Jamiyat | 20:55 / 24.07.2017
57399
11 daqiqa o‘qiladi

Xalq sarson: Mutasaddilar, gapiringlar, o‘quvchi maktabda qolsinmi yoki kollejga borsin?

Ma'lumki, Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning iyun oyida Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 78-umumta'lim maktabiga tashrifi davomida tajriba sifatida ushbu maktabda 11 yillik ta'limni tiklash taklifini bildirgan edi.

So‘ngra Toshkent shahridagi umumta'lim maktablari bitiruvchilarining ota-onalari o‘rtasida bolalarining maktabda yoki kasb-hunar kollejida o‘qishini davom ettirish borasida so‘rovnoma tashkil etilgan, so‘rovnomada aksariyat (83 foiz) ota-onalar maktablarda 10-11-sinflar tiklanishini yoqlab ovoz berishgan edi.

O‘zbekiston xalq ta'limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sobitxon Turg‘unov 11 yillik ta'lim O‘zbekistonning ba'zi maktablarida eksperiment tarzida qayta tiklanishi, 20 kun ichida hukumat tomonidan tegishli qaror qabul qilinishi haqida ma'lumot bergandi.

Bu orada qator kollej va litseylarda hujjatlarni qabul qilish vaqtinchalik to‘xtatilgani e'lon qilindi. Biroq bu noto‘g‘ri ma'lumot ekanligi, kollej va litseylar yopilishi yolg‘on ekanligi, ular avvalgidek o‘quvchilar qabul qilishda davom etishi haqida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'lim markazi direktori Murodulla Xolmuhammedov ma'lum qilgan edi.

To‘g‘ri, ayrim ota-onalar farzandi o‘z uyiga yaqinroq joydagi maktabda o‘qishini istashmoqda. Maktablar esa qo‘shimcha sinflar evaziga dars soatlarining ko‘payishi, o‘qituvchilarga qo‘shimcha ish paydo bo‘lishi tufayli litsey yoki kollejga yo‘l olgan o‘quvchilarga 9-sinfni tamomlaganlik haqidagi shahodatnomani berishni paysalga olishmoqda. Shoshib kollejga hujjat topshirib qo‘yganlar ham bor, ular maktabda o‘qishni istashsa, kollejdagilar ham o‘quvchi soni uchun kurashib, ularning hujjatlarini qaytarib berishmayapti. Qay bir kollej o‘quvchilarni jalb qilish uchun «tekin haydovchilik guvohnomasini beramiz», deb aldashgan.

Bu borada tahririyatimizga juda ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Maktublardan ko‘rinib turibdiki, «epidemiya» ayniqsa yurtimizning turli go‘shalaridagi o‘quv maskanlarida avj olgan, ta'lim sohasi xodimlari prezident taklifini o‘ta noto‘g‘ri talqin qilib, o‘quvchilar va ota-onalar o‘rtasida antiagitatsiya olib borishmoqda.

Keling, ularning ayrimlaridan parchalar bilan tanishing.

«Ayrim kollejlar tomonidan ota-onalar va o‘quvchilar orasida noto‘g‘ri tushuntirish ishlari olib borilayapti. Xuddi o‘quvchi kelmasdan, koleji yopilishidan qo‘rqib ketgan direktorlar nima qilib bo‘lsa ham bola olib kelishga urinishmoqda. Har bir o‘qituvchiga «2-3 nafardan o‘quvchi topib kelmasang — ishdan bo‘shatilasan», degan shart qo‘yishmoqda. Aslida, bu tanlov erkin bo‘lishi kerak emasmi? Ota-onalar kollej uzoqdaligidan farzandi nazoratsiz qolib ketishidan qo‘rqib, yuborgisi kelmayapti. «Bolam yonimda o‘qisin», deydi. Yana har kuni qatnab o‘qishi kerak. Ba'zilar oldin kollejga topshirgan, maktabda 10-sinf ochilishini eshitgandan so‘ng, hujjatini olgani borsa — kollejdan turli bahonalar bilan qaytarib yuborishayapti. Odamlarni sarson qilishayapti, xullas».

