O‘zbekiston | 00:34 / 10.07.2017
23236
2 daqiqa o‘qiladi

So‘rovnoma natijasi: Ota-onalarning 83 foizi farzandining 10-sinfda qolishi tarafdori

Xalq ta'limi vazirligi boshqarma boshlig‘i H.Daminov Xalqaro Press-klubda bugungi kunda ko‘pchilik muhokamasida bo‘lgan umumiy o‘rta ta'lim maktablarida 10- va 11-sinflarni joriy qilish masalasida ma'lumot berdi. 

"Xabaringiz bor, yurtboshimiz Uchtepa tumaniga tashrif doirasida va yaqinda bo‘lib o‘tgan "Kamolot" YoIHning to‘rtinchi qurultoyida 11 yillik umumiy o‘rta ta'limni joriy qilish bo‘yicha taklif berdilar. Bu borada biz joriy yilda 9-sinf bitiruvchilari va ularning ota-onalari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdik. So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 83 foiz respondent farzandining nazorati va tarbiyasi nuqtai nazaridan 10-sinfda ta'limni davom ettirishini yoqlashdi. 

Bugungi kunda bunga tayyorgarlik ishlari olib borilyapti. Albatta, bu umumiy o‘rta ta'lim maktablaridagi o‘rinlar, hisob-kitoblar ishchi guruh tomonidan o‘rganilyapti. Hozirgi vaqtda nafaqat 10- 11-sinf, balki farzandlarimizga kasb-hunar o‘rgatish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois maktablar qoshida o‘quv-ishlab chiqarish majmualarini tashkil qilish yoki yaqin orada joylashgan kasb-hunar kollejlarida chuqur bilim talab qilmaydigan kasblarni o‘rgatish imkoniyatlari o‘rganilmoqda. 

Bu o‘rganishlar natijasida yangi o‘quv yiliga qadar 10-sinfda yoki o‘rta-maxsus ta'lim muassasalarida ta'limni davom ettiradiganlarni o‘quv qo‘llanmalari bilan ta'minlash borasida faoliyat olib borilmoqda va bu borada hukumatning qaror loyihasi ham tayyorlanmoqda", - dedi Xalq ta'limi vazirligi vakili. 

Mavzuga oid