Sport | 11:41 / 20.07.2017
8392
6 daqiqa o‘qiladi

Mourino intervyu berdi. U yozgi transferlardan rozi emas

«Manchester Yunayted» jamoasi bosh murabbiyi Joze Mourino AQShdagi mavsumoldi turnesi davomida angliyalik jurnalistga intervyu berdi.

«Gvardiola menga asosiy raqib emas»
– Ispaniya chempionatida ikki klub o‘rtasida kurash kechardi. Gap nima haqida ketayotgani tushunarlidir. Ha, keyingi vaqtlarda «Atletiko» yaxshi o‘yin ko‘rsata boshladi, ular sovrinlar uchun kurashmoqda. Ammo men «Real»da, Gvardiola «Barselona»da ishlaganida, vaziyat boshqacha edi. 3 yil davomida barcha sovrinlar uchun faqat bizning jamoalarimiz o‘rtasida kurash kechgan. Hamma bizning qarama-qarshiligimiz haqida gapirardi. 

Ko‘pchilik bizning munosabatlarimiz haqida yanglish fikrda. Yo‘q, biz bir-birimizga dushman emasmiz. Ha, men «Real» murabbiyi ekanimda jamoaning natijalari yaxshilanishi uchun harakat qilganman. Biz «Barselona»ning yakkahokimligiga chek qo‘yishimiz kerak edi. Ammo unutmaslik kerakki, biz o‘z vaqtida bitta kiyim almashtirish xonasida, bitta jamoa bazasida ishlaganmiz. Hozir esa biz shunchaki hamkasblarmiz, boshqa hech narsa. Pep menga raqobatchi emas. Siz buni tushunishingizni istardim.

Albatta, jamoalarimiz raqiblar, biz Angliya chempionatida sovrinlar uchun kurash olib boramiz. Ammo biz bir-birimizni hurmat qilamiz. Bu esa juda muhim.

«Manchester Siti»ga qarshi bo‘lajak o‘yin haqida
– Alohida hech narsa yo‘q. Bu boshqa o‘yinlar qatori o‘yin bo‘ladi. Mavsumoldi tayyorgarlik doirasidagi bu o‘yin boshqa o‘yinlardan farq qilmaydi. Albatta, bu raqib tarkibidagi futbolchilar «Gelaksi» futbolchilaridan kuchliroq.

Biz mashg‘ulotlarda jismoniy yuklamaga e'tibor qaratmoqdamiz. Men mavsumda hammani o‘ynatishni istayman. Hammani. Men uchun natijadan ko‘ra, o‘yin sifati muhim. Buning uchun biz qattiq mehnat qilishimiz kerak. 

Ha, buni derbi deyishadi. Bundan qochib qutulib bo‘lmaydi. Odamlar bu o‘yinni shu nuqtai nazardan kuzatishsa kerak. Agar biz yutsak – ko‘pchilik xursand bo‘ladi. Yutqazsak ham ko‘pchilik xursand bo‘ladi. 

Oldindagi mavsum haqida
– Tez orada yangi mavsum boshlanadi. O‘ylaymanki, bu mavsum avvalgisidan butunlay farq qiladi. Nima uchunmi? Barcha gap Chempionlar ligasida. Bu mavsumda «Chelsi» va «Liverpul» ham Chempionlar ligasi tufayli haftasiga faqat bitta o‘yin o‘tkaza olmaydi. 

«Chelsi» yoki «Liverpul»ning natijalarini yerga urmoqchi emasman. «Chelsi» chempion bo‘lishga loyiq edi. Ammo shunisi aniqki, senda haftasiga bir o‘yin bo‘lishi, keyin 3 kun dam olishing ustunlik beradi.

Yangi mavsumda esa bunday bo‘lmaydi. Ular boshqacha vaziyat bilan to‘qnashadi. Lekin Konte va Klopp qo‘li ostida qanday tarkiblar borligini e'tibordan qochirmaslik kerak.

Transfer kompaniyasi haqida
 – Biz hamisha ko‘prog‘ini xohlaymiz. Biz hamisha vaziyatni yanada yaxshilash mumkinligini his qilib turamiz. Afsuski, ayni vaqtda men «Yunayted»ning transferlaridan qoniqish hosil qildim deb ayta olmayman. Yo‘q, men bunda rahbariyatni ayblamoqchi emasman. Lekin hayot haqiqati shu. Transferlar bozorida raqobat kuchli. Ba'zi futbolchilarni olib kelishning iloji yo‘q. Avvaliga biz to‘rt futbolchini transfer qilishni rejalashtirgandik. Agar «MYu» 3 futbolchi bilan cheklansa ham, men bundan xursand bo‘laveraman».

Ma'lumot uchun, «Manchester Yunayted» yozgi transferlarda shu vaqtgacha ikki futbolchi sotib oldi: «Benfika»dan shvetsiyalik himoyachi Viktor Lindelef (35 mln yevro) va «Everton»dan belgiyalik hujumchi Romelu Lukaku (85 mln yevro). Jamoani Ueyn Runi («Everton»ga Lukaku transferi doirasida), Adnan Yanuzay («Real Sosedad»ga 10 mln yevro) va Josh Harrop («Preston») tark etdi. Jarohat tufayli safdan chiqqan Zlatan Ibrahimovich bilan shartnoma uzaytirilmadi.

Shuningdek, bir qator futbolchilar ijaradan qaytarildi: Gilermo Varela («Ayntraxt» F), Andreas Pereyra («Granada»), Kemeron Bortuik-Jyekson («Vulverhempton»). Sem Jonston («Aston Villa»), Din Henderson («Shrusberi») va Regan Pul («Northempton») ijaraga berilgan.

Shuningdek «Manchester Yunayted» «Inter»dan Ivan Perishichni sotib olishi, bu jamoaga Antoni Marsiyal yo‘l olishi kutilmoqda. 

Mavzuga oid