«9-sinf bitiruvchilari o‘zlari xohlagan akademik litsey yoki kasb-hunar kollejlarida ta'lim olishlari uchun hujjatlarini topshirgan, lekin keyingi vaqtlarda 11-sinf qayta tiklanishi tufayli maktablarda kamida 1-2 ta sinf shakllanishi shart, deb maktablar tomonidan kollej va akademik litseylardan hujjatlar majburan olinyapti. Bu qanchalik to‘g‘ri yoki asosli ekanligiga o‘ylanib qolasan, kishi. 11-sinf butun mamlakat bo‘ylab qayta tiklanishi haqida qandaydir rasmiy hujjat bormi o‘zi? Bir oydan ko‘proq vaqt qoldi, 11-sinf bazasi uchun moddiy texnika, darsliklar, o‘qituvchi murabbiylar yetishmaydi-ku?! Shu kabi masalalarni yechish uchun xalq ta'limi vazirligi OAV orqali xalq bilan ochiq muloqotga chiqib savollarga batafsil javob bera oladimi?» — deb yozadi Kamoliddin ismli mushtariyimiz.

«Ismi-sharifim sir qolishini iltimos qilaman. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tashabbuslari bilan 11 yillik maktab ta'limi tajriba sifatida tashkil qilingani quvonarli holat, albatta. Sababi o‘zim ham 11 yillik ta'lim tizimida qadrdon sinfdoshlarim davrasida o‘qiganman va oliygohga o‘qishga kirib, hozirda kollejda bo‘lim boshlig‘i vazifasida ishlamoqdaman. Sizlarga murojaatim sababi shuki, prezidentimiz taklifiga ko‘ra, o‘quvchi xohlasa 11-sinfda, xohlasa kollej yo akademik litseyda o‘qishi mumkin. Lekin xalq ta'limi tizimi xodimlari sun'iy ravishda ota-ona va o‘quvchilar miyasiga «ayrim kollejlar yopilyapti, 11-sinfga qaytib o‘qi», degan fikrlarni singdirmoqda. Vaziyat bo‘yicha OO‘MTV o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi direktori M.M.Xolmuhammedov ham rasman javob bergan edi. Qo‘qon shahridagi xalq ta'limi bo‘limi xodimlari tomonidan «5 ta kollej yopilyapti, uni o‘rnida O‘IChK bo‘lyapti, hujjatlarni olib kelinglar», deb 9-sinf kuratorlarga noqonuniy topshiriqlar berilyapti. Ota-ona va farzandining roziligisiz, kollejda o‘qishini xohlasa ham kollejga kelib, «hujjatlarni bering, kollejlaring yopilyaptikan, direktorimiz aytdi», deya 9-sinf kuratorlar kelishyapti. Ota-ona va farzandning roziligisiz biz hujjatlarni bermaymiz, desak, «Prezident qaroriga qarshimisiz?» degan so‘zlar bilan javob qaytarishmoqda. Vaholanki, ular prezident taklifi va hukumat qarorlarini noto‘g‘ri talqin qilishmoqda. Ushbu masala yuzasidan amaldagi qaror, qonunlar doirasida biror maqola yozib chiqarishingizni so‘rayman».

«Men Toshkent viloyatining Bekobod tumanida yashayman. Bizning tumanimizdagi ba'zi maktablarning 11-yillik ta'lim bo‘yicha olib borayotgan ishlari qonun doirasida emasligi, maktab xodimlari 9-sinf bitiruvchilariga 11 yillik ta'limning majburiyligi va u hech qanday kollejga o‘qishga topshira olmasligi haqida «tushuntirish» ishlarini olib borishayotganligi haqida eshitib qoldim. Bu holat bo‘yicha ishlar qanday tashkil qilinishi kerak? O‘qishni qayerda davom ettirishni o‘quvchining o‘zi va ota-onasi hal qilishlari kerak emasmidi? Aynan «Oybek» fermerlar uyushmasida joylashgan maktablarda xuddi shu ishlar sodir bo‘lmoqda».

