10:26 / 25.07.2017
21289

1 avgust kuni Toshkentda jamoat transporti soat 4:30dan ish boshlaydi 

Foto: Toshshahartransxizmat

Bugun O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida umumiy videoselektor majlis bo‘lib o‘tmoqda. Majlisda prezidentning «2017-18 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalariga qabul to‘g‘risida»gi qarori va «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlarini isloh qilish va yanada rivojlantirish vazifalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risida»gi qarori ijrosi bo‘yicha vaziyat muhokama etilmoqda.

Kun.uz muxbiri bergan ma'lumotga ko‘ra, majlisda Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov test sinovlari o‘tadigan 28ta oliy, 61ta umummaktab, 31ta akademik litseyda 142 ta bino va 5832 ta auditoriya belgilab olingani haqida ma'lumot bergan. Bu boradagi tegishli ishlarga hokimlik mas'ul xodimlari biriktirilgan. 29 iyul kunigacha barcha joylarda tayyorgarlik bo‘yicha dalolatnomalar tuziladi. 30 iyul kuni soat 10:00da tayyorgarlik mashg‘uloti o‘tkaziladi. Bundan tashqari, hokim bosh vazirdan 1 avgust kuni Toshkentdagi jamoat transporti o‘z ishini soat 4:30dan boshlashi haqida ruxsat so‘ragan. Aripov bunga ruxsat bergan. Toshkentda test sinovlarini o‘tkazish bo‘yicha xavfsizlikni ta'minlash maqsadida 5 mingdan ortiq ichki ishlar xodimlari, 140 ta xizmat transportlari, 1,5 mingga yaqin metall detektorlar ajratiladi.

Aripovning aytishicha, test o‘tadigan obektlar bo‘yicha kamchilik qator oliy ta'lim muassasalarida mavjud. Xususan, abituriyentlar sonining rejadan ortiq o‘sishi hisobga olinmagan va test sinovlariga zarur bo‘lgan bino hamda auditoriyalar tayyorlanmagan OTMlar qatorida Qarshi davlat universiteti, NamDU, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent moliya instiuti, Toshkent davlat stomatologiya instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti tilga olingan.  

Top