Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Profilaktika inspektori jinoyatni yashirsa fuqaro kimga ishonadi?
Toshkent shahar Mirobod tumanidagi savdo do‘konlaridan birining yonida fuqaro M.Jo‘rayevani Sh.Botirova kuch ishlatish yo‘li bilan uyali telefoni va boshqa narsalarini tortib olib, voqea joyidan yashirinadi. Jabrlanuvchi hududdagi ichki ishlar organi tayanch punktiga borib, bu yerda xizmat burchini o‘tayotgan profilaktika inspektori Nazirjon Usmonovga bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan ariza bilan murojaat etadi, deb yozmoqda “Postda” gazetasi.
N.Usmonov asosiy vazifasi xizmat burchini o‘tayotgan hududda tinchlik-osoyishtalikni saqlab, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish ekanini bilsa-da, ammo jinoyat haqida tushgan arizani tegishli tartibda tuman IIB navbatchilik qismida saqlanayotgan ariza va xabarlar kitobidan ro‘yxatdan o‘tkazmaydi. Noqonuniy ravishda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilib, jinoyatni hisobga olishni qasddan yashiradi.
Xalqning ishonchi va tayanchi hisoblangan profilaktika inspektorining bu ishi hali hech narsa emas ekan: Mirobod tumanidagi "Oybek" nomli mahallada olib borayotgan faoliyati davomida o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragani yetmaganday, ayrim fuqarolarning noqonuniy ishlarini qasddan yashirib, ko‘plab hujjatlarni qalbakilashtirgani oxir-oqibat uni sudning qora kursisiga yetakladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudining ayblov xulosasida ta'kidlanishicha, N.Usmonov o‘z mansab vazifasiga loqayd va vijdonsizlarcha yondashgani natijasida shu hududdagi xonadonlardan birida fohishaxona ochilishiga hamda bu yerda doimiy ro‘yxatda bo‘lmagan bir necha shaxslarning noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanishlariga yo‘l ochib bergan.
Birgina misol, A.Mansurov (ism-familiyasi o‘zgartirildi) hamyonidagi pullarini fohishaxonada faoliyat ko‘rsatayotgan qizlar o‘g‘irlab olgani to‘g‘risida tuman IIB navbatchilik qismiga ariza beradi. Mazkur ariza bo‘yicha N.Usmonov tergovoldi tekshiruv harakatlarini olib borib, g‘araz niyatda o‘z xonadonida fohishaxona tashkil qilgan hamda bu joyda noqonuniy yashab, muntazam ravishda fohishalik bilan shug‘ullanayotgan ayollarning shaxsini aniqlaydi. Biroq mansab vakolati doirasidan chetga chiqib, ularning harakatlarida Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 190-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari yo‘q deb hisoblab, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qiladi. Jinoyatni hisobga olishni qasddan yashiradi.
Shuningdek, mazkur uy kimga tegishli ekanligini aniqlamasdan, turar joyga umuman aloqasi bo‘lmagan, lekin o‘zini shu xonadon egasi deb tanishtirgan X.Ramazanova nomidan tushuntirish xati olib, uning o‘rniga o‘zi imzo chekib, hujjatni qalbakilashtirgan.
Bulardan tashqari, profilaktika inspektori “Pasport-viza” tartiboti bo‘yicha o‘z hududida tadbir o‘tkazayotganida xonadonlardan birida Toshkent shahrida doimiy ro‘yxatda turmagan fuqarolar istiqomat qilayotganini aniqlaydi. Lekin shunday muhim jarayonda tegishli tartibda ma'muriy bayonnomani to‘ldirmasdan, ushbu xonadonga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan shaxs nomidan takroran qalbaki yozuvlar kiritadi va uning nomidan o‘zi imzo chekib, rasmiy hujjatni soxtalashtiradi.
Sudning ayblov xulosasida ko‘rsatilishicha, uning faoliyati tekshirilganda, yuqorida keltirilgan dalillardan tashqari, o‘ttizga yaqin ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomalarda ko‘rsatkichlar sun'iy ravishda oshirib yozilgani, soxta ma'lumotlar kiritilgani o‘z isbotini topdi.
Mavzuga oid
10:25 / 18.06.2026
Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish bo‘yicha DXSh bitimi imzolandi
11:35 / 17.06.2026
Toshkent dunyoning eng tez o‘zgarayotgan shaharlari qatoriga kirdi
16:28 / 13.06.2026
Toshkentda yo‘l talashgan haydovchi ikkinchi haydovchiga tayoq bilan hujum qildi
20:06 / 10.06.2026