Sport | 16:00 / 20.07.2017
7124
2 daqiqa o‘qiladi

«Barselona» Neymarni yo‘qotishdan xavfsiramoqda

«Barselona» rahbariyati jamoaning asosiy futbolchilaridan biri Neymar «PSJ»ga o‘tib ketishi mumkinligi haqidagi xabarlardan jiddiy tashvishga tushgan.

Sport manbasi ma'lumotiga ko‘ra, katalonlar klubi prezidenti Xosep Mariya Bartomeu braziliyalik futbolchini parijliklar jamoasiga o‘tib ketish qaroridan qaytarish uchun u bilan uchrashgan.

Xabarda aytilishicha, «Barselona»dagilar vaziyatni yaxshi tushunib turishibdi: «PSJ» Neymarga astronomik miqdordagi mablag‘ va jamoa yetakchisi bo‘lishni taklif qilmoqda.«Barselona»da esa sharoit bunday emas. Kataloniyaliklar klubida asosiy shaxs Lionel Messi va uning o‘rni muhokama etilmaydi.

Neymarning ketishi mumkinligi haqidagi xabarlar aynan Messi tufayli paydo bo‘ldi. Futbolchining yaqinlari u hozirgi jamoasida Messining soyasida qolib ketayotganini iddao qilib, uni boshqa jamoaga o‘tishga undashgan.

Bartomeuning Neymar bilan uchrashuvi natijalari hozircha ma'lum emas.

Eslatib o‘tamiz, Neymarning ketishi mumkinligi haqidagi xabarlar ortidan «PSJ» ushbu braziliyalik 25 yoshli futbolchi uchun uning shartnomasida ko‘rsatilgan 222 mln yevroni to‘lashga tayyorligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

«Barselona» vakillari bu futbolchisi ketishi mumkinligi haqidagi xabarlarni bir necha marta rad etgan bo‘lsada, bugunga kelib jamoa «Monako» hujumchisi Kilian Mbappeni Neymarga o‘rinbosar sifatida ko‘rayotgani haqida xabar qilindi.

Neymar kataloniyaliklar jamoasida 2013 yildan buyon o‘ynab kelmoqda. U o‘tgan vaqt ichida jamoa uchun 186 uchrashuv o‘tkazib, 105 gol urgan va 80 golga uzatma bergan. Uning jamoa bilan amaldagi shartnomasi muddati 2021 yilgacha.

Mavzuga oid