Jamiyat | 19:39 / 24.07.2017
15032
3 daqiqa o‘qiladi

Noqonuniy ravishda yer qa'ri va noruda foydali qazilmalarni qazib olganlar fosh etildi

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan navbatdagi ekologik reyd tashkil qilindi. Bu haqda Kun.uz’ga Davlat ekologiya qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Reyd Toshkent viloyati Pskent va O‘rta Chirchiq tumanlari hududidan oqib o‘tuvchi Ohangaron daryosi o‘zanlarida bo‘lib o‘tdi.

Daryo o‘zanlarini tozalash va daryo qirg‘oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish borasidagi qonunchilikni o‘rganish asnosida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlari tomonidan davlat ekologik ekspertizasi xulosasi hamda ruxsatnomasiga ega bo‘lmay turib, noqonuniy ravishda yer qa'ri va noruda foydali qazilmalarni qazib olish ishlari amalga oshirilayotgani ayon bo‘ldi.

Misol uchun xo‘jalik sub'yekti tomonidan yer sathidan balandligini o‘lchovchi nuqta (reper) o‘zan tozalash va to‘g‘rilash ishlarini boshlash joyining o‘ng va chap qirg‘oqlarida o‘rnatilmagan, zarur belgilar bilan jihozlanmagan hamda daryo o‘zanida olib boriladigan chora-tadbirlar ishlab chiqilib, Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bilan kelishilmagan.

Mazkur xatti-harakatlar O‘zbekiston Respublikasining “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida” hamda “Ekologik ekspertiza to‘g‘risida”gi Qonun talablari va boshqa normativ-huquqiy aktlarning qo‘pol ravishda buzilishiga olib kelmoqda.

Reyd davomida xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar rahbarlariga amaldagi qonunchilik talabida o‘z korxonalarining faoliyatlarini belgilangan tartibda tegishli ekologik me'yoriy hujjatlar bilan ta'minlashga doir yozma ogohlantirishlar berildi.

Bundan tashqari, ekskavator haydovchilari R.Berdiyev, Q.Odilovlar  va yuk avtomashinasi haydovchilari J.Tillayev, D.Ikromovlar (ism-shariflari o‘zgartirilgan) belgilanmagan joylardan qum-shag‘al qazib olayotgan hamda tashib ketayotgan paytda Toshkent viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari tomonidan to‘xtalib, qonunchilikda belgilangan hujjatlar rasmiylashtirildi. Ular O‘zbekiston Respublikasi MJtKning tegishli moddalari bilan ma'muriy javobgarlikka tortildi.

Mavzuga oid