Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Toshkent markazidagi qurilish aholining noroziligiga sabab bo‘ldi. Voqea qanday yechim topadi?

Kun.uz tahririyati ayni kunda aholi murojaatlari bilan ishlashga alohida ahamiyat qaratmoqda. Imkoni boricha har bir murojaatni e'tiborga olishga harakat qilyapti.
Elektron pochtaga kelgan ana shunday murojaatlardan birini o‘rganish uchun ijodiy jamoa bilan Toshkent shahri Mirobod tumaniga yo‘l oldik.
Murojaat Toshkent shahri Mirobod tumani Chimkent ko‘chasi 1, 3, 5 uy hamda Buyuk Turon ko‘chasi 73 uyda yashovchi aholidan kelib tushgan bo‘lib, unda bayon etilishicha, o‘zlari yashayotgan ko‘p qavatli uylar orasiga qurilayotgan 3 qavatli savdo markazi yuzasidan shikoyat qilishgan. Aytilgan manzil bo‘yicha yetib borganimizda, aholi noroziligi bo‘yicha hokimlik komissiyasi guruhi mazkur qurilish ishlarini o‘rganayotganligiga guvoh bo‘ldik. Ammo negadir bizni aholi bilan muloqot qilishimizga norozi kayfiyatda bo‘lishdi va hamda turli vajlar bilan qarshilik qilishdi.

Mirobod tumani hokimi o‘rinbosari sayt jurnalistlaridan videokamerani o‘chirishni, hujjatni ko‘rsatishni talab qilib, ijodiy guruh xodimlariga sensirab murojaat qildi. “Rasmiy ruxsati yo‘q, olib chiqib ketinglar”, deb huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlariga yuzlandi. Aftidan, hokim o‘rinbosari xalq murojaati asosida voqea joyiga chiqib, vaziyatni o‘rganish maqsadida bo‘lgan jurnalistga hech qanday tashkilotdan ruxsat olish talab etilmasligini bilmaydi chog‘i.
Umuman olganda qiziq savol tug‘iladi. Aholi manfaatlarini ko‘zlagan komissiya nega bunchalik ijodiy guruhning kelishidan norozi. Komissiyaning vazifasi nima? Xalq bilan uchrashishimizga qarshilik qilgan Mirobod tumani hokimi o‘rinbosari Alisher Nabiyev komissiya a'zosimi yoki komissiyaga hamrohmi. Nega bunchalik ommaviy axborot vositasi faoliyatidan bezovta bo‘lmoqda? Bu savollar hozircha jumboq! Muhimi aholi bilan muloqot qila oldik.

“Bizning e'tirozimiz shunday. Bu yerda guzar qurilmoqda, guzarga hech qanday e'tirozimiz yo‘q edi. 4 ta uy to‘g‘risida qurilish ketmoqda. Kun issiq, ekologiya og‘ir. Juda katta daraxtlarni kesib tashlashdi. Bu yerga tushib biroz dam olardik. Endi hamma joy tuproq, chang. Bu masala bo‘yicha juda ko‘p joyga murojaat qildik. Hokimiyatga uch marotaba, Prezident devoniga, Xalq qabulxonasiga ikki marotaba bordik. Biroq, hech narsa o‘zgarmadi. Ular qurilishni to‘xtatmayapti. Qurilish kechasi bilan davom etadi. Ertalab yana soat 6dan beri ishlashadi. Bu yerga na yong‘in xizmati mashinasi, na tez tibbiy yordam mashinasi kira oladi. Komissiya o‘zi bugun keldi”, - deydi mahalliy aholi vakillari.



Aslida fuqarolar ko‘p qavatli uylar orasiga mahalla guzari qurilishidan norozi emas. Noroziligi mahalla guzari yoniga tushayotgan binoning qurilishi. Boisi aholi uyi atrofidagi bolalar maydonchasi yo‘q bo‘ldi, tarixdan yodgor azim chinorlar kesildi, bolalarning quvonchi bo‘lgan suv havzasi buzildi. Endi bularning o‘rnida baland inshoot qad rostlamoqda.
Haqiqatdan ham mazkur qurilish aholiga qulaylik yaratishga xizmat qilmasligi kundek ravshan. Eng muhimi, mazkur qurilish ishlari boshlanganidan bir oy o‘tib hokimlik ruxsati taqdim etilmoqda. Yana bir gap, Prezident tavsiyasi bo‘yicha guzarlarning qad rostlashidan asosiy maqsad aholi uchun qulaylik yaratish va milliy qadriyatlarimizni tiklash. Qariya va keksalarimizning duolarini olish. Hozir bularning aksi bo‘lmoqda.

Ijodiy jamoa bilan mazkur holat bo‘yicha suhbat qilgan mutasaddilar tasdiqlanmagan axborot berdi va mazkur lavhani tanqidiy ruhda bermaslikni iltimos qildi. Ya'ni, mazkur qurilish ishlarini olib borayotgan tadbirkorga mahalla guzarini qurishga homiylik qilayotgani uchun savdo markazi qurishga ruxsat bergan. Bu axborot shaffof yoki mish-mish ekanligini bilmaymiz. Muhimi, aholi dardi tinglandi va komissiya mazkur holatni o‘rganmoqda. Voqealar rivojini kuzatamiz.
Tuzatish: Keyinchalik ma'lum bo‘lishicha, ko‘p qavatli uylar orasida mahalla guzari yonida yuqoridagi videoda jurnalist aytganidek, uch qavatli savdo markazi emas, ofislar hamda o‘quv markazi uchun bino qurilmoqda. Qolaversa, ayni vaqtda tegishli tashkilotlar ushbu murojaat bo‘yicha shug‘ullanmoqda.
Mavzuga oid
10:25 / 18.06.2026
Toshkentning yangi xalqaro aeroportini qurish bo‘yicha DXSh bitimi imzolandi
11:35 / 17.06.2026
Toshkent dunyoning eng tez o‘zgarayotgan shaharlari qatoriga kirdi
16:28 / 13.06.2026
Toshkentda yo‘l talashgan haydovchi ikkinchi haydovchiga tayoq bilan hujum qildi
20:06 / 10.06.2026