«Men Avazjon Hamraliyev, Farg‘ona viloyati, Rishton tumanida yashayman. Sizlarga maktub yozishimdan asosiy maqsad, oldingi yangiliklarda 9-sinfni bitirgan maktab o‘quvchilari o‘zlari xohlagan o‘quv maskanlariga hujjatlarini topshirishlari va ularning xohish-istaklariga hech kimning aralashishiga haqi yo‘qligi bot-bot ta'kidlab o‘tilgandi. Shuningdek, tumanlarda faqat bir-ikkita maktablarda 10-11-sinflarni ochish eksperiment tariqasida ko‘rib chiqiladi, deyilgandi. Lekin kuni-kecha barcha maktablarga 10-11-sinflarni ochishga ruxsat berilganining guvohi bo‘ldim. Eng achinarlisi — maktab o‘qituvchilari o‘quvchilar va ularning ota onalarini aldab «kollejlar berkiladi», «Kollejlar bir yillik bo‘ladi», «Kollejni bitirsang — oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirolmaysan», degan yolg‘on ma'lumotlarni tarqatmoqdalar. Bu o‘z navbatida, yurtimiz kelajagi bo‘lmish yoshlarni ongli ravishda qabul qiladigan tanlovlaridan mahrum qilmoqda. Hurmatli Kun.uz saytining jonkuyar ijodkorlari. Ushbu masalaga oydinlik kiritib, ham o‘z fikrlaringizni bayon qilsalaringiz».

Maktublardan ko‘rinib turibdiki, ayrim maktablarda ishlovchi xodimlar quyushqondan chiqib bo‘lishibdi. Lekin ular ham o‘zlaricha mustaqil qaror qabul qiladigan odamlar emas. Buyruqni bajarishyapti. Maktab o‘qituvchisiga «chopiqqa, chekankaga chiq», deyilsa ketmonni ko‘tarib, dalaga chiqib ketaveradigan xalq. Hech shubha yo‘qki, bu borada Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani XTB mudirasi Nafisa Nishonova ta'kidlaganidek, «eng birinchi vazifasi qishloq xo‘jaligi», bo‘lgan tuman xalq ta'limi bo‘limlaridan antiagitatsiya olib borish borasida ularga aniq ko‘rsatma berilgan.

Kollejlar esa rostdan ham o‘quvchilarsiz yopilib ketishdan tahlikada. «Yotib qolguncha otib qol» qabilida ish ko‘rishga majbur. Kollej direktorlari o‘qituvchilarga o‘quvchi topib kelish majburiyatini yuklagan. Qarindosh-urug‘i, tanish-bilishi — xullas, dars olaman, desang kimni bo‘lsa-da olib kel, degan vazifa qo‘ygan.

Aslida, hammasi o‘quvchilarning erkin tanlovi va raqobat asosida ro‘y bermog‘i kerak emasmi?

Bizning Xalq ta'limi vazirligiga ham, Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vazirligiga ham bu boradagi murojaatlarimiz javobsiz qolmoqda. Hech kim Prezident taklifi bo‘yicha bor mas'uliyatni o‘z bo‘yniga olib, aniq bir gapni aytishni istamayapti. Oliy va o‘rta maxsus ta'limi vazirligidagilar ham konkret javobdan o‘zlarini olib qochishyapti. Toshkent shahrida o‘tkazilgan, ota-onalarning 83 foizi maktabda 11 yillik ta'limning tiklanishi roziligidan bo‘lak aytarli biror hujjat, asosning o‘zi yo‘q hozircha. Hamma ish zimdan bajarilayotgandek.

Lekin juda jiddiy masalani o‘zibo‘larchilik holatiga tashlab qo‘ymaslik kerak, nazarimda. Mavjud muammoni ko‘rib, ko‘rmaslikka olish uni yechish degani emas-ku?

Eng yaxshi yo‘l — Xalq ta'limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta ta'lim vazirligidagi mutasaddi rahbarlari qo‘shma brifing o‘tkazishsa, jurnalistlar oldida aniq dasturlari va rejalari bilan o‘rtoqlashishsa. Beriladigan savollar juda ko‘p.

Xalq hazilakamiga sarson bo‘lmayapti axir? Biror narsa desalaringiz-chi, mutasaddilar?

Shuhrat Shokirjonov,
jurnalist.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid