O‘zbekiston | 15:16 / 19.07.2017
19990
3 daqiqa o‘qiladi

Don ekinlaridan bo‘shagan 826 gektar yerga o‘t qo‘yilgani aniqlandi

Mavsum boshidan buyon Toshkent viloyatida 167 fermer xo‘jaligida 826 ga maydondagi somonpoyaga o‘t qo‘yish holatlari aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Aybdorlarga nisbatan 152,7 mln so‘mlik da'vo kiritilib, 22 mln so‘mdan ziyodroq jarimalar undirildi. Qolgan mablag‘lar bo‘yicha sud organlariga tegishli hujjatlar taqdim etildi.

Somonpoya yoqilishidan paydo bo‘luvchi tutun — atmosferani kuchli ifloslantiruvchi hisoblanadi. 1000 ga somonpoya yonishidan atmosferaga 500 kg gacha azot oksidlari, 370 kg uglevodorodlar, 3 tonna kul, 20 tonna karbonat angidrid va is gazi ajralib chiqadi. Tutun juda sekin tarqaladi, ikki kun davomida zararli moddalar deyarli yo‘qolmaydi, yer usti qatlamida qoladi.

Havoga tushgan zararli moddalar zaharlanish va yuqori nafas yo‘llari, markaziy asab tizimi va ko‘zlar shilliq pardasining shikastlanishiga olib kelishi mumkin. Muntazam ravishda tutundan nafas olish saraton kasalliklarini keltirib chiqaradi. Is gazi esa qondagi gemoglobin bilan tezda aloqaga kirishib, to‘qimalarga kislorod yetib borishiga to‘siq qo‘yadi.

Davlat ekologiya qo‘mitasi mutaxassislarining ta'kidlashicha, maydonlarga o‘t qo‘yilishi tuproq unumdorligi uchun foydali degan fikr noto‘g‘ri. Poyalarga o‘t qo‘yilishi oqibatida tuproqning yuqori qatlamlaridagi unumdorlik uchun foydali barcha mikroorganizmlar, chuvalchanglar, hashorat va g‘umbaklar nobud bo‘ladi. Tuproq unumdorligi bir necha yillar davomida tiklanmaydi. Bu esa fermerlar uchun iqtisodiy va ijtimoiy xavflarni keltirib chiqaradi.

Hosildan keyingi maydonlar, quruq shox-shabbalar yoki boshqa o‘simliklar qoldiqlariga o‘t qo‘yish eng kam ish haqining besh baravarigacha miqdorda jarimaga tortilishiga sabab bo‘ladi. Qonunchilikka kiritilishi kutilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, kelgusida bu miqdor yetkazilgan zarar hajmiga qarab yanada ortishi mumkin.

Mavzuga oid