yilda qancha moddiy rag‘batlantirish olishim mumkin?
A.RASULOVA, Toshkent viloyati
JAVOB: Vazirlar Mahkamasining 2008 yil 1 avgustdagi 165-son qarori bilan tasdiqlangan «O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasining direktor jamg‘armasi to‘g‘risida»gi nizomning 5-ilovasida O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarining ayrim o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini mukofotlash ularning o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasasini rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi va o‘z faoliyatida yuqori ko‘rsatkichlarga erishganligi uchun ularga bir lavozim maoshigacha mikdorda bir yo‘la mukofot to‘lash yo‘li bilan amalga oshiriladi. Mukofotlash o‘quv yurti ish yakunlarini chiqarish natijalari bo‘yicha amalga oshiriladi, deb belgilab qo‘yilgan.
Savollarga Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining O‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi markazi yuriskonsulti Umidjon AVeZOV javob berdi.
Mavzuga oid
12:10
Kuvayt O‘zbekiston fuqarolari uchun ta’lim grantlari sonini oshiradi
16:29 / 21.10.2024
Kadrlar tayyorlaydigan yagona texnikumlar tarmog‘i tashkil etiladi
18:35 / 03.10.2024
O‘zbekiston global bilimlar indeksida 78-o‘rinni egalladi
23:16 / 30.09.2024